Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash orqali xalqimiz farovonligiga erishish oliy maqsad
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash orqali xalqimiz farovonligiga erishish oliy maqsad

 

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida kambag‘allikni qisqartirish va insonlarning bandligini ta’minlash orqali ularning farovon hayot kechirishi va o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi eng oliy maqsad qilib olingan. Mazkur maqsadlarni amalga oshirishning huquqiy poydevori Yangilangan Konstitutsiyamizning moddalarida ham o‘z aksini topgan. Davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish chora-tadbirlari xususida so‘z bordi.

Ma’lumki, oxirgi uch yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilindi. Joriy yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berildi.

Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilmoqda. Natijada o‘tgan yili 1 million nafar, 2023 yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi.

Shuningdek, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar» va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olindi.

Hududlarda investitsiya dasturlari doirasida har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Bu esa, ushbu korxonalarga minglab malakali mutaxassislar kerakligidan dalolat beradi. Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarning buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas.

Yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini jadal qo‘llab-quvvatlash natijasida oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paydi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz aholi bandligini ta’minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy rag‘batlar taqdim etish zarurligini qayd etdi.

Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.  Dasturga 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi.

Bu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.

Shu bilan birga, tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida yengilliklar oladi.

Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.

Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi:

Mazkur imtiyozlar natijasida yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish choralarining ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkin-ki, yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalana olsak, ko‘zlagan maqsadlarimizga yetamiz va pirovard natija, xalqimiz boy va farovon yashashiga erishamiz.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish