Davlat va jamiyatni demokratlashtirish ko'plab omillarga bog'liq murakkab jarayon. Bu jarayonda ijtimoiy-siyosiy institutlar markaziy o'rinda turishi kerak. Ilg'or davlatlar tajribasi shuni tasdiqlaydi. Bugun xalq deputatlari Kengashlari muhim vakolatlarga ega bo'lib bormoqda. Joriy yilga mo'ljallangan asosiy Davlat dasturida mahalliy Kengashlar ahamiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish bo'yicha dolzarb vazifalar belgilangan.
Mamlakatimizda demokratik qadriyatlarga mos ravishda huquqiy va siyosiy sohada islohotlarning takomillashib borishi o'laroq, mahalliy miqyosda ham davlat boshqaruvi organlarining takomillashuvi va ixtisoslashuviga, jamiyat boshqaruvida mahalliy vakillik organlari roli va faolligining yanada kuchayishi uchun zarurat ortib bormoqda.
Siyosiy partiyalar guruhlari fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birga, demokratik islohotlarga tayanch bo'lishi, yangi darajaga ko'tarishi, jamoatchilik nazoratini izchil olib borishi xalqimiz farovonligini ko'tarishga xizmat qiladi.
Mahalliy Kengashlardagi doimiy komissiyalar faoliyati ham bu borada muhim o'rin tutadi. Doimiy komissiyalar tarkibidagi ishchi guruhlar hududlardagi aholini o'ylantirayotgan muammolarni o'rganadi, ijtimoiy masalalarni tahlil qiladi, ma`lumotlar va takliflarni sessiyalarga taqdim etadi. Bir so'z bilan aytganda, hududlardagi masalalar ko'p jihatdan ularning faoliyatiga bog'liq. Bu haqda doimiy komissiyalar raislari ham fikrlarini bildirishdi.
Shohista Toshpo'latova,
xalq deputatlari Uchqo'rg'on tuman Kengashi deputati, Ta`lim, sog'liqni saqlash madaniyat, sport va ijtimoiy masalalar bo'yicha doimiy komissiya raisi:
– Doimiy komissiyalar ishi shu jihatdan muhimki, ijtimoiy masalalar dastlab ishchi guruhi tomonidan o'rganiladi. Yig'ilishlarda muhokama etilib, shular asosida deputatlik so'rovlari yuboriladi va sessiyalarga taqdim etiladi. Doimiy komissiyada ish qancha pishiq bo'lsa, sessiyalar shuncha samarali o'tadi.
Yaqinda tumandagi maktabgacha ta`lim tashkilotlari faoliyatini o'rgandik. Bog'cha yoshidagi bolalarni bog'chaga qamrab olish holati, shart-sharoitlar bilan tanishildi. Ovqatlanish me`yori, ikkinchi nonushta, tushlik, kechki ovqat tartiblari ko'rib chiqildi.
Qishloq joylarida bog'chalarga bolalarni qamrab olish darajasi kamroq bo'ladi, uni kengaytirish lozim. Doimiy komissiya a`zolari bilan birgalikda tuzilgan savolnomalar asosida vaziyatni tahlil qildik.
Bog'chalar qaysi yili qurilgan? Bola soni quvvatidan ortmaganmi? Moddiy-texnik bazasi, yotoqxona masalasi, jihozlari yetarlimi, bolalarni rivojlantirish uchun yo'naltirilgan o'yinchoqlar, uslubiy qo'llanma va adabiyotlar bilan ta`minlanganlik holatlari o'rganildi.
Xodimlar, malakali kadrlar, mutaxassis kadrlar, to'g'ri kelmaydigan kadrlar, oliy ma`lumotli tarbiyachilar soni, umuman, holat batafsil o'rganildi. Qonunlar, me`yoriy hujjatlar amalda bajarilyaptimi, yo'qmi, eski holatida emasmi, shu masalalar alohida e`tiborda bo'ldi.
O'rganishlar natijasini sessiyaga kiritamiz. Sessiyaga qo'yishimizdan maqsadimiz kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni hal qilish. Misol uchun, nazorat-tahlil jarayonida ba`zi maktabgacha ta`lim tashkilotlari 90 o'rinli bo'lishiga qaramay, 120 nafar bola qamrab olingan. Bog'chalar yetishmaydi, ularning sonini ko'paytirish choralarini ko'rish kerak. Hududdagi bola soniga qarab bog'chalar tashkillashtirib berish va mavjudlaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash masalasi qo'yiladi.
Sulton Hamraev,
Kasbi tuman Kengashi deputati, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari doimiy komissiya raisi:
– Bugun deputatlar ancha uyg'oq. Atrofga, jamiyatga, saylovchilar hayotiga daxldorlik bor ularda. Buni kelayotgan murojaatlarda, o'rganilayotgan masalalarda ko'rishimiz mumkin. Doimiy komissiya yig'ilishlari qizg'in, bahsli o'tadi. Tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini eshitamiz, hududdagi muammoli masalalarni o'rganamiz, ular asosida sessiyalarga masalalar taqdim etamiz.
Misol uchun, yaqinda viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi va tuman TTB rahbari hamrohligida Kasbi tuman tibbiyot birlashmasiga karashli Bolalar kasalxonasi faoliyati o'rganildi. Masala bo'yicha Oliy Majlis Senatiga murojaat qilinib, tuman Bolalar kasalxonasini Tumanlararo ko'p tarmoqli onalar va bolalarni davolash markazi etib qayta tashkil etish va 2023 yil davlat investisiya dasturiga kiritib, qayta rekonstruksiya qilish haqida amaliy yordam so'ralgan edi. Vazir o'rinbosari muassasani qayta tashkil etishga va kelgusi yil davlat investisiya dasturiga kiritishga va`da berdi.
«Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi masala ham sessiyaga olib chiqildi. Dastlab doimiy komissiyada o'rganilgan ushbu masala bo'yicha chora-tadbirlar belgilanib, hozirda ijrosi ta`minlanmoqda.
Shuningdek, tumandagi 9-va 20-davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari faoliyati o'rganildi. Bugungi kunda maktabgacha ta`lim tashkilotlariga qaratilayotgan e`tibor, davlat dasturlariga bog'chalar bo'yicha berilayotgan takliflar, sohadagi muammolar bo'yicha fikr-mulohalar, takliflar bildirildi.
Doimiy komissiya yig'ilishi kun tartibida tuman maktabgacha ta`lim bo'limi boshlig'ining tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirayotgan ishlari haqidagi hisoboti eshitildi. Unda tumandagi maktabgacha ta`lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish, xodimlar o'rtasida keng tushuntirishlar, targ'ibot-tashviqot ishlari olib borish, korrupsiyaning jamiyatga, davlat qurilishiga yetkazayotgan zarari haqida batafsil ma`lumotlar berib borish va korrupsiyaga moyillik holatlariga barham berish, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yishni davlat xizmatlari portaliga joylashtirish masalalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish to'g'risida takliflar aytildi.
Shuningdek, tuman IIB yo'l harakati xavfsizligi bo'limi boshlig'ining tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish, yo'l transporti xavfsizligini taminlash va avtohalokatlarning oldini olish borasidagi, tuman hokimi o'rinbosarining yangi investisiya loyihalarini ishga tushirish orqali yangi ish o'rinlarini yaratish va aholi bandligini taminlash masalalari to'g'risidagi hisobotlari ham eshitildi. Amalga oshirilayotgan ishlarda yutuqlar bilan birga, kamchiliklar ham bor. Ularni bartaraf etish yuzasidan doimiy komissiya a`zolari savol va takliflarini berishdi.
Gulruh ODASHBOEVA,
«O'zbekiston ovozi» muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 12.10.2022, №41