Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davr
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davr

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi mamlakatimizda ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik sari tashlanayotgan dadil qadamlar uchun mustahkam asos vazifasini o‘taydi. Chunki unda aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha puxta va keng miqyosli huquqiy kafolatlar mustahkamlangan. Bu huquqiy asoslar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishiga shubha yo‘q.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida nafaqat xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, balki xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olingani uchun ham Qomusimizning mukammallashishiga xizmat qilgan. Jumladan, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilangani jamiyatimizda kechayotgan jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq. Bunda davlatning ustuvor siyosati ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlashga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatishga qaratiladi. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalarda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni olishi belgilangan. Bunday xalqchil Konstitutsiyaviy asoslar esa kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami kengayishiga yo‘l ochishi shubhasiz.

Bundan tashqari, davlat o‘z zimmasiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’yektlari hamda xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishi, ta’lim olishiga ko‘maklashish, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari hayoti sifatini oshirish bo‘yicha majburiyatni olayotgani ham ijtimoiy davlatga xosdir.

Bozor mexanizmlari yanada rivojlantirilib, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari Konstitutsiya asosida mustahkamlanayotgani yuqorida aytilgan xayrli ishlarning mantiqiy davomi va ularning rivojiga bo‘lgan katta rag‘bat hamda qonuniy himoyadir. Aytib o‘tilganidek, aholini ishsizlikdan himoyalashning muhim sharti – tadbirkorlikni rivojlantirish, yangidan-yangi biznes sub’yektlari, shoxobchalarni ochishdir. Bunday tuzilmalarni ochish aslida qiyin emas, lekin ularning faoliyatini rivojlantirish uchun himoya juda zarur. Shu ma’noda Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investisiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirish sohalariga e’tibor qaratilib, davlat tomonidan bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilishni ta’minlash mexanizmlari belgilangani muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumki, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida 2030 yilga borib aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1, 6 baravarga va daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish vazifasi qo‘yilgan. Taklif etilayotgan normalar ushbu marralarga erishish va iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan himoyalanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda. Bu esa, iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida ko‘plab soha va yo‘nalishlar qatorida yoshlar masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Alohida bir bob — XIV bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani yurtimizda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qanchalik e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

 

Zulfiya Tuyyeva,

O'zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi,

"Marifat" targ'ibotchilar jamiyati a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish