Yaxshiroq yashash uchun “ha” deymiz — Xalq demokratik partiyasi
Yaxshiroq yashash uchun “ha” deymiz — Xalq demokratik partiyasi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va aholini referendumda faol ishtirok etishga undaydigan targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Namangan viloyati Namangan shahridagi musiqali drama teatri maydonida bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirokida kechgan tadbir yuzlab namanganliklarni bir yerga jamladi.

Namanganda keyingi yillarda olib borilgan tub islohotlar va ko‘plab bunyodkorlik ishlari natijasida nafaqat shahar, balki viloyat qiyofasi ham butunlay o‘zgargan. Aholining yashash sharoitlari yaxshilanib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortganini ularning yuz-ko‘zlaridan ham bilish mumkin. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa farovonlik tomon qo‘yilgan yana bir qadamdir.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizda ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik sari tashlanayotgan dadil qadamlar uchun mustahkam asos vazifasini o‘tashi, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilangani jamiyatimizda kechayotgan jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqligi, inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni oshirilgani va bu fuqarolarning davlat himoyasida bo‘lishini ta’minlab, yanada farovon hayot kechirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi.

Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 44-moddasida majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi belgilab qo‘yilyapti. Ushbu muhim o‘zgarish aynan majburiy mehnat, xususan, bolalar majburiy mehnatiga to‘liq barham berilishini ko‘zda tutadi. Majburiy mehnatning Konstitutsiya darajasida taqiqlanishi xalqimizning ilmiy, ma’naviy salohiyati oshishiga, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishiga, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.

47-modda bilan ilk bor har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Shuningdek, hech kim sudning qarorisiz
va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi qayd etilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida, shuningdek, ta’lim masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan bo‘lib, 50-moddada har kim ta’lim olish huquqiga egaligi mustahkamlanmoqda. Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlab, maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’limni o‘z nazoratiga olmoqda.

Bayromona muhitda o‘tgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga, Yangi O‘zbekistonning huquqiy tayanchi, xalqimizning birdamligi va farovonligi kafolatiga aylanishiga ishonch bildirdilar.

Ochiq osmon ostidagi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida bayramona kayfiyatda davom etmoqda.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish