O‘zXDP har bir qonun loyihasi bo‘yicha takliflar berdi
O‘zXDP har bir qonun loyihasi bo‘yicha takliflar berdi

 

Bugun parlament Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya a’zolari «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.

Qayd etildiki, keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohaga bozor munosabatlarini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish va manfaatdorlikni ta’minlashga qaratilgan qulay agrobiznes muhiti yaratildi.

Deputatlar mazkur qonun loyihasi fermer xo‘jaliklari tomonidan yer va suv resurslaridan samarali foydalanish va ularning manfaatdorligini oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlagan holda, 17 moddaga kiritilayotgan o‘zgartishga e’tibor qaratdi.

Fermer xo‘jaligining majburiyatlari, deb nomlangan mazkur moddada suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rish maqsadida fermer xo‘jaliklari fermerlararo ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini, ulardagi inshootlarni ta’mirlash hamda tiklashda ishtirok etishi, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi belgilanmoqda.

Deputatlar mazkur o‘zgartirish fermer xo‘jaliklariga qo‘shimcha yuk yoki majburiyat yuklab qo‘yishi ehtimolini yuzaga keltirishi mumkinligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, muhokama qilingach, taklif va tavsiyalar berilib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Qonun kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish hamda mazkur sohada litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Deputatlar loyihani muhokama qilar ekan, sohaga oid ko‘plab terminlar ishlatilganiga qaramay, ularga izoh berib ketilmagani, buning oqibatida qonunning mazmun-mohiyatini tushunish qiyin bo‘lib qolganiga e’tiroz bildirdi. Shunga qaramay, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish zarurati nuqtai-nazaridan loyiha birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ramatovga «Hududlarda qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Mavzuning dolzarbligi inobatga olinib, mazkur taklif deputatlar tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish