Farmon va qarorlar joylarda qanday ijro etilmoqda?
Farmon va qarorlar joylarda qanday ijro etilmoqda?

 

Bugun pandemiya, koronavirus, COVID-19 so‘zlarini eshitmagan va uning ma’nosini bilmagan odam topilmasa kerak. Bu balo odamzotga katta tashvish keltirdi. Shu bilan birga, hayot qadri haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rishga o‘rgatdi. Ayni chog‘da o‘zimizni himoyalash, karantin sharoitida belgilangan tartib-qoidalarga rioya etishga ko‘nikma hosil qildik. Afsuski, ko‘rinmas dushman hamon insoniyatga xavf solib turibdi.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ushbu murakkab davrdan eng kam talofatlar bilan chiqish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ijtimoiy barqarorlikni saqlashga qaratilgan bir necha muhim qaror va Farmonlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda aholiga har tomonlama yordam ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga turli imtiyoz va yengilliklar berish o‘ta dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar sifatida belgilandi.

Endilikdagi vazifa esa ularning joylardagi ijrosini o‘rganish va nazorat qilishdan iboratdir. Bu borada deputatlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklanadi. Shu bois tadbirkorlarga berilgan imtiyozlardan qay darajada foydalanilayotgani, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash masalalarini o‘rganish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi. Ular zimmasiga xalq bilan muloqot qilib, yaqindan o‘rganishlar olib borish vazifasi yuklatildi.

Ishchi guruhi a’zolari joriy yil 15-25 iyun kunlari Samarqand viloyatida bo‘lib, aholining turmush darajasi, yashash tarzi bilan yaqindan tanishdi. Kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning haqiqiy holati o‘rganildi. Joylarda aholi vakillari, fermer va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Komissiya tomonidan tahliliy o‘rganish natijalari 2020 yilning 26 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi yig‘ilishida muhokama etildi. Onlayn videomuloqot shaklida o‘tgan yig‘ilishda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, sektorlar rahbarlari, xalq deputatlari viloyati Kengashida tuzilgan komissiyalar raislari, viloyatdagi mutasaddi idoralar vakillari masofadan ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov hozirgi sharoitda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga to‘xtalib, Prezidentning inqirozga qarshi choralar dasturi davlatimiz ijtimoiy mas’uliyatining yangi standartini shakllantirishga turtki bo‘lishini ta’kidladi. Qayd etildiki, pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholiga manzilli yordam berish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini tizimli bajarish har qachongidan ham ko‘proq talab etiladi. Mavjud kamchiliklarni hal etishga yaqindan ko‘maklashish parlament zimmasidagi mas’uliyatli vazifa bo‘lib, deputatlar hududlardagi hayotni chuqur o‘rganish orqali, real muammolar yechimiga hissa qo‘shishi zarur.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari Ulug‘bek Inoyatov tahliliy o‘rganish natijalari, viloyatdagi umumiy holat, yechimini kutayotgan muammolar haqida ma’lumot berdi.

Samarqand viloyatida koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, uning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ijrosi alohida nazoratga olingani aytib o‘tildi.

Viloyatda 1096 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 3 mln. 878 ming nafar aholi, 904 mingdan ortiq oila bo‘lib, shundan 47703 tasi ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oila sifatida ro‘yxatga olingan. Ularni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda, ya’ni bandligi, daromadga ega bo‘lishi ta’minlanmoqda. Mehnatga layoqatli bo‘lmagan kishilarni doimiy ijtimoiy himoyalash, ijtimoiy nafaqalar o‘z vaqtida va to‘g‘ri tayinlanishi nazorat qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati uchun tijorat banklarida maxsus hisob-raqamlar ochilib, ularga jami 11 mlrd. 362 mln. so‘m mablag‘ kelib tushgan. Viloyatning 16 shahar va tumanida tashkil etilgan jamg‘arma bo‘linmalari tomonidan 13 xildagi oziq-ovqat mahsulotlari ehtiyojmand oilalarga yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Parlament ishchi guruhi viloyatda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, ayrim xato-kamchiliklar, sansolarliklar, imkoniyatlardan unumli foydalanilmayotganini aniqladi. Qator masalalar deputatlar tashabbusi bilan sektorlar, mutasaddi tashkilotlar ishtirokida joyida hal etildi. Yechimini kutayotgan muammolar ko‘rsatib o‘tildi.

 

O‘rol O‘ROZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Ishchi guruhi bilan birga Qo‘shrabod va Ishtixon tumanlarida bo‘ldik. O‘nlab xonadonlarga borib, aholi vakillari bilan suhbatlashdik. Fermerlar, kichik biznes egalari, tadbirkorlarning faoliyati bilan yaqindan tanishishga harakat qildik. Ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi. Mayda masalalarning katta muammoga aylanib ketmasligi uchun ularni o‘z vaqtida va joyida hal qilish talab etiladi.

Shu maqsadda, asosiy e’tibor koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qay darajada qo‘llanilayotgani, biznes egalarini yana qanday masalalar o‘ylantirayotganiga qaratildi.

Ijobiy ishlar haqida gapirishning hojati yo‘q. Chunki bu qilinishi zarur bo‘lgan vazifalardir. Lekin kamchiliklarni aytish, ularning yechimi haqida jiddiy bosh qotirish burchimizdir. Ayrim mutasaddilar zimmasidagi mas’uliyatni hali hanuz yaxshi anglab yetmayapti chog‘i muammolar uzil-kesil hal etilmayapti.

Aytish kerakki, kredit berish sohasi islohotlarga to‘liq moslashib keta olmayapti. Shundan bo‘lsa kerak, viloyatda banklar tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga beriladigan kreditlar kechiktirilyapti. Moliyaviy xizmatlarga talabni to‘liq ta’minlamaslik, investitsiya loyihalarini vaqtida qo‘llab-quvvatlamaslik kabi kamchilik va sustkashliklar kuzatilayotgani ham bor gap. Vaholanki, bugungidek murakkab sharoitda tashabbus ko‘rsatib, vijdonan ishlashi talab etiladi. Aks holda, muammolar ko‘payib, odamlar qiyin ahvolda qoladi.

 

Mavjuda HASANOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Bugun kimnidir tanqid qilish, sha’niga achchiq gap aytishning o‘zi mushkul. Sababi butun yer yuzidagi og‘ir vaziyat bosiqlikni, sabrlilikni, birlashishni talab qilmoqda. Shunga qaramasdan, deputatlar joylarda aholi muammolarini o‘rganish, real hayotga haqqoniy nazar bilan qarash ishlarini olib bormoqda.

O‘n kun davomida Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida bo‘ldik, mehnatkash, samimiy odamlar bilan uchrashdik. Ularni tashvishga solayotgan masalalarni o‘rgandik. Ayrim muammolarga mutasaddilar ishtirokida yechim topildi, qolganlari nazoratga olindi. Quvonarlisi, hamyurtlarimiz bugungidek murakkab sharoitda vahimaga va tushkunlikka berilmay, o‘z muammolari bilan band.

Biroq ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Masalan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj yoki karantin sharoitida og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalar ro‘yxati to‘liq shakllantirilmagan, ularga yetarli darajada yordam ko‘rsatilmagan. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan uch tomonlama shartnomalar asosida subsidiyalar ajratilmayotgani bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Mutasaddilar tomonidan ishlar yetarli darajada olib borilmagani natijasida issiqxona qurish, sug‘orish vositalari, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish kechikib ketmoqda. Muammolarni sanash bilangina hal etib bo‘lmaydi. Ularning ijrosi yuzasidan jamoatchilik hamda parlament nazoratini kuchaytirish zarur. Ishchi guruhimiz tomonidan bu borada tegishli vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish masalasi ham muhokama etildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlariga to‘lanishi belgilangan qo‘shimcha ustamalarni ajratmagan holatlar tanqid qilindi. Ayrim joylarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda qatnashayotgan xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Bunday kamchiliklarga befarq qarab bo‘lmaydi albatta.

Parlament ishchi guruhi o‘rganishlar davomida aniqlangan xato-kamchiliklarni joyida bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi yig‘ilishida pandemiya sharoitida ishlarni yanada samarali tashkil etish, sektorlar, boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini kuchaytirish, muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ishchi guruhi a’zolariga qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash tavsiya qilindi. O‘rganish davomida viloyatda aniqlangan, respublika darajasida hal etiladigan muammoli masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga parlament hamda deputatlik so‘rovlarini yuborish kerakligi ta’kidlandi. “Hukumat soat”larini o‘tkazish masalasi ham qo‘llab-quvvatlandi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokamasi yakuni bo‘yicha Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

 

www.uzbekistonovozi.uz

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish