O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jalaquduq tuman kengashi raisi, xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati O. Nosirov tumandagi 25-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish davomida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, profilaktik ko‘riklar hamda dispanser nazoratini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, bemorlarni qabul qilish sifati, tibbiy xizmatlarning o‘z vaqtida ko‘rsatilishi va aholi uchun yaratilgan sharoitlar ko‘rib chiqildi.
Mas’ullar bilan suhbatda poliklinikadagi dori vositalari zaxirasi, ularni saqlash va aholiga belgilangan tartibda yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Dori vositalari ta’minotining uzluksizligini ta’minlash, ulardan maqsadli va oqilona foydalanish hamda ehtiyojmand fuqarolarga ijtimoiy dorilarni o‘z vaqtida yetkazib berish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining mehnatga munosabati, bemorlar bilan muomala madaniyati va tibbiy etika qoidalariga rioya etishi ham o‘rganildi. Har bir murojaatga e’tibor bilan yondashish, bemorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Muassasadagi ijro intizomi, topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi, hujjatlarni yuritish, navbatchilikni tashkil etish hamda ichki mehnat tartibiga rioya qilish holati ham ko‘rib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.