Muhtaram Prezidentimizning yaqinda Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida bosh muftiy hazratlarining taklifiga muvofiq, bundan buyon o‘zi ibodatda bo‘lib, muborak Xaj va umra ziyoratiga borishlari uchun moddiy tomondan imkoniyati cheklangan, mahallada o‘z obro‘siga ega bo‘lgan fuqarolarimiz davlat va homiylar tomonidan bepul Saudiya Arabistoniga yuborilishini ma’lum qilgan edi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faoli, bir necha o‘n yillardan buyon xalq deputatlari Farg‘ona viloyat va tuman Kengashi deputati sifatida faoliyat yuritib kelayotgan usta tadbirkor va tashkilot rahbari Baxromjon Ibragimov prezidentimizning mazkur tashabbusiga birinchilardan bo‘lib labbay deb javob bergan holda shunday savobli va xayrli ishlarni boshlab yubordi.
Kuni kecha Toshloq tumanidagi So‘kchilik mahallasi Hilol ko‘chasida istiqomat qiluvchi To‘lqin Obidovga shunday baxt nasib etdi. To‘lqin Obidovga deputatimiz tomonidan umra ziyoratiga borish uchun bepul sertifikat hamda jomadonlar topshirildi. O‘zi ikkinchi gurux nogironi bo‘la turib, turmush o‘rtog‘i, o‘n yetti yildan buyon birinchi guruh nogironi Diloromxon Obidovani parvarishlab kelayotgani, keksaygan chog‘ida umra ziyoratiga borish bir umr orzusi bo‘lganini aytib, sevinch yoshlari bilan duoga qo‘l ochgan To‘lqin ota Obidov eng avvalo davlatimiz rahbariga va Baxromjon Ibragimovga ko‘rsatilgan saxovat uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Tadbirda ishtirok etgan oqsoqollar bunday saxovat mahalla tarixida birinchi marta ro‘y berayotganini ta’kidlar ekanlar, tashkilotchilarga Allohdan ishlariga omad, rivoj va ajru-savoblar tilab duolar qildilar.
Partiyamiz faoli, saxovatpesha deputatimiz Baxromjon Ibragimov bunday savobli ishlar Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa, Quva, Beshariq tumanlari va Marg‘ilon shaharlarining ko‘plab mahallalarida davom etayotganini ta’kidlab o‘tdi.