Qashqadaryoda kommunal xizmatlar va infratuzilma holati tahlil qilindi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan “Kommunal infratuzilmani rivojlantirish va aholiga munosib xizmat ko‘rsatish istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan kommunal xizmatlar sifatini oshirish, ichki yo‘llar hamda hududlar infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi har bir hududda munosib hayot kechirish uchun sharoit va imkoniyat yaratilishi lozim, deb hisoblashi ta’kidlandi. Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz barqaror yetkazib berilishi, ichimlik suvi ta’minoti, ichki yo‘llarning yaxshi holati, xalqimiz har kuni birinchi o‘rinda mana shu xizmatlarga ehtiyoj sezadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2521 ta ko‘p qavatli uylar bo‘lib, bugungi kunda ularga 69 ta boshqaruv servis kompaniyalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Keltirilishicha, hududda kommunal xizmatlar, uy-joy, ichki yo‘llar va hududlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq aholi murojaatlari sohada hali yechimini kutayotgan qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha shikoyatlar 22 foizga, elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlar 98 foizga, xotin-qizlarning uy-joylarini ta’mirlash masalalari bo‘yicha murojaatlar esa 180 foizga oshgan. Bu raqamlar kommunal xizmatlar sifati va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Muhokamalarda yosh oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarni arzon uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, muloqotda shahar va qishloqlaridagi ichki yo‘llar, ayrim mahallalarga olib boruvchi asosiy yo‘llarning ta’mirtalab holati aholi erkin harakatlanishi uchun jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgani qayd etildi.

Davra suhbatida kommunal xizmatlar sifatini oshirish va hududlar infratuzilmasini yanada rivojlantirish aholi turmush farovonligini ta’minlashda eng muhim omillardan biri ekanligi ta’kidlandi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari bildirilgan taklif va mulohazalar asosida kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda infratuzilmani yaxshilash borasida mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlashdi.

Shuningdek, aholi murojaatlarini tizimli tahlil qilish, aniqlangan muammolarga manzilli yechim ishlab chiqish va ijrosini parlament hamda jamoatchilik nazorati orqali ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish