SAYLOV QONUNCHILIGIGA BOG‘LIQ YANGILIKLAR VA ULARGA MUNOSABATLAR
SAYLOV QONUNCHILIGIGA BOG‘LIQ YANGILIKLAR VA ULARGA MUNOSABATLAR

O‘zXDP Markaziy Kengashida o‘tkazilgan videomuloqotda yaqinda qabul qilingan Saylov kodeksi bo‘yicha mulohaza yuritilgan edi.

Ushbu masalada partiyamiz faollari qanday fikrda? Saylovga tayyorgarlik ko‘rish, deputatlikka nomzod ko‘rsatishda qanaqa takliflar bor?

 

O‘ral O‘RAZBOYEV, O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi:

– Aytish kerakki, yaqinda qabul qilingan Saylov kodeksi bilan milliy saylov qonunchiligimiz umume’tirof etilgan xalqaro tamoyil va me’yorlarga mos holda yanada rivojlantirildi. Saylov kodeksining qabul qilinishi yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasi bo‘lishi qatorida, milliy saylov qonunchiligimizni, saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha qariyb 30 yillik tajribamizni yanada mustahkamlash va takomillashtirish sari qo‘yilgan katta qadam bo‘ldi.

Kodeksda nazarda tutilgan muhim yangilik saylovchilarning elektron ro‘yxati bilan bog‘liqdir. Endilikda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi va saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o‘zi uchun kerakli ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, Markaziy saylov komissiyasi mutaxassislari saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yaratish ustida anchadan beri ish olib bormoqdalar. Xususan, uyma-uy yurib, saylovchilar ro‘yxatga olingan va har bir saylovchi turar joy kadastr raqamiga biriktirilgan.

Bundan maqsad «bir saylovchi – bir ovoz» tamoyilini to‘liq va bexato amalga oshirishdan iboratdir. Masalan, biror saylovchi yashash joyi o‘zgarsa, doimiy ro‘yxatdan vaqtinchalik ro‘yxatga o‘tsa, bu saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida o‘z aksini topadi. Bu saylovchining faqat bir joyda bir marta ovoz berishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, ushbu elektron tizim orqali saylovchilarga qator qulayliklar yaratiladi. Masalan, saylovchi Markaziy saylov komissiyasi saytiga kirib pasport raqamini kiritish orqali o‘zining qaysi saylov uchastkasiga mansub ekanligini va saylov uchastkasi joylashgan manzilni aniqlashi mumkin bo‘ladi.

Bu yil bo‘ladigan saylovlar munosabati bilan partiyaning Jizzax viloyat kengashi ham saylovoldi kampaniyasiga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatligiga tashabbuskor nomzodlar saralanmoqda. Lekin hali nomzodlarning bilim va ko‘nikmasini shakllantirish borasida ko‘p ishlashimiz lozim. Munosib nomzodlarni tanlash va saralash bugungi kunda oldimizda turgan dolzarb masalalardan biridir. Biz, albatta, nomzodlarni tanlashda uning shaxsiy fazilatlari bilan bir qatorda, aholi orasidagi obro‘yi qanday ekanini ham hisobga olishimiz muhim, deb o‘ylayman. O‘tgan davr mobaynida o‘z saylovchilari manfaatlarini himoya qila olgan, hudud rivojiga hissa qo‘sha olgan, partiyamizning saylovoldi dasturini bajarishda hamda elektoratimiz manfaatlarini himoya etishda faol bo‘lgan deputatlarimizning nomzodlarini yana ko‘rsatish maqsadga muvofiq, menimcha.

Oldimizdagi yana bir dolzarb vazifalardan biri shuki, saylovda ham birinchi marta ishtirok etadigan yoshlar oralig‘ida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularga yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyatini tushuntirishda faol ishlashimiz kerak.

Siyosiy jarayonga tayyorgarlik haqida gap borar ekan, avvalgi saylovlar natijalarini tahlil qilishimiz, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizni qaytarmasligimiz juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan partiyamizning Jizzax viloyat kengashi bir qator takliflarni ilgari surmoqda.

Avvalo, saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash uchun saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar hamda ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida aholini keng xabardor etish oldimizda turgan muhim vazifadir. Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarni o‘qitish, saylov okruglari va saylov uchastkalariga biriktirilgan partiya kuzatuvchilarining bilimini yanada oshirish uchun Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi va boshqa oliy o‘quv yurtlarining malakali o‘qituvchilari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida rejali o‘quvlar o‘tkazish kerak. Saylovoldi kampaniyasi davrida partiya tomonidan ko‘rsatilayotgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli reklama va targ‘ibot vositalarini markazlashgan holda chiqarish va yetkazish, bu masalada hududiy kengashlarga amaliy ko‘mak berish zarur, deb o‘ylaymiz.

 

 

Rahimbergan YUSUPOV, O‘zXDP Xorazm viloyat kengashi raisi:

– Saylov kodeksi joylarda qizg‘in muhokama etilayotgani quvonarli. Bu hujjat mamlakatimizdagi muhim siyosiy islohotlardan biridir.

Kodeksda siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkinligi belgilandi. Bu nima degani? Shunday xonadonlar borki, ularda kasbi, siyosiy dunyoqarashi nuqtai nazaridan oila a’zolari turli partiyaga a’zo bo‘ladi. Bu jahon tajribasidan ma’lum odatiy holat. Har xil partiyada ko‘rsatilgan nomzodlarni nega qo‘llab-quvvatlash mumkin bo‘lmasin? Avval saylov qonunchiligida bu masala yo‘q edi. Ochig‘ini aytish kerak, bu tushunarsiz bir holat edi. Aytaylik, boshqa partiya a’zosi bo‘lgan farzand otasi yoki onasi a’zo bo‘lgan partiyani yoki ularning nomzodini qo‘llay olmasdi. Bu bilan go‘yo ularga qarshi bo‘lar edi. Endi bu holat bartaraf etildi.

 Saylov kodeksiga xalqaro tashkilotlar va turli demokratik institutlarning tavsiyalari ham kiritilgan. Bularga misol qilib, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi me’yorlarning olib tashlanganini aytish mumkin. Yana xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari soni 3 nafardan 5 nafargacha ko‘paytirilganini alohida e’tirof etish kerak.

 Saylov kodeksini yil oxirida bo‘lib o‘tadigan saylovlar jarayonida bevosita o‘z tajribamizdan o‘tkazamiz. Buning uchun bugun partiyamiz tashkilotlari, faollarimiz joylarda, aholi orasida uni keng targ‘ib qilishlari kerak. Axir har qanday hujjat odamlar ongiga yetib borgandagina hayotiy bo‘ladi va o‘z samarasini beradi.

 

Robiya KAZIMOVA, O‘zXDP Buxoro shahar kengashi raisi:

– Partiyadagi ko‘p yillik mehnat faoliyatim davomida respublikamizda o‘tkazilgan barcha darajadagi saylovlarda ishtirok etganman.

O‘tgan saylovlarni kuzatib borish va tahlillardan xulosa chiqarib shuni ayta olamanki, Saylov kodeksining qabul qilinishi saylovning shaffof va samarali o‘tishiga xizmat qiladi.

Saylov kodeksi qabul qilindi, hujjatlar bir maromga keltirildi, saylovni o‘tkazish tartiblari aniq belgilandi. Xo‘sh, endi biz, siyosiy partiya xodimlarining oldida qanday muhim masalalar ustuvor bo‘lib turibdi?

Ilgari saylovlarda ishtirok etish masalasida siyosiy partiyalarning moddiy-texnik bazasi achinarli ahvolda edi. Bugun viloyat kengashlari saylovga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoit yaxshilandi. Shahar va tuman partiya tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti.

Biz kelayotgan saylovda boshlang‘ich partiya tashkilotlarini yanada kuchaytirishimiz, faoliyatini jonlantirishimiz, eng muhimi, ularni rag‘batlantirib borishimiz zarur.

Har bir saylov okrugidan nomzod ko‘rsatamiz. Nomzodlarning saylanishlari birinchi navbatda ularning dasturlari saylovchilar orasida qay darajada targ‘ibot qilinishiga bog‘liq. Qonunchilikda belgilangan tartibda ish yuritsak, viloyat bo‘yicha 1463 nafar ishonchli vakillarga, faol partiya a’zolarimizga ehtiyoj seziladi.

O‘tgan davrdagi tadbirlar mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, partiya elektorati bo‘lgan kam ta’minlangan, nogironlar va pensionerlarga moddiy ko‘mak berish masalasi bilan cheklanib qolyapmiz. To‘g‘ri, bu jihat ham muhim. Biroq partiyamiz elektoratini qiynayotgan muammolar oz emas. Bizga mamlakatdagi holatni chuqur va izchil tahlil qilib, iqtisodiyotni ko‘tarish bo‘yicha takliflar bera oladigan nomzodlar kerak. Odamlar bunday nomzodlarni sezadi va albatta, qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu yil yana bir jihatga alohida e’tibor qaratishimiz lozim, deb o‘ylayman. Ya’ni, partiya elektorati, deb biladiganimiz — kar va soqovlar, ko‘zi ojizlar, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning ham saylovda faol ishtirok etishiga ko‘maklashimiz zarur.

Birinchi galda ular saylov uchastkalarida nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishishi uchun yetarli sharoitni ta’minlashimiz lozim. Surdo tarjimalar, brayl yozuvidagi saylov bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqishga ham alohida e’tibor qaratilishi muhim, deb o‘ylayman.

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati.

← Roʻyxatga qaytish