“Kun ko‘rish emas, yashash muhim”. O‘zXDP nimani taklif qilyapti?
“Kun ko‘rish emas, yashash muhim”. O‘zXDP nimani taklif qilyapti?

Oylik maosh insonning turmush farovonligi, yashash sifatini ko‘rsatib beruvchi muhim omil. O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi sezilarli darajada oshgan.

Jumladan, yuqori o‘sish sur’ati sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati, sanoat, qurilish sohalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu qatori tadbirkorlik faoliyatining to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli tadbirkor, xususiy biznes egalarining ham topish-tutishiga yanada baraka kirmoqda. Bugun tadbirkor, deyilsa, yuqori daromad egasi ko‘z oldimizga keladi.

“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”. Shuning uchun aholining yuqori daromad olishi, tadbirkor-u ishbilarmonlarning yangi ish o‘rinlari tashkil etishi, xodimlarini yuqori maosh bilan ta’minlashi uchun qulay sharoitlar yaratish bizning bosh maqsadimiz bo‘lishi kerak.

Biroq bugungi bozor iqtisodi sharoitida barcha tadbirkorlik subyektlari ham yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yarata olmayapti. Xususiy korxonada ishlash deganda ba’zida chet elga tovar eksport qiluvchi nufuzli firmada yuqori maosh asosida faoliyat yuritish tushunilsa, ba’zida barqaror va turg‘un bo‘lmagan ish, mukofot puli va boshqa imtiyozlar qo‘llanilmaydigan ish haqi, maoshning mavsum va sotuv hajmi kamayganda pasayib ketishi kabi holatlar ko‘z oldimizga keladi.

Kichik biznes subyektlarida ishchilarning arzimagan maoshga kun kechirishi holatlari uchramoqda. Masalan, fermer xo‘jaliklarida yerga ekin ekib olish sharti bilan, oyliksiz ishlayotganlar, tikuv sexlarida mavsumiga, ish ko‘lamiga ko‘ra kamgina pulga qanoat qilib mehnat qilayotganlarni ko‘rishimiz mumkin. Hatto ba’zi xorijiy korxona va tashkilotlar O‘zbekistonga arzon ishchi kuchi manbai sifatida ham qaraydi. Tadbirkorlik subyektlarida oylikning kamligiga ayrim hollarda tadbirkorlarning ko‘proq foyda olish uchun arzon ishchi kuchini qidirishi sabab bo‘lsa, ba’zi o‘rinlarda yuqori maosh to‘lash uchun imkoniyat va sharoit yetarli emasligi, ish haqini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar yo‘qligi bunga to‘sqinlik qiladi.

Xalq demokratik partiyasi yurtdoshlarimizning mehnati yuqori baholanishi, mehnatiga yarasha haq olishi va tadbirkorlik subyektlarining o‘rtacha ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishini rag‘batlantirish zarur, degan tashabbusni ilgari suryapti.

Joylarda mutasaddilar bilan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar chog‘ida ham oyliklarni oshirish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Xorijiy mamlakatlarga borib, musofirlikda turli “qora ishlar”ni qilishga majbur bo‘layotganlar ham to‘qlikka sho‘xlikdan emas, yetishmovchilikdan, topgan puli oilasini boqishga yetmaganidan ketgan. Murojaatlarda shu narsa ayon bo‘lyaptiki, oylik maoshi jilla qursa iste’mol savatchasi — muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarning eng kam to‘plami uchun yetarli bo‘lishi lozim. Bu, ijtimoiy holatidan qat’iy nazar, har bir insonning ustuvor huquqi ekanini aslo esdan chiqarmaslik zarur.

Qolaversa, tadbirkorlik subyektlarining o‘zi uchun ham yaxshi ish haqi taklif etish manfaatlidir. Boisi mehnat bozorida talab katta bo‘lgan malakali mutaxassis arzongarovga ishlamaydi. Xizmatini professionallar bajarishi, ishida unum bo‘lishini istagan tadbirkorlik subyekti xodimlariga shunga yarasha haq bera olishi zarur. Ish haqining yuqori bo‘lishi aholining moddiy sharoitini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida oshirish barobarida iqtisodiyot rivojlanishiga ham turtki bo‘ladi.

Shuni inobatga olgan holda tadbirkorlik subyektlarini o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish nihoyatda dolzarb vazifadir.

Aholining turmush farovonligini oshirish, yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan ta’minlash qanday imtiyozlar asosida amalga oshirilishini belgilash zarur. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etish lozim:

Birinchidan, mehnatga haq to‘lash miqdoridan kelib chiqib, ijtimoiy to‘lovlarning differensial stavkalarini belgilash. Bunda korxona to‘laydigan o‘rtacha ish haqi qancha yuqori bo‘lsa, yagona ijtimoiy to‘lov miqdori shuncha pasayadi. Natijada korxonalar imkoniyatlari doirasida oyliklarni oshirishga intiladi. Oylik yuqori bo‘lgan ish o‘rinlariga raqobat asosida malakali mutaxassislar saralanib boradi.

Ikkinchidan, ish haqining o‘rtacha hisoblangan nominal miqdoridan past maosh to‘laydigan korxona va xususiy tadbirkorlarga qonunda belgilangan soliq imtiyozlarini qo‘llamaslik, daromadiga esa yuqori stavka bo‘yicha soliq solish.

Oyligi ro‘zg‘or tebratishga yetarli bo‘lgan inson ertangi kunidan ko‘ngli to‘q, xotirjam yashaydi, yurt ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qiladi, o‘zga yurtlarda rizq terishni xayoliga keltirmaydi. Yuqori oylik taklif etayotgan tadbirkorning ham faoliyati kengayishi, malakali xodimlar bilan ishi ildamlashiga shubha yo‘q.

Biz mustaqil O‘zbekiston xalqining farovon turmush kechirishi, tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanishini istar ekanmiz, aholining yuqori daromad olishini ta’minlashimiz lozim, deb hisoblaymiz.

Biz har bir shaxs munosib sharoitlarda mehnat qilishining tarafdorimiz!

Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz bering!

 

Saidali Yusupov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi bosh konsultanti

www.daryo.uz

 

Teglar

Deputat Saylov-2019 Men OʻzXDPni tanladim
← Roʻyxatga qaytish