Mamlakatimizda saylov qonunchiligi bo‘yicha fuqarolarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatini yanada oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi va yurtimizda mavjud 5 ta siyosiy partiya vakillari tomonidan targ‘ibot tadbirlari tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi targ‘ibot uchrashuvi ham aynan Saylov qonunchiligini yanada targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda Moliya vazirligi xodimlari uchun “Jamiyatda saylov jarayonlarining o‘rni” mavzusida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mas’ul vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida ishtirok etgan siyosiy partiya vakillari o‘zlarining Saylovoldi dasturlari, shuningdek, bu galgi saylov jarayonlarining farqli jihatlari, Saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar xususida to‘xtalib o‘tishdi.
Davra suhbati so‘ngida ishtirokchilar bilan saylov qonunchiligi bo‘yicha savol-javoblar tashkil etildi hamda partiyalarning estalik sovg‘alari topshirildi.