SOLIQDAGI O'ZGARIShLAR: KIM HAQ?
SOLIQDAGI O'ZGARIShLAR: KIM HAQ?

 

2021 dekabr oyi yakunlanayotganda “Soliq kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. O'zgarishlarga ko'ra, 2022 yilda yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig'i 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirildi. Shu bilan birga, mol-mulk solig'ini hisoblab chiqishda bino va inshootlar bo'yicha soliq bazasi bu ob`ektlarga 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatdan past bo'lishi mumkin emasligi bo'yicha yangi tartib ham kiritildi. Bu ko'rsatkich Toshkent shahrida 2,5 million so'm, Nukus va viloyatlar markazlarida 1,5 million so'm hamda boshqa shaharlar va qishloq joylarda 1 million so'm etib belgilangandi. Ushbu holat va boshqa yangiliklar keng muhokamalarga sabab bo'ldi. Xususan, yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig'i miqdorining oshib ketgani, natijada, ayniqsa, kichik biznes zarar ko'rishi borasida ko'plab fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Dushanba kuni Davlat soliq qo'mitasi raisi Sherzod Qudbiev soliq ma`murchiligidagi so'nggi yangiliklarga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazdi.

– Bu anjumanni o'tkazishdan maqsadimiz, aholiga soliq ma`murchiligida bo'lgan o'zgarishlarni ommaviy axborot vositalari orqali baholi qudrat yana bir bor tushuntirishdir, – deb gap boshladi qo'mita raisi. – Bunday deyishimning boisi, xuddi shu zalda mamlakatimizda o'z o'rni va nufuziga ega tadbirkorlar hamda yirik sanoat korxonalari hamda idoralarning buxgalterlari bilan uchrashib ma`murchilikdagi o'zgarishlar, ya`ni e-ijara va e-aktiv avtomatlashtirilgan axborot tizimi haqida ma`lumot bergan edik.

Shuningdek, ushbu avtomatlashtirilgan axborot tizimi soliq to'lovchilarga murakkablik emas, balki qulaylik yaratayotganini misollar orqali ko'rsatib o'tdik. Misol uchun, e-ijara tizimi orqali tadbirkorlarimizni  qonunchilikka rioya qilgan holda mol-mulklarini  real bozor bahosida baholayaptimi-yo'qmi, shuni kuzatish imkoniyati yaratildi.

Misol uchun, bitta hududda bir-biriga o'xshash sub`ektlarni topishga harakat qildik. Jizzax shahrida 861 kvadrat metr maydonga ega mulkning qiymati 1,99 million so'm ko'rsatilgan. Xuddi shunday Jizzax shahrida, yuqoridagi binodan ko'rinishi xunukroq bo'lgan 880 metr kvadrat maydonga ega mulkning qiymati esa 1,7 milliard so'm. Ikkalasi ham tadbirkor. Qaysi tadbirkorning manfaatini himoya qilishimiz kerak? Yuqoridagi misolda birinchi tadbirkor 2021 yilda 39,8 ming so'm soliq to'lagan. Ikkinchisi esa 2 foizlik stavkada 34,52 million so'm soliq to'lagan. Shuning uchun, Moliya vazirligi taklifiga ko'ra, mol-mulk solig'i stavkasi 1,5 foizgacha pasaytirilgan. Chunki halol ishlagan tadbirkorga soliq yuki kamayishi kerak. Shuning uchun yuqoridagi ikkinchi tadbirkor 2021 yildagiga qaraganda 8 million so'm kamroq soliq to'laydi. Lekin mulkini to'g'ri baholamagan tadbirkorga, albatta, soliq yuki oshyapti. Bu — to'g'ri. Chunki minimal qiymat kiritilyapti.

Shuningdek, yana bir misolni, ya`ni Toshkent shahridagi holatni aytmoqchi edim. Toshkentda maydoni 40 kvadrat metr bo'lgan do'kon 2 million so'mga baholangan. Undan uzoq bo'lmagan joydagi maydoni 31 kvadrat metr bo'lgan mulk esa 168 million so'mga. Poytaxtda 40 kvadrat metr joyning 2 million so'm turishiga ishonadimi kimdir? Bu tadbirkor shu 2 million hisobida soliq to'lashi kerak. Shunday ekan, bu do'kondan unchalik uzoqda joylashmagan 31 kvadrat metr mulk 168 million so'mga baholangan. Buning aybi davlat chiqargan qonunchilikka amal qilganimi? Bir so'z bilan aytganda, ushbu tizim tadbirkorlarni halol ishlashiga ko'makchilik vazifasini bajaradi.

Ma`lumotlarga ko'ra, yangi tartiblar joriy etilganidan so'ng 21 mingdan ortiq sub`ektlarda mol-mulk solig'i kamaymoqda. 40 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ektida esa ko'paymoqda. 7 ming sub`ektda o'zgarishsiz qolmoqda. 5 minta soliq to'lovchisi mulkini “nol” ko'rsatib kelmoqda.

O'rni kelganda yana shuni aytish mumkinki, ayrim viloyatlarda soliq yuki bir necha baravar oshib ketyapti, deb vaj keltirish­yapti. Bizdagi prognozga ko'ra, 2022 yilda soliq tushumlari 2021 yilga nisbatan 33 foizga oshishi reja qilindi (2,1 trillion so'm miqdorida). Endi oldingi yilga qarasak, 2021 yilda 2020 yilga nisbatan soliqdan tushumlar 30 foizga oshirilgan.

Endi e-aktiv platformasi nega joriy qilinayotgani haqida ham qisman to'xtalib o'tsam.

– Korxonalardagi mahsulotlar harakatini kuzatib borish va qora sxemalarga qarshi kurashish uchun e-aktiv platformasi joriy qilindi. Ushbu platforma joriy qilinishidan asosiy maqsad mahsulotlar harakatini kuzatib borish. Masalan, ruchka sotib olib, suv sotish mumkin emas-ku. Mana shu holatlarning oldini olish uchun ham e-aktiv qilinyapti. Agar siz pechene ishlab chiqarsangiz va un sotib olsangiz, biz bunga aralashayotganimiz yo'q. Birorta tadbirkorlar sub`ekti ayta olmaydi-ku, shu platforma sabab ishlab chiqarish to'xtab qoldi, deb. 24 ta eng yirik soliq to'lovchilar to'liq e-aktiv ni integrasiya qilib bo'ldi. Aynan mana shu tizimlar orqali qora sxemalarga qarshi kurashyapmiz.

Shundan so'ng, jurnalistlarni qiziqtirgan boshqa ko'plab savollariga qo'mita raisi javob bera boshladi.

Anjumanda Artel, “O'zbekiston temir yo'llari” va Uzbekistan Airways kabi yirik kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgani natijasida davlat byudjetiga tushmayotgan mablag'lar kimning yelkasiga tushayotgani, ular nega mol-mulk solig'idan ozod qilingani va ularning balansida qancha mol-mulk borligi haqida savol berildi.

– Oxirgi savolga javob bermayman: balansida qancha mol-mulk borligi soliq siri bo'ladi. Buni bilmayman ham, bilganimda ham javob bermasdim.

Kimning yelkasiga tushyapti, deganda savol noto'g'ri qo'yilyapti. Hech kimning yelkasiga tushgani yo'q. Davlat fiskal va moliya siyosati doirasida qaysidir sohalarni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlarini beradi. Agar biz o'sha soliq imtiyozlarini yashirib, e`lon qilmaganimizda, Soliq qo'mitasiga aybdor sifatida qarashingiz mumkin edi. Biz hammasini ochiqchasiga e`lon qilyapmiz, – dedi u.

Qo'mita raisi yana so'zini davom ettirgan holda Anhor.uz saytida e`lon qilingan “2022 yilgi soliqlar haqida” nomli tanqidiy maqoladagi qator vajlarni inkor qildi va gapida davom etdi.

– Mayli, soliqchi bo'lmagandan keyin… Faqatgina iltimos qilardik, kelgusida agar so'rasanglar o'zimiz axborotlarni to'g'ridan to'g'ri beramiz. Birinchidan, kimga soliq imtiyozi berilgan bo'lsa, hammasini e`lon qilib boryapmiz.

Ikkinchidan, Moliya vazirligining barcha tuzilmalaridagi xodimlar jismoniy shaxslarning daromad solig'idan ozod qilingani qayd etilgan, unday emas. Soliq kodeksida belgilanganidek, oxirgi ikki yildan beri hatto huquq-tartibot idoralari ham daromad solig'i to'layapti, kim qancha daromad soliq to'lagani haqida aniq raqamlar bor.

Uchinchidan, yakuniy bo'lmagan hisob-kitoblarga ko'ra, 2021 yilda 1 trillion 190 milliard so'mlik tovar aylanmasi qayd etilgan, shundan 17 foizi nol darajadagi, 13 foizi esa imtiyozli tovar aylanmalaridir. Umumiy, soliqqa tortiladigan aylanma 833 trillion so'mni tashkil qilgan, shundan 125 trillion QQS hisoblangan, 105 trillion “zachet”ga hisoblangan. Soliq imtiyozlari ham bir muammo bo'lishi mumkin, ammo biz uchun eng asosiy muammoimiz – adolatli hisobot berilishini ta`minlashdir, – dedi rais. Shuningdek, qo'shimcha qilib mol-mulk solig'idan hech kim ozod bo'lmasligini aytdi.

– Keyingi masala mol-mulk solig'idan ozod qilinganlar haqida. Aniq ayta olamanki, O'zbekistonda hech kim mol-mulk va yer solig'idan ozod bo'lib qolmaydi. Ozod bo'lganlar ham, belgilanganidek, 1 foizlik to'lovlar to'laydi, – dedi Sh.Qudbiev.

– Mol-mulk solig'i oshirilishi mahsulotlarning narxi ko'tarilishiga ta`sir qilmaydi?

– O'zbekistonda mol-mulk solig'i oshirilishi halol ishlab kelayotgan tadbirkorlarga foyda bo'ladi. Aniqroq aytadigan bo'lsam, aksariyat kichik korxonalar yillar davomida mol-mulkini qayta baholamay kelganligi natijasida ko'chmas mulkining qoldiq qiymati «past» yoki «nol» bo'lganligi, shu bois, minimal qiymat asosida soliq hisoblanganda ushbu ob`ektlar uchun soliq yuki ortishi kuzatilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, mol-mulk solig'ining 2 foizdan 1,5 foizga tushirilishi halol ishlab kelgan tadbirkorlar manfaati uchun xizmat qiladi va narxlarga umuman ta`sir qilmaydi.

Ushbu matbuot anjumanidan shunday xulosaga kelish mumkinki, bu o'zgarishlar soliq to'lovchilarga qulaylik yaratayotganini qo'mita raisi misollar bilan tushuntirib berdi. Ammo, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, ayrim mutaxassislar ya`ni, buxgalterlar bunday fikrlarni inkor etmoqda…

“Facebook”da “Uzreport” telekanali orqali namoyish etilgan matbuot anjumanini kuzatgan foydalanuvchilar quyidagicha izohlar qoldirgan:

 

Jasurbek Sultonov:

–  Jurnalistlar yaxshi niyatda bo'lganini bilamiz. Tadbir ssenariy bo'yicha olib borildi. Soliq qo'mitasi mard bo'lsa, katta korxonalar yoki jurnalistlar bilan emas, balki kichik va o'rta biznes vakillari bilan uchrashsin.

 

Ilmira Shamsutdinova:

– Yangi tizim bo'yicha mol-mulk solig'im 4 baravarga ko'paydi. Qanaqa qilib narxga ta`sir qilmasin? O'tgan yilda 15 million to'laydigan solig'imni edilikda, ya`ni hozirgi yangi tizim bo'yicha hisoblasam, 67 million bo'lyapti. Farqni ko'ryapsizlarmi?..

 

Nilufar Usmonova:

– Agar soliq to'lovchilar qonun doirasida vijdonan soliq to'lasa, hech qanaqa muammo bo'lmaydi.

 

Shahnoza Soatova,  bloger:

 – Ushbu matbuot anjumanida DSQ o'z oldiga qo'ygan vazifasini bajara olmagan. Bugungi matbuot anjumanini maqsadli auditoriya bilan muloqot, deb bo'lmaydi. YouTube’da jonli uzatuv payti aynan shu soliqlar boshiga tushgan tadbirkorlar sharhlarda yozib qoldirgan savollarga javob berish kerak. Tadbirkorlar, iqtisodchilar bilan muloqot qilish kerak. Soliq sxemalarini hamma jurnalistlar ham tushunib, zarur savolni bera olmasligi mumkin. Shunga “asosiy masala qolib…” deb boshlanuvchi ta`nalarga ham qo'shilmayman. Chunki tadbirda asosiy masala haqida kam gapirildi, tadbirkorlarning Kodeksga kiritilgan o'zgartirishlar to'g'risidagi noroziliklari fokusda turmadi, leytmotiv bo'lmadi. Boshqattan boshqa muloqot kerak, maqsadli auditoriya bilan.

Fakt va vaziyat shundaki, vazirlik, qo'mita va tashkilotlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligi sari dadil qadam tashlanyapti, bu yaxshi, albatta. Muhimi, muloqot bor, tushunish keyinroq ro'y berishi kerak. Buning ustiga pensiya yoki soliq sohasidagi yangiliklar hech qachon hech qaysi davlatda oson kechmagan. Soliq sohasidagi e`tirozli fikrlar ham birdan qizidi. Buning nimaligini anglagan yoki anglamagan ham fikr bildirmoqda. Muammoli vaziyatlar vujudga kelmasligi uchun qo'mita bir yil, yo bo'lmasa 6 oy oldin aholiga tushuntirib borganida, bu qadar e`tirozlar ko'paymagan bo'lardi, ehtimol.  Soliq qo'mitasi keltirgan misollarga qarasang, ularning ham gapida jon bor. Nima uchun cho'ntagini o'ylagan “tadbirkor”ning yonini olish kerak. Halol tadbirkorlar ko'payishi tarafdorimiz.

Xullas, muammoli vaziyat hali ochiq. Kutamiz va kuzatamiz. Yurish yana Soliq qo'mitasidan…

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O'zbekiston ovozi” muxbiri.

 

← Roʻyxatga qaytish