O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug'bek Inoyatovning Yangi yil qutlovi (video)

Hademay mamlakatimiz hayotida yorqin iz qoldirgan 2021 yilni tarixga kuzatib, yangi – 2022 yilni kutib olamiz. Albatta, bunday pallada amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilib, yangi yil uchun yangi marralar, vazifalar belgilab olamiz.

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasining joriy yildagi faoliyatiga nazar solsak, partiyamiz uchun 2021 yil sermahsul o'tdi, deb ayta olamiz.

Partiyamiz o'zining huquq va vakolatlaridan foydalanib, xalqimiz va elektoratimiz manfaatlarini himoya qilish maqsadida bir qator loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz tashabbusi bilan joriy yilda hukumat va davlat boshqaruvi idoralari rahbarlarining 3 marta hukumat soati, 2 marta parlament so'rovi, 2 ta parlament eshituvi tashkil etildi.

Deputatlar tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb masalalari yuzasidan 32 marta nazorat-tahlil tadbiri o'tkazildi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda va fuqarolarning murojaatlarida ko'tarilayotgan dolzarb muammolarni hal etish uchun davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga 96 marta deputat so'rovi yuborildi.

Fraksiya a`zolariga kelib tushgan murojaatlarning 1425 tasi ijobiy hal etildi, qolganlari bo'yicha huquqiy yordam ko'rsatildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi guruhlarimiz, hududiy partiya tashkilotlarimiz faoliyati ham samarali bo'ldi, deya olamiz.

Oldimizda hali ko'plab muhim vazifalar turibdi.

Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizasiya qilishda partiyamizning faol ishtirokini ta`minlash, xususan, ijro hokimiyati mas`uliyatini oshirish, mahalliy Kengashlar vakolatlarini mustahkamlash ustuvor yo'nalishlardan hisoblanadi.

Bu islohotlar xalqimizning orzu-intilishlari, ezgu maqsadlarini o'zida mujassam etgan “Yangi O'zbekiston” g'oyasini amalda ro'yobga chiqarishda, “Inson qadri uchun” degan tamoyilni amalga oshirishda alohida ahamiyatga ega bo'ladi.

Partiyamiz nafaqat elektoratimiz huquqlari, mazkur huquqlarni amalga oshirishda imkoniyatlar tengligi, kuchli ijtimoiy himoya g'oyalarini ilgari surib kelmoqda va mana shu siyosiy pozisiyada qat`iy turib faoliyatini davom ettiradi.

Aziz vatandoshlar!

Barchangizni O'zbekiston Xalq demokratik partiyasining ko'p ming sonli a`zolari nomidan kirib kelayotgan Yangi – 2022 yil bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog'lik, oilangizga farovonlik, faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz.

Yangi yilingiz muborak bo'lsin!

 

 
← Roʻyxatga qaytish