Kambagʻallik jasoratli mеhnat bilan qisqaradi
Kambagʻallik jasoratli mеhnat bilan qisqaradi

 

Xalqimiz hech qachon mehnatdan qochmagan. Ota-bobolarimiz halol mehnat bilan hayot qurgan, baxt yaratgan.

Oʻz ishini yoʻlga qoʻyish, oʻz ishi, degan tushunchalar turmushimizga faol kirib kelganiga koʻp boʻlmadi. Oʻylab koʻraylik, bu nima degani? Har bir inson erkin boʻlib tugʻiladi. Hayoti davomida aksariyat odamlar tinim bilmaydi, orzularim, bolam-chaqam, kelajagim, deb yelib-yuguradi. U mehnat bilan erishgan natijalar oʻziniki, oilasi, yaqinlariniki boʻlishi kerak. Aks holda, hayot qonuniyati buziladi. Oʻz ishini yoʻlga qoʻyish oʻzinikiga ega boʻlish, erkinlikni his qilish, mulkdor, haqdor boʻlishdir.

 

Mehnat va daromad

Keyingi yillarda fuqarolar mehnatiga yarasha daromad koʻrishi, mulkka, qadr-qimmatga ega boʻlishi uchun tarixda qoladigan ishlar qilinmoqda. Qiyin, goʻyo chorasizlik chohiga tushib qolgan yurtdoshlarimizning koʻnglini koʻtarish, turmushini oʻzgartira olishiga ishontirish, hayoti izga tushib ketgunicha ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻplab loyihalar, dasturlar amalga oshirilmoqda. Davlatning barcha tashkilot va tuzilmalari pastga tushib, xalqimiz turmushining yaqinida boʻlib, ichiga kirib ishlashga undalayotgani zamirida ezgu maqsad koʻzlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yil boshidan yaxshi niyat bilan birma-bir viloyatlarga borib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlarga yordam berish, odamlarni oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish, mutasaddilarning masʼuliyatini kuchaytirish kabi oʻta muhim masalalarda vazifalarni belgilab bermoqda. Har bir hududda yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilib, ishi, turmushi, oilasi, rejalari haqida soʻrab, masʼullarga oʻrnak boʻlmoqda.

Bir tadbirkor, bir yolgʻiz ona, yana bir yosh qizning yutuqlaridan davlat rahbari qanchalik quvonayotganini koʻrish insonni toʻlqinlantiradi.

Tadbirkorning necha million dollarlik aylanma mablagʻi borligi, yana birov bogʻ qilgani, birov bolalarga hunar oʻrgatayotgani avvalo roʻzgʻorlar obod boʻlayotgani, barqaror daromad manbalari yaratilayotgani, minglab oilalarning turmushi izga tushayotgani, koʻproq ish oʻrinlari ochilishi kafolati mustahkamlanayotgani quvonarli. Bular minglab, millonlab xalqimiz bolalarining yaxshi oʻqishi, yaxshi tarbiya koʻrishini ham anglatadi.

Kambagʻallik ogʻir dardga oʻxshaydi, u oʻz-oʻzidan tuzalmaydi. Uni yengish uchun mehnat qilish, ruhlantirish, qoʻllash, ragʻbatlantirish zarur. Aks holda, kambagʻallik koʻpayish, kengayish xususiyatiga ham ega. Kambagʻal odamlar kambagʻal oilalarni yuzaga keltirsa, kambagʻal oilalar sogʻligʻi, taʼlimi, tarbiyasi muammoli bolalarni koʻpaytiradi.

Oson boʻlmagan, qatʼiy qoʻyilgan vazifalar nafaqat shu kunlarga, xalqimiz kelajagiga qaratilganini yaxshiroq tushunish uchun murakkab vaziyatdan chiqib ketayotgan oiladagi muhitni, kayfiyatni yaqindan bilish yetarli boʻladi. Yillar mobaynida tayinli bir yumush tutib, roʻzgʻoriga yaxshi yegulik kirita olmagan otaning oʻz ishini yoʻlga qoʻyayotgani, daromad koʻrayotgani, ayoli, farzandlaridan ortib, qoʻni-qoʻshnilarga qoʻshilib, mahallada koʻrinish berayotganida qancha fikr, qancha xulosa, qancha ibrat va shukronalik bor?!

 

Befarqlikni jamoatchilik nazorati yengadi

Prezident sidqidildan mehnat qilib, atrofidagilariga oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlarda “befarq boʻlmaganingiz, qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun rahmat”, deb alohida minnatdorlik bildirishi boshqacha taʼsir qiladi, toʻgʻrisi.

Eng yomon befarqlik oilasining turmushi, orzulariga nisbatan befarqlik boʻlsa kerak. Kambagʻallikni qisqartirish birinchilardan boʻlib befarqlikni kamaytirish uchun harakat qilishdir. Befarqlik deganda oilalardagi emas, joylardagi rahbar-mutasaddilardagi befarqlikni yengish choralarini koʻrish ham tushuniladi. Shuning uchun ham Prezident tashriflari davomidagi muloqotlarda barcha tuman-shaharlarning mutasaddilari studiyalardan boʻlsa-da ishtirok etishi juda zarur masaladir.

Har doim davlat rahbari hududlarda uchrashuvlar oʻtkazganda deputatlar oldi qatorlarda qatnashib, kerakli xulosalarni oladi. Joriy yildan siyosiy partiyalar vakillari ham bu jarayonlarda faol ishtirok eta boshladi. Jamiyat rivojlanishi, hududlarda uygʻoq muhit, toʻgʻri muloqot asosida faoliyat boʻlishi deputatlar, siyosiy partiyalar faollariga ham bogʻliq masaladir.

Birinchi masala kuchli jamoatchilik nazoratidir. Belgilangan vazifalar aniq, ularning ijrosi uchun javobgarlik, masʼuliyat avvalo elning oldida boʻlishi kerak. Tuman hokimi, boshqa mutasaddilar tuman ahliga hisobdorligi, elning nazarida ekanini bilib, sezib tursa, har doim yaxshi natijalar yoʻlidan oqsamaydi. Bunday hisobdorlik muhitini deputatlar, siyosiy partiyalar faollari yuzaga keltira oladi.

Xalq demokratik partiyasi keyingi yillarda dasturiy maqsadlariga eng koʻp erishayotgan partiyalardan biri, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Xalq bilan muloqot, mahallaga tushib ishlash, inson qadrini oshirish borasidagi keng qamrovli islohotlar juda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Partiyamiz davlat idoralarining xalqimiz oldidagi hisobdorligi borasidagi siyosatni toʻliq qoʻllab-quvvatlash bilan birga, jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish boʻyicha yangi vazifalarni belgilab oladi.

 

Parlament masʼuliyati

Parlament mamlakatdagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga yechim topishda, taʼsirchan parlament, deputatlik va faol jamoatchilik nazoratini muntazam olib borishda qatʼiy pozitsiya koʻrsatishi talab etilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qoʻshma qarori bilan Hududlarda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazorati samaradorligini oshirish boʻyicha yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Unga muvofiq, 2023 yilda aholi bandligini taʼminlash dasturlarining tasdiqlanishi va amalga oshirilishi holati oʻrganiladi. Natijalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinadi.

Aniqlangan muammolarni hokimliklar, tegishli vazirliklar, idora va tashkilotlar bilan birga joyida hal etish choralarini koʻrish belgilangan.

Yoʻl xaritada bandlik, ish oʻrinlari yaratilishi masalalarida mutasaddi vazirliklarning axborot va hisobotlarini parlament qoʻmitalari, yalpi majlislarida tinglash, muammoli holatlarni hal etish boʻyicha parlament nazorati institutlaridan samarali foydalanish nazarda tutilgan.

Keyingi muhim yoʻnalish viloyatlarda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrganish natijalarini parlamentda muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Deputatlar joylarga chiqib aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oʻrganishi, ishsizlikni kamaytirish boʻyicha belgilangan muddatlarda bajarilmayotgan loyihalar, aniqlangan muammolar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritishi va mavjud muammolarni birgalikda hal qilishi koʻzlangan.

Bandlik, yangi ish oʻrinlari, barqaror daromad manbai kabi muhim masalalar parlament qoʻmitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari kun tartibida har doim oldingi oʻrinlarda turishi zarur.

 

Kambagʻallik qisqarishi raqamlarda

2022-2026 yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida 2026 yil oxirigacha mamlakatda kambagʻallik darajasini ikki baravarga qisqartirish rejalashtirilgan.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish oʻrinlarini koʻpaytirish va kambagʻallikni qisqartirishdir. Bu boradagi manzilli ishlar natijasida oʻtgan yilning oʻzida kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi. 1 million aholi kasb-hunarga oʻqitilib, ish boshlashiga koʻmaklashilgan.

Raqamlarga koʻra, 2022 yil yanvar-oktyabr oylarida band boʻlmagan aholini ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 2,4 mln. nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi taʼminlangan. Xususan, 903 ming nafari doimiy ish joylariga joylashtirilgan.

Ishsizlik va kambagʻallikdan aziyat chekayotgan insonning doimiy ish va daromad manbaiga ega boʻlishining oʻzi uning hayotida yangi sahifa ochilganini bildiradi. Eʼtiborlisi, bu yerdagi raqam kichkina emas. Deyarli bir million odamning hayoti yaxshi tomonga oʻzgardi, degani.

2022 yil yakunida Statistika agentligi aholining oylik ish haqi oʻsishini hududlar kesimida taqsimlab berdi. Unga koʻra, eng katta oʻsish Toshkent shahrida boʻlgan va yillik 28,2 foizga oʻsgan holda oʻrtacha oylik ish haqi 6 mln. 314 ming soʻmni tashkil qilgan.

Respublika miqyosida oylik ish haqining oʻrtacha oʻsishi 21 foizdan koʻproqni tashkil qilib, oʻrtacha oylik ish haqi 3 mln. 892 ming soʻmni tashkil qilgan. Darhaqiqat, bu raqamlar qambagʻallik qisqarib borayotganini ham anglatadi.

 

Yoshlar bandligi

Respublikamiz aholisining 60 foizga yakinini yoshlar tashkil qilishini hisobga olsak, yoshlarga qaratilgan dasturlar tom maʼnoda kelajakka qaratilgan dastur, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbari Namanganga tashrifi davomida Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasidagi namanganlik yoshlar bilan uchrashuvida yosh yigit-qizlar uchun koʻplab dasturlar amalga oshirilayotgani, oʻtgan yili yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 140 milliard soʻm mablagʻ berilib, 6 mingdan ziyod yosh oʻz yoʻlini topganini taʼkidladi.

Shuningdek, 2,5 ming gektar ekin maydonlarini ajratish natijasida 20 ming yoshlar bandligi taʼminlangan.

Bu raqamlar faqatgina Namangan viloyati misolida. Quvonarlisi, bu dastur butun respublika miqyosida amalga oshirilgan va bu yil ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Raqamlar rejalarga yarasha katta. Bunday yillik rejalar har bir hudud uchun ishlab chiqilgan. Kambagʻallikni qisqartirish uchun tizim yaratildi va u aniq rejalar asosida ishlamoqda. Bu tizimning har bir hududda samarali ishlashi xalqimizning turmushi, roʻzgʻoriga taʼsir qiladi. Kuchli deputatlik va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali jarayonda faol ishtirok etish burchimiz, deb bilamiz.

 

Ulugʻbek Inoyatov,

Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 15.02.2022, №6

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish