Doimiy xabardorlik va hisobdorlik zarur
Doimiy xabardorlik va hisobdorlik zarur

 

Jamiyatimizda ijtimoiy faollik oshayotgani, mamlakat ravnaqi va xalqimiz xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham keng jamoatchilik fikr-mulohazalar bildirayotgani befarq bo‘lmagan insonlar safi ortayotganidan dalolat.

Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangani turli mulohazalarga sabab bo‘lmoqda. Energetika vazirligi kechikibroq bo‘lsa-da, asl holatga oydinlik kiritdi.

“Yo‘l xarita”ga muvofiq, gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlar kelishib olindi. Texnik ishlar yakunlagandan so‘ng tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinishi bildirildi. Bu masalada O‘zbekiston gaz transport tizimi berilishi, suverenitetga tahdid umuman yo‘qligi ma’lum qilindi.

Energiyaning yetarli miqdorda ta’minoti butun dunyoda jiddiy muammoga aylandi. Rivojlangan, iqtisodiyoti baquvvat davlatlar ham katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shunday qiyin vaziyatda hukumat turli yo‘nalishlarda choralar ko‘rmoqda. Qo‘shni va boshqa davlatlar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinishi shulardan biri. Davlat energiyani faqat chetdan olib kelish haqida o‘ylayotgani yo‘q, asosiy loyihalar o‘zimizda amalga oshirilmoqda.

Xalq demokratik partiyasi Energetika vazirligidan sohadagi barcha loyihalar hamda kelishuvlar haqida xalqimizga doimiy va batafsil ma’lumot berib borishni so‘raydi. Shu bilan birga, energetika bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirish zaruratini o‘rganadi, parlament nazoratiga alohida e’tibor qaratadi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish