Misqollab yig‘ilgan mablag‘, botmonlab sarflanadi. «Pul topib, aql topmagan», degan naql ham shunga mos ravishda aytilgan.
Mablag‘ni boshqarish, topish va sarflash o‘rtasidagi muvozanat to‘g‘ri olib borilsa, maqsadli va rejali bo‘lishi, eng muhimi,bugun qilayotgan xarajatimiz ertaga ikki hissa foyda keltirishi kerak. Aksariyat odamlarda bunday ko‘nikma mavjud emas. Rejalashtirish yo‘q.
Keyingi paytlarda hokimliklar, davlat tashkilotlarida yangi rusumdagi avtomobillarni sotib olish «musobaqa»si boshlanib ketgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qaysidir tashkilot shuncha milliardni sarflab shuncha mashina olibdi, bu hokim mana bu mashinani sotib olibdi, kabi munosabatlar ko‘paydi. Afsuski, xalqimiz, ya’ni soliq to‘lovchilarning haqli savollariga asosli javob, xolis munosabat bildirilmayapti.
Shu joyda bir mulohaza. Mayli, oddiy odam o‘zining oilasi byudjetini noto‘g‘ri sarf-xarajat tufayli tang ahvolga solib qo‘yayotgandir. Tashkilot va idoralar-chi?.. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi, tashkilotlar va idoralar qaysi mablag‘larni bunchalik sarflashmoqda?..
Savollar ko‘p, javob esa tejalgan yoki orttirilgan mablag‘, mashinaga zarurat borligi bilan izohlanmoqda. Axir qaysi mablag‘ tejaldi? Mashina olingan mablag‘ Davlat byudjeti, mahalliy byudjet mablag‘lari-ku!.. U davlat byudjetimi yoki mahalliy byudjetmi, baribir, umumiy tartibda kirim bo‘lgan byudjet mablag‘lari. Davlat xizmatchilari tomonidan amalga oshirilayotgan xarajatlarning barchasi byudjet mablag‘lari. Bu kabi maqsadsiz xarajatlar yig‘ilib-yig‘ilib, ijtimoiy tanglikka olib kelish ehtimoli yuqori.
Oddiy oila boshlig‘i topgan pulini shaxsiy orzu-havaslariga sarflashi mumkin, bu uning huquqi. Lekin davlat xizmatchisi shaxsiy istaklari uchun byudjet pulini sarflashga ham huquqiy jihatdan, ham ma’naviy jihatdan haqqi yo‘q. Davlat xizmatchisi shu oddiy narsani tushunmas ekan, u o‘ziga yuklatilgan boshqa vazifalarni ham vijdonan bajarishiga katta shubha paydo bo‘ladi. Dunyoqarashi tor, ma’nan qashshoq mutasaddilar bilan Yangi O‘zbekistonni qurib bo‘lmaydi.
Agar davlat mulozimi dabdaba va hashamga o‘ch bo‘lmasdan, ongli ravishda tafakkur qilib, noo‘rin sarflayotgan mablag‘larini kelajak uchun investitsiya qilganida, bu nafaqat xalqimizga, balki kelajagimizga ham foydali bo‘lar edi. Axir hududlardagi maktablarning qanchasi ta’mirtalab, qanchasi qay ahvolda? Ishsiz aholi soni ko‘p. Kommunal xizmat ko‘rsatish talab darajasida emas. Ichki yo‘llarni gapirishning hojati yo‘q. Mana, mahalliy byudjet birinchi navbatda qayerga sarflanishi kerak.
Aqlimiz uncha hisob-kitobga yetmasa-da, zarurat degan niqob ostida eng qimmat yangi rusumdagi avtomobilni sotib olishga sarflangan mablag‘ni taxminan hisob-kitob qilib ko‘raylik.
Misol uchun, bir tashkilot 1,5 mlrd. so‘mga yangi avtomashinalarni xarid qilgan. Ushbu avtomobillarning ichida 795 million so‘mlik 1 dona “Tahoe” avtomobili ham bor. Xo‘sh, bu shu tashkilotning ishi yurishib, faoliyatida sezilarli o‘zgarish bo‘lishiga olib keladimi? Albatta, yo‘q. Faqatgina dabdaba va hashamat belgisi xolos.
Mayli, zarurat ekan, bugun eng qimmat Lasetti 138 126 000 so‘mni tashkil qiladi, shuni olsa ham bo‘ladi-ku!.. Qolgan pulning o‘ziga ham 3 ta biznes akselerator tashkil qilish mumkin.
Darvoqe, mana, yaqinda Buxoroda xuddi shunday biznes akselerator 260 million so‘m mablag‘ evaziga tashkil qilindi. Bu bir vaqtning o‘zida 40 nafar tinglovchini tadbirkorlikka o‘qitish imkonini beradi. Axir bu kelajak uchun eng yaxshi investitsiya emasmi?.. Nahotki, davlat xizmatchilari bu oddiy haqiqatni anglab yetishmasa?..
Bu bir kichkina misol, xolos. Bunday misollar juda ko‘plab. Balki bu misollar kimgadir kulgili tuyular. Biroq har qanday qarorning yoki rejaning kelgusi oqibatiga e’tibor qaratish kerak.
Birgina joriy yilning 9 oyi mobaynida mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,2 trln. so‘m mablag‘ qoldi. Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga respublikaga tushadigan soliqlar hisobidan 427,5 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi. Bu imkoniyatlardan mulozimlarimiz oqilona foydalana olyaptimi?..
So‘nggi 2 yilda mahalliy hokimliklar tomonidan 8,5 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonun buzilishlari aniqlangan. Respublika bo‘yicha 371 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan. Buning oqibatida yetkazilgan zarar 2 trln. so‘mdan oshgan. Birgina joriy yilning 9 oyida 3132 ta nazorat tadbirlarida 129,1 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan.
Axir mablag‘lar shu tartibda ishlatib yuboraverilsa, xalq qachon farovon hayot kechiradi?.. Qachon rivojlanish bo‘ladi?..
Shuni qat’iy aytamizki, bu kabi holatlarga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Dabdaba va hashamga berilgan mulozimlarni davlat xizmatidan chetlatish, buning uchun kerakli me’yorlarni belgilash zarur. Toki, bu boshqalarga achchiq va ta’sirchan saboq bo‘lsin.
Abror Qurbonov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimi.