Agentlik fraksiyalarni hurmat qilmaydimi?
Agentlik fraksiyalarni hurmat qilmaydimi?

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig'ilishi Prezident tashriflariga oid xabarlar, fikr-mulohazalar bilan boshlandi. Ta’kidlandiki, davlatimiz rahbari Pekinda 24-qishki Olimpiya o'yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, tog' chang'ichimiz Komiljon To'xtaevni shaxsan qo'llab-quvvatladi. Bu mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekani qayd etildi.

Deputatlar dastlab “Ma’muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o'qishda ko'rib chiqishdi. Nazarda tutilayotgan yangi me’yorlar ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda huquqiy barqarorlikni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat idoralari tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlarga hurmat va ishonchini kuchaytirish hamda mamlakatimizning investisiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Xalq vakillari “Standartlashtirish to'g'risida”gi qonun loyihasini tanqidiy fikrlar, e’tirozlar bilan ko'rib chiqishdi. Mas’ul agentlik tomonidan fraksiyalarda bildirilgan takliflarga e’tiborsiz munosabatda bo'lingani, ayrim tuzatishlar hali-hamon to'g'rilanmagani deputatlar noroziligiga sabab bo'ldi.

Ta’kidlandiki, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida standartlashtirish tizimi xalqaro amaliyot bilan uyg'unlashtiriladi. Bunda mahsulotlar (xizmatlar) va jarayonlarning sifati, ularning tashqi bozorda raqobatbardoshligi oshishiga erishiladi. Shuningdek, loyihada ko'zda tutilgan me’yorlar sifatsiz mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va foydalanilishining oldini oladi. Mazkur hujjatni yanada takomillashtirish bo'yicha qator taklif va tavsiyalar bildirilib, qonun loyihasi konseptual jihatdan qabul qilindi.

Majlisda Sog'liqni saqlash vaziriga Qonunchilik palatasining parlament so'rovini yuborish haqida qaror ham qabul qilindi. Shuningdek, Sanoat, qurilish va savdo masalalari, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari va Xalqaro ishlar va Parlamentlararo aloqalar qo'mitalarining 2021 yildagi faoliyati to'g'risidagi axborotlari eshitildi.

 

“Ўзбекистон овози”, 9.02.2022, №6

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish