O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifini Seulda yashayotgan o‘zbek sifatida kuzatar ekanman, bu tashrifning siyosiy ahamiyati bilan bir qatorda, uning insoniy va ma’naviy ta’sirini ham chuqur his qildim.
Bu yerdagi vatandoshlar bilan uchrashuv juda samimiy ruhda o‘tdi. Bugungi kunda Koreya Respublikasida 110 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilmoqda. Ular orasida 20 mingga yaqinini talaba-yoshlar tashkil qiladi. Bu yerdagi har bir vatandoshimiz ma’lum ma’noda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ushbu tashrif doirasida fan, ta’lim, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida O‘zbekiston – Koreya hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuv va tashabbuslar ilgari surilayotgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari xorijda bilim va tajriba orttirayotgan yoshlarimizga katta ishonch bildirib, ularni yangi bilim va tajribasi bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishga chorlagani ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.
Shu o‘rinda “Muallim - muallim, ta’lim - ta’lim” tamoyiliga alohida e’tibor qaratilgani ham ta’lim va inson kapitali davlat taraqqiyotining eng muhim omili sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi.
Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanmoqda. Kelgusida esa sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Eng muhimi, bu hamkorlikning markazida inson, uning bilim va salohiyatini yuksaltirish g‘oyasi turibdi.
Marjona Qiyomova,
Janubiy Koreyaning Yonsei universiteti magistranti,
O‘zbekiston XDP yoshlar faoli.