Bitta masalada ikki raisning fikri
Bitta masalada ikki raisning fikri

 

Davlat boshqaruvini demokratik nuqtai nazardan isloh etish hech qachon oson kechmagan. Muhimi, bu yo'lda to'xtab qolish emas, har doim o'zgarishlar, yangilanishlar tomon yurish zarur. Keyingi yillarda mahalliy davlat boshqaruvini demokratlashtirish, hududlar taqdiri bilan bog'liq qarorlarni bir kishi emas, ko'pning fikri bilan qabul qilish bo'yicha ancha natijalarga erishildi. Xalq deputatlari Kengashlari hozir eng muhim masalalar bo'yicha qaror qabul qilishda ko'plab vakolatlarga ega bo'ldi. Bu Kengashlarning salohiyati, mas`uliyati oshishiga zamin yaratdi.

Shu kunlarda xalq deputatlari Kengashlarining maqomini mustahkamlash masalasi Konstitusiyaviy qonun loyihasida ham dolzarb masala bo'lib turibdi. Juda muhim jarayonda turibmiz, shunday paytda mahalliy Kengashlar, deputatlar faoliyati va fikri haqida ko'proq mulohaza yuritishimiz zarur.

O'tgan galgi sonlarimizda ayrim viloyat partiya kengashlari raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlar faoliyati haqidagi fikrlari, xulosalari berilgan edi. Muhokamani davom ettirgan holda viloyat partiya kengashlari raislarining mulohazalariga quloq tutamiz.

 

Nuriddin XOLMATOV,

O'zXDP Jizzax viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati:

– Yaxshi o'zgarishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Hayotning talabi esa o'z ustimizda ishlash, muammoli holatlarni hal etishdan, ishimizni yangi darajaga ko'tarishdan iborat.

Joylarda odamlar bugun partiyalarni yaxshi taniydi, har birining maqsad-vazifasini yaxshi biladi, deb aytolmaymiz. Hozir hayot balandparvoz gaplarni qabul qilmaydi. Quruq raqamlar bilan faqat o'zimiznigina aldashimiz mumkin.

Tadbirlar yuzasidan ko'p marotaba chekka qishloqlarga sayyor qabulga boramiz. O'shanda juda xafa bo'lib ketaman, sababi aksariyat fuqarolarimiz deputat kimliginiyu, partiya nima uchun xizmat qilishini bilmaydi. Albatta, bilmaslik ayb emas. Buning uchun eng avvalo, biz aybdormiz. Qishlog'imizda biron muammo bo'lsa, ko'pchilik fuqaro bee`tibor bo'lib yashayveradi. O'sha kezda loaqal deputatning ham qiziqib ko'rishga, vaziyatni o'rganishiga toqati yetmaydi. Keyin mavjud muammolar bilan hamohang yashayvergan fuqaroning deputatga ishonchi qoladimi? Albatta, yo'q. Bir deputatni taniyman, tinim bilmaydi. Hali u fuqaroning dardi bilan bir tashkilotda yurgan bo'ladi, hali bu fuqaroning tashvishi bilan boshqa tashkilotda. Hududdagi yo'llarni ta`mirlash uchun har yili «open byudjet»da qishloqdoshlari bilan ovoz to'playdi. Ishonasizmi, uni butun tuman, xalq taniydi. Rostda, ishlagan kishini kim tanimasin. Muhimi – mana shu ishni sidqidildan bajarishda.

Partiyaning rivoj topishida deputatlik guruhlari faoliyati muhim o'rin tutadi. Jizzax viloyatida joriy yil to'qqiz oyi davomida partiya guruhlarida 41 ta, doimiy komissiyalarda 32 ta, shuningdek, shahar-tuman Kengashlari sessiyalarida 22 ta masala ko'rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Ular asosan maktabgacha ta`lim muassasasi, o'rta ta`lim, tibbiyot masalalarini o'z ichiga oladi.

Deputatlarning jamoatchilik bilan aloqalarini yaxshilash, targ'ibot-tashviqot ishlarini samarali va to'laqonli yo'lga qo'yishi muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, «Bizning maqsadimiz — xalq hokimiyatini so'zda emas, amalda ta`minlashdan iboratdir». Bu biz yashayotgan yangi davrning asosiy talabidir. Umuman olganda, gap fuqarolar hayoti hamda ularning manfaati ustida borar ekan, bu borada har qanday masalaga jiddiy, fidokorona yondashish, yurtdoshlarimizning og'irini yengil qilish, ularning muammo va takliflariga quloq tutish lozimdir.

O'tgan vaqt mobaynida o'tkazilgan sayyor qabullar va Jamoatchilik qabulxonalari orqali jami 951 nafar fuqaro tomonidan mingdan ortiq masala bo'yicha murojaat kelib tushgan bo'lib, o'tgan yilning mos davriga qaraganda 40 foizga ko'payganini ko'rishimiz mumkin. Ularni hal etish darajasi 79 foizni tashkil etmoqda. Murojaatlarga yechim topishda «mahallabay», «fuqarobay» ishlash tizimi samarali yo'lga qo'yilgani, «deputat, mahalla va fuqaro» tamoyili asosida hamkorlik tashkil etilgani qo'l kelmoqda.

Murojaatlar bo'yicha ko'plab nogironligi bo'lgan fuqarolar nogironlik aravachalari va boshqa zarur ortopedik vositalar bilan ta`minlandi. Ko'plab fuqarolarga sog'lig'ini tiklash uchun orderlar olishiga ko'maklashildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlarga mahalliy hokimliklar va homiylar yordamida moliyaviy ko'mak berildi.

Misol uchun, Zomin tumani «Ettikechuv» qishlog'iga gaz balonlari yetkazib berishdagi uzilishlar deputatlik guruhi tomonidan ijobiy hal etildi. G'alllaorol tumani «Baxt» FY hududidagi «Baxt chevarlari» tikuv sexida ishlagan 10 nafar xotin-qizning ish haqi undirib berildi. Jizzax shahar «Sayxon» mahallasida 50 dan ortiq xonadon ichimlik suvi bilan ta`minlandi.

Bugun partiya guruhlari, mahalliy Kengashlar hokimliklar oldiga aniq takliflar va masalalarni qo'yishlari lozim. Tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlarimiz dasturiy maqsadlar va Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, elektorat manfaatlarini izchil himoya qilish, joylarda deputatlik nazoratini tashkil qilishda tashabbusni o'z qo'llariga olishlari talab etiladi.

 

Badriddin NASRIEV,

O'zXDP Samarqand viloyat kengashi raisi:

– Mahalliy Kengashlar ilgariga qaraganda ancha faollashmoqda, uyquchilarni «uyg'otib», sergaklashtirmoqda ham. Kengashlarda bir qator dolzarb masalalar bo'yicha hisobotlar tinglanmoqda, qarorlar muhokama uchun taqdim etilmoqda. Sessiyalar ancha munozarali, savol-javob va qizg'in kechadi. Yaxshi takliflar va fikrlar ham paydo bo'lib qoladi. Ammo faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta, ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish kerak bo'ladi.

2021 yil davomida Samarqand viloyatidagi deputatlik guruhlarida 154 ta, shundan doimiy komissiyalarda 65 ta, shuningdek, shahar, tuman Kengashlarining sessiyalarida 89 ta masala ko'rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Lekin partiya faollari, deputatlik guruh a`zolari o'rgangan masala yuzasidan qabul qilingan qarorlar ijrosiga yana bir bor qaytdikmi? Umuman, qarorlar ijro etiladimi? Jamoatchilik nazorati o'rnatish masalalari qanday? Mana, qaerda bizning «nozik» joyimiz. Ha, qanchalar achchiq bo'lmasin, tan olish lozim, biz aksariyat hollarda qaror qabul qilinishi bilan cheklanib qoldik. Natijada ahvol o'zgarishi qiyin bo'lyapti. Mahalliy Kengashlar maqomi ko'tarilsa, vaziyat butunlay boshqacha holatga keladi.

Ichimlik suvi ta`minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investisiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risidagi, Kambag'al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o'qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta`minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risidagi Prezident qarorlarining viloyatdagi ijrosini ta`minlash masalalari deputatlik guruhi va viloyat Kengashining doimiy komissiyasida o'rganildi.

Bundan tashqari, viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig'ining qurilish sohasida yangi ish o'rinlarini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli haqidagi, «Samarqand suv ta`minoti» MChJ rahbarining aholini ichimlik va oqava suv bilan ta`minlash darajasini oshirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to'g'risidagi hisobotlari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan aholi bandligini ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlar partiya guruhi hamda doimiy komissiyalarda ko'rib chiqilib, tahlil etildi, chora-tadbirlar belgilandi.

Mahalliy Kengash yig'ilishlari va sessiyalarida ochiqlik, shaffoflik va siyosiy faollikni kuchaytirishni istasak, albatta, bu jarayonlar onlayn rejimda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko'rsatilishi lozim. Bahonada ko'pchilik rahbarlarimiz va xalq vakillarini, ularning dunyoqarashi va siyosiy pozisiyasini jamoatchilik yaqindan bilib borardi.

Yana bir muhim jihat. Biz partiya deputatlik guruhi bilan partiyaning parlamentdagi fraksiyasi o'rtasida uzviy amaliy munosabatlarni rivojlantirish haqida har doim o'ylashimiz kerak. Albatta, oldimizga aniq maqsadlarni belgilab olganmiz, lekin hali buning to'liq mexanizmlarini ishlab chiqish oxiriga yetmadi. Ta`sirchan mexanizmlar orqali biz, albatta, o'zimizning xalq oldidagi, avvalo, vijdonimiz oldidagi ishonchimizni oqlagan bo'lamiz.

 

Gulruh ODASHBOEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 28.09.2022, №39

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish