Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadiga aylanmoqda
Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadiga aylanmoqda

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirish va referendumda faol ishtirok etishga chaqiruvga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari Respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.

“Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi muloqot Xorazm viloyatining Urganch shahridagi Istirohat bog‘ida o‘tkazildi.

Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, yoshlar, umuman o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan yuzlab xorazmliklar ishtirok etdi.

Qadim tarixga ega Xorazm vohasida ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjud. Bu ko‘hna zamin dunyoga algebra, algoritm kabi fanlarga asos solgan Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, arab tilining mukammal qonun-qoidalarini ishlab chiqqan Mahmud Zamahshariy singari allomalarni bergan. Buyuk ajdodlar davomchilari bugungi kunda ham izlanishda, ilmga chanqoq. O‘z yurti kelajagiga dahldor har ishda g‘ayratli.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan siyosiy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Ulug‘bek Vafayev so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda “ijtimoiy birdamlik” tamoyili birinchi marta kiritilayotganligi, davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga oshayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nogironligi bor bolalarga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilyapti. Shuning uchun bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritilmoqda. Aholining salomatligini tiklash, tibbiyot sohasidagi islohotlar 48-moddada o‘z aksini topgan. Tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyati davlat zimmasiga yuklanib, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash belgilanmoqda.

54-moddada insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida e’tirof etilgan. 55-moddada inson haq-huquqlari bilan bog‘liq masalalar yanada to‘ldirilib, har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanmoqda. Bu moddalar yurtimizda inson qadri tiklanayotgani, barcha islohotlar, vazifalar inson farovonligi uchun amalga oshirilayotganini yaqqol ifodalaydi.

Kuy-qo‘shiq, xursandchilik kayfiyatida o‘tgan tadbirda Konstitutsiyaviy Qonun loyihasidagi shu va boshqa o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangi me’yor va qoidalar aholi vakillariga ma’qul bo‘layotgani, uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish