Vodiy durdonasi, yurtimizning dilbar go‘shasi sifatida e’zozlanuvchi Farg‘ona barchamizning ko‘z o‘ngimizda tobora obod bo‘lib bormoqda. Ezgu tashabbuslar barchani mushtarak maqsad yo‘lida o‘zaro jipslashtirayotgani, bir yoqadan bosh chiqarib, ertangi kun istiqboliga peshvoz chiqishga undayotgani qalbimizga g‘urur-iftixor baxsh etadi.
Ezgu fazilatli xalqimiz keyingi yillarda yangi davr, yangi zamon – Yangi O‘zbekiston dovonlarini qat’iy ishonch, aniq reja-maqsad, uzoqni ko‘zlagan yuksak aql-idrok bilan zabt etib kelayotganini dunyo ko‘rib turibdi. Hayotbaxsh islohotlar samarasini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda.
Yangilanayotgan Farg‘ona timsolida ulug‘vorlik bilan birga muhtashamlik mujassam. Bir paytlar torgina yo‘laklarda chinor bargi xazonlarini ko‘rishga ko‘nikib ketgan ko‘zlar bugun yaratuvchanlik va bunyodkorlikning yorug‘ izlarini ko‘rib, ushbu jarayonning shunchaki kuzatuvchisi emas, balki faoli va fidoyisi bo‘lishga intilyapti.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifini xalqimiz hamisha intiqlik bilan kutadi. Prezidentimizning navbatdagi tashrifi davomida Qo‘shtepa tumanidagi “Global textile infinity” klasterining to‘qimachilik korxonasi ishga tushdi. Bu bilan tumandagi 3000 ga yaqin insonlarning ish bilan ta’minlanishiga erishiladi.
Marg‘ilon shahrida azaldan tadbirkorlik, hunarmandchilik rivojlangan. Prezidentimiz Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markaziga tashrifi davomida hunarmandlarning mehnatlarini alohida e’tirof etib o‘tgani marg‘ilonliklarga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.
Farg‘onadagi o‘zgarishlar, yangilanish va istiqbol Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bog‘liq. Yurtboshimiz har gal viloyatimizga tashrif buyurganida kattayu-kichikni bunyodkorlik ishlariga da’vat etadi, bugungi kunga tiyrak nigoh tashlashga, kelajakka umid va ishonch bilan qarashga undaydi.
Farg‘ona viloyati davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi g‘oyalar asosida rivojlanishda davom etadi. Yuqoridagi ishlarning amalga oshirilishi esa Farg‘ona viloyatini yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.
Sh.Mamadjanov,
O‘zXDP Farg‘ona viloyat Kengashi rais o‘rinbosari.