Siyosiy hayotga ilk qadam
Siyosiy hayotga ilk qadam

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi majlislar zalida O‘zbekiston XDP dan Yoshlar Parlamentiga saylangan a’zolar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy Kengashi rahbar va mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hududiy studiyalardan mintaqaviy partiya kengashlari rahbar xodimlari ishtirok etgan muloqot yig‘ilishda eng avvalo, ko‘p millionlik yoshlar orasidan omad kulib boqqan Yoshlar parlamentining yangi a’zolari samimiy muborakbod etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yoshlar parlamenti Prezidentimizning g‘oya va tashabbuslari asosida navqiron avlodni qo‘llab-quvvatlash, siyosiy-huquqiy faolliklarini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Milliy parlamentimizda mamlakatimizdagi yoshlarning ishongan vakili bo‘lish, Prezident tashabbusini amalga oshirishda bevosita ishtirok etish sharaf va mas’uliyat ekani, zamonaviy yoshlar o‘zlarining huquq va manfaatlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal qilishga qodir kuchga aylanayotgani quvonarli ekani alohida tilga olindi.

Har qanday xalq va mamlakatning kelajagi yoshlarga berilayotgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbekistonda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda XDP tarixi, asosiy g‘oyalari, dasturiy maqsadlari haqida gaplashildi, fikr-mulohazalar almashindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengashlardagi barcha deputatlari, partiya faollari Yoshlar Parlamenti yangi a’zolarining fikr-mulohazalarini tinglashga, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, birgalikda ishlashga hamisha tayyor ekanligi ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida yoshlarga ham so‘z berilib, ularning rejalari, g‘oya va tashabbuslari tinglandi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Men OʻzXDPni tanladim Oliy Majlis Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish