Xalq Konstitutsiyasi xalqchil tarzda tushuntirildi
Xalq Konstitutsiyasi xalqchil tarzda tushuntirildi

 

Termiz davlat Pedagogika institutida "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini targ‘iboti bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati F. Sharipov Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati, kiritilayotgan yangi normalarning xalqimiz hayot-faoliyatiga ta’siri va natijadorligi xususida qiyosiy tahlillar, sodda, xalqchil hamda hayotiy misollar asosida tushuntirib berdi.

Jumladan, ta’lim va ilm-fanga oid normalar, xususan, o‘qituvchining jamiyatdagi ijtimoiy maqomi haqida, shuningdek, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi, aholi salomatligini asrash, majburiy mehnat, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, inson huquq va erkinliklariga, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilishga oid normalar to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritildi.

Alohida ta’kidlandiki, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda “inson manfaati har narsadan ustun” degan mezon asos qilib olingan.

Targ‘ibot zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida, sodda, ravon tarzda olib borildi. Ishtirokchilar ham faollik ko‘rsatishib Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda fikr-mulohazalar bildirishdi, savollariga javoblar olishdi.

Umuman, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Firdavs Sharipov, mahalliy Kengash deputatlari, institutning professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokidagi tadbir fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tdi.

Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizning qabul qilinishi xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy Qonun bo‘lishi ta’kidlandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish