Eng og‘riqli muammolar bilan ishlayapmiz
Eng og‘riqli muammolar bilan ishlayapmiz

 

Xabaringiz bor, parlament quyi palatasiga viloyatimizdan saylangan deputatlarga ayrim savollar bilan murojaat qilgandik. Berilgan savollarga bu gal Payariq va Jomboy tumani saylovchilari ishonch bildirgan deputat Ulug‘bek Vafoyev javob berdi.

Qonunchilik palatasida boshqa deputatlarga nisbatan tajribangiz katta. Bu yangi chaqiriqdagi faoliyatingizga qanday ta’sir qilyapti?

Ha, tajriba borasida to‘g‘ri ta’kidladingiz. Uchinchi marta Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylanishim. 2005-2010 va 2010-2015 yillarda parlament quyi palatasida deputat bo‘lganman. Besh yillik tanaffusdan so‘ng yana deputatlikka saylandim.

Qayd etish lozimki, yangi chaqiriqdagi parlament eskisidan mutlaqo farq qiladi. Avvalambor, yangi parlamentda – yangi O‘zbekistonda ro‘y berayogan islohotlar to‘liq o‘z aksini topgan. Qonunchilik palatasi majlislari ochiqlik, oshkoralik va fikrlar xilma-xilligi asosida, turli tortishuv va munozalarga boy tarzda o‘tmoqda. Ushbu muhit qabul qilinayotgan qonun hujjatlari sifatiga va ularning xalqona bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, ilgari parlamentda davlat byudjetini qabul qilish jarayoni hech qanday tortishuvlarsiz bir kunda kechardi. Byudjet loyihasiga o‘zgartirish kiritish imkoniyati yo‘q edi. Birorta deputat yoki siyosiy partiya fraksiyasining taklifi qabul qilinmasdi.

- Yaqinda 2021 yil uchun davlat byudjeti qabul qilindi. Byudjet loyihasini Qonun sifatida qabul qildik. Uning muhokamasi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari va siyosiy partiya fraksiyalarining majlislarida qariyb bir oy davom etdi. Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ham uch marotaba muhokama qilindi. Ushbu jarayonda deputatlar va siyosiy partiya fraksiyalari o‘z saylovchilarining manfaatlaridan kelib chiqib, juda ko‘p o‘zgartirishlar kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, yangi Parlamentni eskisidan farqi: parlament faoliyati demokratlashgan, uning davlat boshqaruvidagi roli va jamiyatdagi o‘rni keskin oshgan, deputatlar va siyosiy partiya fraksiyalariga samarali faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyat yaratilgan.

- Parlament tarkibini yangilash yoki yoshartirish masalasiga qanday qaraysiz? Sababi, eski qoliplarda ishlab o‘rgangan deputatlar yangi O‘zbekistonga moslasha olmayotganday, nazarimda.

- Parlament tarkibini yangilash va yoshartirish masalasiga ijobiy qarayman. Yangilanish va yoshartirish jarayoni eski qoliplarda qotib qolishning oldini oladi. Shu bilan birga, tajribaga ega deputatlarning salohiyatidan ham samarali foydalanish kerak, deb hisoblayman. Bunda, yangi va yosh deputatlarning shijoati hamda tajribali deputatlarning salohiyatining uyg‘unligini ta’minlay olsak - parlament faoliyati samaradorligiga erishamiz. Shijoat va tajriba uyg‘unligi muvaffaqiyat garovidir.

“Eski deputatlar yangi O‘zbekistonga moslasha olmayotganday”, degan fikringizga qo‘shila olmayman. Sababi, barcha eski deputatlar ham bugungi islohotlarni orzu qilgan va unga intilgan. Tajribaga ega deputatlarimiz yangi parlamentda munosib faoliyat olib borishmoqda hamda barcha qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ularning hissasi katta.

- O‘tgan davr mobaynida qanday aniq muammolarni hal qiloldingiz? Saylovchilaringizning qanday muammolari ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, qanday natija kutyapsiz?

Saylovlar jarayonida Payariq va Jomboy tumanlaridagi maktablarning moddiy-texnik ta’minoti og‘ir ahvolda ekaniga guvoh bo‘lganman. Ushbu muammo respublikamizning aksariyat maktablari uchun dolzarb, desam xato bo‘lmaydi. Shu sababdan, 2021 yil uchun davlat byudjeti qabul qilinishi jarayonida fraksiyamiz deputatlari bilan birgalikda maktablarning moddiy-texnik ta’minoti uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish masalasini hukumat oldiga qo‘ydik. Ushbu taklifimiz hukumat tomonidan qabul qilinib, maktablarning moddiy-texnik ta’minoti uchun 2021 yilda davlat byudjetidan qo‘shimcha ravishda 300 milliard mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, saylovchilar bilan uchrashuv jarayonida pensionerlar duch kelayotgan ayrim muammolar aniqlangandi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi) ishlab, pensiyaga chiqqan shaxslar boshqa soha vakillariga nisbatan kamroq pensiya olayotgani fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur masala fuqarolar, mutasaddi idoralar vakillari bilan bevosita muloqot asosida o‘rganib chiqildi hamda pensiya miqdorini hisoblab chiqishda qonunchilik bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligi aniqlandi.

Misol uchun, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasida, “1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan.

