Mustaqil fikrlaydigan avlodni qanday voyaga yetkazamiz?
Mustaqil fikrlaydigan avlodni qanday voyaga yetkazamiz?

 

 

Yangi Oʻzbekiston ostonasiga qadam qoʻyar ekanmiz, fikrlashi, hayotga munosabati butunlay oʻzgacha boʻlgan, muammolardan qoʻrqmaydigan, ruhiyati tetik yangi avlodni voyaga yetkazishdek tarixiy burch, ulkan masʼuliyatli vazifa zimmamizda turibdi. Burchni ado etish, vazifani bajarish uchun taʼlim-tarbiya tizimini tubdan oʻzgartirishimiz zarur. Bu qanday amalga oshiriladi?

Prezidentimiz qabul qilgan “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonda bu savolga batafsil javob bor.

Butun dunyoda, barcha sohada raqobat kuchayib borayotgan vaziyatda mamlakatda taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini toʻgʻri belgilash nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Maqsad toʻgʻri boʻlmasa, chora-tadbirlar samara berishi qiyin. Farmon bilan bevosita tanishib chiqqan inson hujjatda maqsad juda aniq qoʻyilganiga amin boʻladi.

Xususan, Farmonga koʻra, yangi tashabbus va gʻoyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir boʻlgan, intellektual va maʼnaviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash taʼlim-tarbiya hamda ilm-fan sohalarini yana-da rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Xalq demokratik partiyasi taʼlim-tarbiya tizimiga bunday yondashuvni toʻgʻri, deb hisoblaydi va uni roʻyobga chiqarish uchun barcha deputatlik birlashmalari saʼy-harakatlarini safarbar etadi.

Chuqurroq mushohada qilinsa, ushbu vazifaning amalga oshirilishi partiyamiz uchun juda muhim boʻlgan iqtisodiyotni taraqqiy ettirish, kambagʻallikni qisqartirish, yoshlarning hayotda munosib oʻrin topishi, xalqimiz turmush darajasini oshirish kabi masalalarning ijobiy hal etilishiga sharoit yaratadi.

Ijtimoiy hayotimiz, mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida har bir yoshni mustaqil fikrlaydigan, jamiyatda faollik koʻrsatadigan, qiyinchiliklarni qoʻrqmasdan yengib oʻta oladigan shaxs sifatida kamolga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Buni taʼlim tizimiga yordam bergan, sharoit yaratgan holda, butun jamiyat amalga oshirishi zarur. Shuning uchun davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishlarida taʼlim-tarbiyaga eʼtibor va masʼuliyatni kuchaytirish boʻyicha ijro hokimiyatiga aniq vazifa qoʻyib, vakillik hokimiyati – deputatlar va senatorlardan maktabni qoʻllab-quvvatlashni soʻrayaptilar.

Yetuk davlatlardagi taʼlim-tarbiya konsepsiyalarini tahlil etsak, bu tizimning asosiy vazifasi, avvalo, bola shaxsiyatini tarbiyalashdan, ulgʻaytirishdan iborat ekani koʻrinadi.

Bola shaxsiyati, xarakteri yoshligidanoq rivojlantirilmasa, ertaga u nimaga qiziqishini toʻliq anglamay, mustaqil qaror qabul qila olmaydi. Oʻqib-oʻrganilgan ilm qiziqishga yoʻnaltirilmasa, bunday oʻquvchi kasbni, sohani toʻgʻri tanlolmay qiynaladi. Aksincha, taʼlim-tarbiya yigit-qizlarimizning isteʼdod va qobiliyatini rivojlantirishga, qiziqish asosida kasb tanlashga yoʻnaltirilsa, bolaning taʼlimdan keyingi hayoti ham izga tushib ketadi. Oʻzi sevgan sohada ishlash kishiga ruhan tetiklik beradi. Eng muhimi, shu tariqa jamiyatda yaratishga, yaxshi natijalar koʻrsatishga intilish oshib boraveradi, boqimandalik yoʻqoladi. Odamlar faol boʻlgan, oʻzi uchun, yaxshi hayot uchun intiluvchilar koʻpaygan jamiyatda ijtimoiy muammolar oʻz-oʻzidan yechim topadi.

Oʻylab qarasak, bir bolaning taʼlimdagi ilk qadamidan boshlab, kasb tanlashi, hayotga mustaqil qadam qoʻyishi va turmushida halqasimon uzviylik bor. Prezident farmonida ana shu uzviylikni taʼminlash boʻyicha chuqur oʻylangan vazifalar belgilab berildi.

Masalan, 2021-yil 1-martga qadar Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish belgilandi. Eʼtibor bering, unda ham oʻquvchilarni kelgusi hayotga tayyorlash, ularga oʻz bilim va koʻnikmalaridan amaliyotda foydalanishni oʻrgatuvchi malaka talablarini sinflar kesimida ishlab chiqish, oʻquvchilarning fan boʻyicha egallagan bilimlari bilan bir qatorda savodxonlik, kompetensiya va shaxsiy sifatlarini baholash hamda kasblarga boʻlgan qiziqishini aniqlash tizimini joriy etish masalalari alohida koʻrsatib oʻtildi.

Kambagʻallik, qolaversa, boqimandalik kayfiyatiga qarshi kurashishning, ijtimoiy himoya tizimini modernizatsiya qilishning uzoq istiqbolda eng samara beradigan yoʻli bugun taʼlim tizimiga, inson kapitaliga eʼtiborni yana-da kuchaytirish hisoblanadi. Ehtiyojmand, kambagʻal oiladagi muhitni ularning farzandlariga sifatli taʼlim-tarbiya berish orqali tubdan oʻzgartirish mumkin. Taʼlim berish, kasb-hunar oʻrgatish ishlari oʻzaro uygʻun ravishda samarali olib borilishi ishsizlikni kamaytirish, oʻzini oʻzi band etish imkoniyatlarini oshirish, kambagʻallikka qarshi kurashishda katta ahamiyat kasb etadi.

Farmonga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari oʻzining iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib oʻrnini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun “Kasbga yoʻnaltirish tizimi” joriy etilishi belgilandi. Shu asosda 7-sinfdan boshlab oʻquvchilar oʻrtasida interaktiv soʻrovnomalar oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda Ularning kasb-hunarga qiziqishi aniqlanadi va maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Ushbu sinf oʻquvchilari uchun har oyda bir marta “Kasblar olamiga sayohat” mavzusida maxsus kurslar, 8-sinf oʻquvchilari uchun har chorakda kamida bir marta “Mening kelajakdagi kasbim” mavzusida seminar-treninglar oʻtkaziladi. 9 sinfda esa aniq ishchi kasblar boʻyicha kasb-hunar maktablarida taʼlim olishi mumkin boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida kasbga yoʻnaltirish ishlari olib boriladi. Yaʼni, oʻquvchi 9-sinfda kelajagi qanday kasb yoki soha bilan bogʻlanishi haqida muhim tasavvurlarga ega boʻladi.

“Oʻzi istagan ishda ishlash uchun albatta oliy maʼlumotli boʻlish kerak”, degan tushuncha bugungi ilgʻor davrga toʻgʻri kelmay qoldi. Hozir shunday yoshlar borki, internet orqali dunyoning narigi tomonidagi mamlakatda ishlayapti. Farmonda yoshlar uchun ishlash, oʻzining yoʻlini topishga sharoit yaratish masalasi ham alohida oʻrin olgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi hamda hokimliklari bilan birga Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatorida umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari shugʻullanishi mumkin boʻlgan kasb va lavozimlarni belgilaydi, professional standartlarini ham ishlab chiqadi.

Prezident Farmoni keng qamrovli hujjat, uni hayotga tatbiq etsak, jamiyatimizda nafaqat taʼlim-tarbiya, taraqqiyot ham oʻzgaradi. Shuning uchun bu vazifani bajarishga vijdonan hissa qoʻshish sohamiz, vazifamizdan qatʼi nazar, har birimizning insoniy burchimiz hisoblanadi.

 

Ulugʻbek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʻzXDP fraksiyasi rahbari.

www.xs.uz

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish