O‘zXDP fraksiyasi yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatladi
O‘zXDP fraksiyasi yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatladi

 

2023 yil 9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, xalqimiz turmush darajasi yaxshilanayotgani, jamiyatda erkinlik, davlat boshqaruvida ochiqlikni his etib, islohotlar ortga qaytmasligiga ishonchi tobora ortib bormoqda. Bugun O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar va imkoniyatlar shakllanayotganiga nafaqat guvoh, balki ishtirokchi ham bo‘lyapmiz.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada aholining barcha qatlami manfaatlari inobatga olindi, uni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida keng jamoatchilik, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Umumxalq muhokamasi davomida Xalq demokratik partiyasi tomonidan berilgan takliflarning aksariyati qonun loyihasida o‘z ifodasini topdi.

Yig‘ilishda partiya, uning ko‘p sonli elektorati uchun Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ijtimoiy yo‘naltirilganligi alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Konstitutsiya loyihasining qator me’yorlarida partiyaning asosiy g‘oyalari hisoblangan ijtimoiy himoya, huquqlar va imkoniyatlar tengligi aniq va qat’iy belgilanmoqda. Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlatga qator yangi majburiyatlar yuklanayotgani partiya saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarga hamohangdir.

Deputatlar loyihada O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanayotgani va davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravarga oshayotganini alohida qayd etdi.

Qonun loyihasida pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi ham belgilab qo‘yilmoqda. Fuqarolar tibbiy yordamning qonunda kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli ekani qat’iy belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat zimmasiga aholi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda. Ushbu normalar Xalq demokratik partiyasi uchun prinsipial ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Qonun loyihasida asosiy mezonlardan biri sifatida ijtimoiy birdamlik tamoyili ilgari surilmoqda. Bugungi tahlikali zamonda jamiyatda ijtimoiy birdamlik mustahkam bo‘lishi muhimdir. Bu partiyaning bosh g‘oyalaridan biri hisoblanishi alohida ta’kidlandi.

Deputatlar fikriga ko‘ra, Konstitutsiyaviy islohotlar davlatning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masala fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish