Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyevaning Oqqo‘rg‘on tumanidagi aholi bilan uchrashuvlari qizg‘in o‘tmoqda. Dastlab deputat tibbiyot xodimlari bilan uchrashib, Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, kiritilayotgan yangi normalarning ahamiyati haqida tushuntirishlar berdi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Ya’ni, Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi mustahkamlanmoqda.
Deputat Z.Shodiyeva aytib o‘tganidek, har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi mavjudligi juda muhim. Fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi alohida ahamiyatga ega. Shu bois, Yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekanligi belgilanmoqda. Bu juda muhim ijtimoiy kafolatdir.
Chunki aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Konstitutsiyadan o‘rin olayotgan ushbu modda aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza qilish, onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi.
Uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil va atroflicha javoblar qaytarildi.
Deputatning hududdagi uchrashuvlari davom etmoqda.