O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik hukmron
O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik hukmron

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning davlat tashrifi bilan qo‘shni Qirg‘izistonda bo‘lishi ikki davlatning buguni va kelajagini belgilovchi muhim manfaatli shartnomalarning imzolanishi hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi savdo-sotiq rivojlanishiga, investitsiyalar mamlakatimizga kirib kelishida ijobiy natijalarni bermoqda. Chegara muammolariga barham berilmoqda.

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarini bog‘lab turgan rishtalar uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Tarixi, dini, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qo‘shni Qirg‘iziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo‘shnimiz, do‘stimiz bo‘libgina qolmay, ikki xalqni yaqin qarindosh-urug‘chilik rishtalari ham bog‘lab turadi. Ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar oxirgi ikki yilda mutlaqo yangi darajaga chiqdi.

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalari davlatlar o‘rtasida sanoat, to‘qimachilik, energetika, kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida  yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan asosiy ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, birinchi navbatda o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalarini ilgari surdi. Bugungi kunda ikki davlatda ham o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarimiz import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlamoqda. Ichki bozorlarimizni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo markazlarini tashkil etish tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklifi qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishiga imkon beradi. Ma’lumki, mamlakatimizda avtomobilsozlik, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish keng rivojlanib bormoqda. Foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash ham shular jumlasiga kiradi.

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni muhim yo‘nalish deb qayd etdi. Buning uchun intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, kartoshka, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va shunga o‘xshash boshqa qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan agrokooperatsiya dasturi amalga oshiriladi. Buning natijasida  ikki xalq dasturxoni to‘kin-sochin bo‘lishiga erishiladi.

Transport va logistika sohasidagi strategik hamkorlikni faollishtirish va shu maqsadda, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish ishlarini jadallashtirish, “Andijon-O‘sh-Irkishtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini to‘liq ishga solish va qo‘shma transport-logistika kompaniyasi tashkil etilishi esa ikki xalqni bir-biriga bog‘lovchi, qarindosh-urug‘chilik rishtalarni mustahkamlovchi “ko‘prik” bo‘ladi, albatta. Shu o‘rinda, mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin-ki, 26 yanvardan boshlab Farg‘onadan Qirg‘izistonga mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida energetika sohasini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Buning dastlabki bosqichi sifatida, Qambarota GES-1 qurilishi borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishni jadallashtirish, ertangi kunimizga yorqin nigoh bilan qarash, ya’ni xonadonlarimiz, ko‘chalarimizning charog‘on bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish