O‘rol O‘ROZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi:
— Prezidentimiz parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida deputatlar joylardagi Xalq qabulxonalariga tushayotgan murojaatlarni o‘rganib, hal etishga alohida e’tibor berishi muhimligini ta’kidlangan edi.
Haqiqatan ham deputatlarimiz amalda saylovchilar murojaatlari bilan doimiy shug‘ullanishi, o‘z hududida yashayotgan aholining muammolariga yechim topishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerak. Shunda deputat xalqqa bergan va’dasi ustidan chiqadi, aholi ishonchini oqlaydi, mehrini qozonadi.
Xalq demokratik partiyasi deputatlari ham saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada aniq dastur va “yo‘l xarita”larini ishlab chiqish hamda ularni mutasaddi idoralar bilan hamjihatlikda muhokama etishda joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan Xalq qabulxonalari bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Shu yilning 5 mart kuni Prezidentimizning Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi bilan O‘zXDP viloyat kengashi o‘rtasida hamkorlikka oid kelishuv imzolandi. Shuningdek, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari Jizzax viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari bilan birgalikda davlatimiz rahbarining viloyatdagi Xalq qabulxonalarida jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish va ularning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha o‘z faoliyatlari yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab olishdi.
Joriy yilning 16 martidan 18 mayigacha bevosita Xalq qabulxonalariga karantin bilan bog‘liq 639 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 36 tasi oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lib, homiylik yordami markazlariga ijro uchun taqdim etildi. O‘sha kunlari murojaatlarning 299 tasi (88,9 foizi) hamkorlikda hal etildi. Qolgan 37 ta shu kabi murojaatlarning hal etilishi nazoratga olingan va ijrosini ta’minlash ustidan ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, karantin davrigacha ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan kelib tushgan 1073 ta murojaatning bevosita oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq 624 tasi homiylik yordami markazlariga taqdim etilib, barchasi ijobiy hal etildi.
Shuni ta’kidlash joizki, Xalq qabulxonalarining hududdagi davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.
Masalan, G‘allaorol tumani Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan pandemiya davrida og‘ir ahvolga tushib qolgan kam ta’minlangan, nogironligi bor fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, kommunal to‘lovlarida bo‘lgan qarzdorligini qoplab berish maqsadida homiylar hisobidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq xayriya jamg‘armasining Agrobank G‘allaorol tuman filialidagi hisob raqamiga 2,5 mln. so‘m pul mablag‘i o‘tkazib berilgan.
Arnasoy tumani Cho‘lquvar QFYda yashovchi fuqaro Latofat Ravshanova karantin tufayli oziq-ovqat va un mahsulotlari bilan ta’minlashda amaliy yordam berishni so‘ragan. Ushbu murojaat asosida uning xonadoniga oziq-ovqat va un mahsulotlari yetkazib berildi. Sh. Rashidov tumani Katta qishloq mahallasida yashovchi fuqaro O. Tirkashev ham murojaat qilib, oilasida karantin tufayli xech kim ishlamayotgani, oila daromadi yo‘qligi bois oziq-ovqat mahsulotlariga katta ehtiyoj paydo bo‘lgani uchun yordam so‘ragan. Fuqaroning xonadoniga zudlik bilan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishi ta’minlandi. Jizzax shahar Sayiljoy MFY Bo‘ston ko‘chasi 5 yotoqxonada yashovchi U. Karimova karantin tufayli oilaviy sharoiti og‘irlashib qolgani, oziq-ovqat va moddiy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan. Murojaat tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, fuqaroning xonadoniga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi hamda 2020 yil 1 maydan moddiy yordam puli berish belgilandi.
Forish tumani Qoraobdol ota MFYda yashovchi A. Himmatov murojaatida mahalla aholisiga un mahsuloti yetkazib berilishida amaliy yordam so‘ralgan. Murojaat tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilib, yakka tartibdagi tadbirkor G. Ismoilova tomonidan qishloq aholisiga 17 tonna un yetkazildi.
Xalq qabulxonalarining ma’lumotlari asosida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati ko‘rsatayotgan yordam doirasida Zarbdor tumanidagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 81 nafar fuqaroning elektr energiyasi va tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligini qoplash uchun 13 mln. 300 ming so‘mlik homiylik yordami ularning abonent raqamlariga o‘tkazib berilgan.
Karantin davrida oziq-ovqat, dori-darmonga muhtoj, o‘ta og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolar (oilalar) bilan bog‘liq murojaatlar Karantin davrida xayriya ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Komissiyasiga holatning haqqoniyligini o‘rganish va belgilangan tartibda yordam ko‘rsatish uchun taqdim etib borilmoqda. Bundan tashqari, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy himoyalash maqsadida Xalq qabulxonasi ma’lumotnomalari asosida (murojaatlar, sayyor qabullar, uyma-uy yurish va h. k) hududdagi eng nochor, ijtimoiy ahvoli o‘ta og‘ir fuqarolar (oilalar) ro‘yxati ushbu Komissiyaga taqdim etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning 11 may holatiga ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami 21418 ta oilaga yordam ko‘rsatildi. Ushbu oilalarga 46237 kg yog‘, 105875 kg un, 39514 kg shakar, 45017 kg makaron, 4189 kg mol go‘shti, 3941 kg tovuq go‘shti, 69785 kg kartoshka, 32914 kg piyoz, 45050 kg guruch tarqatildi.
Xalq qabulxonalari bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlarining hamkorlik faoliyati davom ettirilmoqda. Maqsadimiz, hozirgi sharoitda daromadini yo‘qotgan oilalarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.