Buyumlar haqida emas, bolalarimiz haqida o‘ylaylik
Buyumlar haqida emas, bolalarimiz haqida o‘ylaylik

Kuni kecha bir voqeaning guvohi bo‘ldim, qizining unashtirish marosimi (fotiha to‘yi)ni 300 kishi bilan o‘tkazib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgan kap-katta ayol, 30 yildan ortiq bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘ini «bitta-yu-bitta qizimni chiqarayapman, mebel va sarpolari uchun pul topib kel» deb, ayovsiz tergayvergach, chorasiz qolgan er alamidan ichkilikka mukkasidan ketib, topgan pulini ham ichadigan ahvolga tushib qolgan. 50 yoshdan oshgan oila ustuni chora izlab volidai muhtaramasining huzuriga borib, «onajon buncha pulni qayerdan topaman, qanday qilib qiz chiqaraman, mahalla - ko‘yda sharmanda bo‘laman», deb ho‘ngrab yig‘lab, ichidagi dardini to‘kadi.

Endi ayting, muhtarama ayollar, erkak qachon yig‘laydi? Chorasiz qolganda. Ayting-chi, kim uni shu ko‘yga soldi? Nikoh o‘qitilayotganda yaxshi-yomon kunimizda birga bo‘lamiz, bir-birimizga suyanch bo‘lamiz degan, o‘z jufti haloli, ayoli shu ko‘yga soldi, shunga majbur qildi. Erkak yig‘ladi, yig‘laguncha nimalarni boshidan o‘tkazmadi, butun vujudi, jismi, jonidan o‘tkazdi bu azoblarni, kim kafolat beradi yurak xuruji tutmaydi, deb. Erkakni oila ustuniga qiyoslaymiz. Ustunga darz ketsa, yoxud qulab tushib, yaroqsiz bo‘lsa, imorat qulaydi, bu degani oila parokanda bo‘ladi, tayanchidan ayriladi degani. Endi tasavvur qiling, oqibati nimalarga olib keladi? Bunday ayanchli misollarni juda ko‘plab keltirishimiz mumkin.

Aziz opa-singillar! Bu ishlarning barchasida ayolning ishtiroki behisob. Agar ayol uzoqni ko‘zlaydigan, aqlli, farosatli, insofli, diyonatli bo‘lsa, oilasi, farzandlari kelajagini o‘ylasa, hoyu-havasga berilmaydi, to‘y-hashamlarni dabdabali o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, yetti o‘lchab bir kesadi, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi, faqat farzandlari baxti kamolini o‘ylaydi. Xalqining urf-odatlari, qonun-qoidalarini hurmat qiladi.

Yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» qaror qabul qilindi. Bu qarorni qabul qilishga juda katta ehtiyoj sezildi, tushuntirgan bilan, to‘ylarimiz, tadbir, marosimlarimiz kamaymadi, aksincha, yanada avj oldi, isrofgarchilik ko‘paydi.

O‘zbegimning oqila ayollari! O‘tmishimizga nazar solib, mulohaza yuritaylik, yuqoridagilardan xulosa chiqaraylik, oilamizni asraylik, oilamiz ustuniga tirgak bo‘laylik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaylik, to‘y, marosimlarimizni ixchamlashtirib, ko‘proq savob ishlarga qo‘l uraylik. Oila «vaziri» yoki «bekasi» degan yuksak unvonlarga munosib bo‘laylik. Avvalambor, farzandlarimizning ilm olishi, kasb-hunar egallashi yo‘lida barcha imkoniyatimizni sarflaylik, muhtoj insonlarga yordam berishdek savobli ishlarni ko‘paytiraylik.

Aziz ayollar, keling, barchamiz birlashaylik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatni amalga oshirishda faol ishtirok etaylik, bizga nisbatan qilinayotgan yaxshilik, ezgulik, e’tiborga munosib javob qaytaraylik, safimizni kengaytiraylik. Barchamiz ezgu, savobli ishlarda shaxsiy namuna bo‘laylik.

 

O‘zbekiston XDP «Faol ayollar» qanoti nomidan

Gulshan ASATOVA.

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti
← Roʻyxatga qaytish