O‘rganishlar ko‘rsatdiki, aksariyat holatlarda, qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat ho‘jaligida) mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan fuqarolarning ushbu xo‘jaliklardagi mehnat faoliyati to‘g‘risidagi (har yilgi mehnat minimum qarorlari) ma’lumoti arxiv saqloviga topshirilmagan yoki umuman belgilanmagan.

Oqibatda qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida) mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan aksariyat fuqarolarga ishlangan vaqtning amalda davom etgan davridan kelib chiqib past miqdorda pensiya tayinlangan.

Shu bois, sobiq jamoa va shirkat xo‘jaligida mehnat qilgan fuqarolarning faoliyati davrlarini to‘liq yil sifatida inobatga olinishi to‘g‘risida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritish taklifi tayyorlandi.

Mazkur takliflarimni amalga oshirish maqsadida tegishli qonun loyihasini tayyorladim. Bugungi kunda ushbu qonun loyihasi belgilangan tartibda tegishli idora va tashkilotlar tomonidan o‘rganilib xulosalar olinmoqda.

Shu paytgacha aynan Siz tomoningizdan bildirilgan qanday takliflar qonunlarda (balki loyihada) o‘z aksini topdi?

- Joriy yilning 15 oktyabr kuni qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunni tayyorlash hamda qabul qilish jarayonida, nogironlarning hayot tarzini yaxshilashga qaratilgan 30 ga yaqin takliflar kiritdim va ularning aksariyati qabul qilindi. Misol uchun, bugungi kunda eshitish va gapirishda nuqsoni bor nogironlarni qiynab kelayotgan surdo-tarjimonlar bilan bog‘liq muammoni hal qilish bo‘yicha tegishli moddalar mening taklifim bilan qonunga kiritilgan.

Shuningdek, joriy yilning 20 oktyabr kuni qabul qilingan va juda katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishida faol ishtirok etib, 20 dan ziyod takliflar kiritdim va ularning aksariyati qonunda o‘z ifodasini topdi.

Umuman, joriy yil davomida Qonunchilik palatasi tomonidan 69 ta, shu jumladan, 59 ta alohida qonun va 49 ta qonun loyihasini o‘z ichiga olgan 10 ta jamlanma qonun qabul qilingan. Ushbu qonunlarni qabul qilinishida saylovchilar manfaatidan kelib chiqqan 100 dan ziyod takliflar kiritganman.

- Qonunchilikka Samarqand yoki aynan sizning saylovchilaringiz manfaatlari bilan bog‘liq yana qanday takliflaringiz bor?

Jomboy va Payariq tumanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ayrim muammolarga guvoh bo‘ldim. Bugungi kunda ijtimoiy sohani davlat tomonidan tartibga soluvchi va bu borada tegishli muvofiqlashtirish vakolatlariga ega bo‘lgan yagona organ mavjud emas.

Masalan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vakolatiga kiritilgan. Aniqrog‘i, nogironlikni belgilash va nogironlarni tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatiga, nogironlarni ishga joylashtirish – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, maxsus maktab-internatlar faoliyatini tashkillashtirish – Xalq ta’limi vazirligi, nogironlarning transport xizmatlardan foydalanishi Transport vazirligi vakolatiga kiradi.

Kam ta’minlangan oilalar, pensionerlar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish masalasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Ayni damda yuqorida sanab o‘tilgan davlat organlarining hech biri aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi vazifalarni bajarmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur muammoning yechimi sifatida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini Bandlik, mehnat munosabatlari va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi sifatida yoki Sog‘liqni saqlash vazirligini Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish vazirligi sifatida qaytadan tashkillashtirishni taklif qilaman.

- Saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqib, yuborgan deputatlik so‘rovingizga misol keltiring. Natijasi nima bo‘lgan?

Shu yerda bir izoh berib o‘tmoqchiman. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish bo‘yicha turli idora va tashkilotlarga murojaat qilish bilan “deputatlik so‘rovi” o‘rtasida farq bor.

Bugungi kunga qadar menga fuqarolardan 19 ta yozma va 30 ga yaqin og‘zaki murojaat bo‘lgan. Barcha murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, tegishli idora va tashkilotlar yordami bilan hal qilingan.

Fuqarolarning murojaatlari va saylov okrugida olib borilgan o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib, ayrim tizimli muammolar tahlil qilindi. Ushbu muammolar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berish uchun tegishli vazirliklarga 4 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Misol uchun, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Bosh vaziri o‘rinbosari J.Qo‘chqorovga deputatlik so‘rovi yuborildi. Ushbu so‘rovda joylarda turmush sharoiti va ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan qatlamni bevosita kasbga o‘qitish va tadbirkorlikka o‘rgatish orqali daromadini oshirish bo‘yicha mavjud muammolar qayd etilib, ularning hal etilishi bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot talab qilingan. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishlardagi mavjud muammolar hamda ularni hal etish uchun qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar so‘ralgan.

Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanovga kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha vazirlik tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida deputatlik so‘rovi yuborildi.

Yuborilgan barcha deputatlik so‘rovlariga to‘liq, sifatli va malakali javoblar olindi. Ushbu so‘rovlar orqali olingan ma’lumotlardan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni olib boraman hamda shu orqali saylovchilarimizni qiynayotgan muammolarni hal qilishga erishaman.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

 

Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.

www.zarnews.uz

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish