Munosib tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Munosib tayyorgarlik ko‘rilmoqda

 

Barchamizga ma’lumki, joriy yilda mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi.

Partiyamiz mazkur saylovda faol ishtirok etishini birinchilardan bo‘lib ma’lum qildi hamda saylovga tayyorgarlik jarayonlarini boshladi.

Joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan mazkur saylov avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladi. Siyosiy partiyalar, xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z g‘oya va maqsadlarini amalga oshirishga intilishi kuchaygan, saylovchilarning siyosiy tafakkuri yuksalgan. Ayniqsa, yoshlar ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatmoqda.

Har qanday siyosiy partiya saylov kampaniyasiga kirishar ekan, o‘zining dasturiy g‘oya va maqsadlarini zamon bilan hamnafas takomillashtirib boradi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining bu saylovga rejalari bor. Partiyamiz saylov kampaniyasiga kirishar ekan, o‘zining g‘oyaviy va dasturiy hujjatlari, targ‘ibot vositalarini partiya faollarining takliflari asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Biz avvalgi saylovoldi dasturlarini tahlil qildik, g‘oyalarimizning asosiy qismi amalga oshmoqda, qonunlar qabul qilindi, ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Shu sababli ularga yangicha nuqtai nazardan razm soldik.

Saylovoldi dasturi loyihasini tayyorlashda ilmiy doiralar va partiya faollari, deputatlarimiz, keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot va muhokamalar o‘tkazilib, yangicha yondashuvlar hamda takliflar o‘rganilmoqda.

Bugungi kunda partiyaning quyi bo‘g‘inlari faoliyatini kuchaytirish, a’zolar safini kengaytirish, aholining muammolari va ularni tashvishga solayotgan masalalarni quyi tizimgacha tushib o‘rganib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Saylovoldi jarayonlariga qaralsa, nomzod o‘z dasturini e’lon qilganidan so‘ng, uning targ‘ibotiga kirishiladi. Joylarda jamoatchilik suhbatlari, uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish asosiy masalaga aylanadi.

Shu ma’noda, partiyamizdan ilgari surilgan nomzod saylovoldi shtabida ish qizg‘in olib borilmoqda. Xususan, saylovga partiyamiz yangilangan strategiya va dasturi bilan kirib kelmoqda. Mazkur strategiyani amalga oshirish uchun alohida media guruh, joylarda aholi vakillariga nomzod dasturining ustuvor masalalarini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot guruhlari hamda volontyorlar jamoalari shakllantirildi. Umuman olganda, saylovoldi targ‘iboti jarayonlariga puxta tayyorgarlik olib borilmoqda.

Targ‘ibot guruhlari hamda partiyani qo‘llab-quvvatlovchi volontyorlar guruhlari maxsus treninglarda o‘qitilmoqda. Partiya xodimlari va faollari yangi tashkiliy-huquqiy sharoitlarda saylovoldi tashviqotini amalga oshirish uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.

Media guruh jarayonga mas’uliyat bilan yondashgan, targ‘ibot tadbirlari, turli yondoshuvlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Nomzod haqida avtobiografik mazmunda videorolik va infografikalar tayyorlanmoqda. Jamoat joylarida maqsadli ijtimoiy va siyosiy targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar va boshqa ommaviy tadbirlar amalga oshirish reja-jadvallari ishlab chiqilmoqda.

Saylovoldi tashviqotiga start berilgach, Xalq demokratik partiyasi qator targ‘ibot loyihalarini amalga oshirishga kirishadi. Xususan, bu galgi targ‘ibot jarayonlariga partiya faollari shijoat bilan kirishishgan.

A’zolarimizni ko‘paytirish uchun partiyamizning mahalliy va boshlang‘ich tashkilotlari muntazam ijtimoiy-siyosiy tadbirlar o‘tkazmoqda.

Partiyamiz, shuningdek, nomzod va uning ishonchli vakillarining har bir mahalla, korxona va tashkilotlar, ishlab chiqarish obyektlarida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni belgilab olgan.

Bunda, muloqotlarni nomzod viloyat markazlarida, ishonchli vakillar esa har bir hududda amalga oshiradi. Targ‘ibot vositalarining yana bir samarali usullaridan biri – bu partiya ramzi, nomzodning fotosurati hamda partiyaning saylovdagi bosh shiori aks etgan tashqi reklama vositalaridan foydalanish. Partiya targ‘ibotning ushbu usulidan samarali foydalanadi. Xususan, respublikaning barcha tuman va shahar markaziy ko‘chalari, bozorlar atrofida hamda odam gavjum bo‘ladigan hududlarga bannerlar va bilbordlarni joylashtirish, elektron monitorlarga roliklar joylashtirish, plakatlar va tarqatma materiallarni tarqatish odamlar e’tiborini tortadi, albatta. Faqat bunda noodatiy shakllardan foydalanish yaxshi samara beradi.

Yurtimiz bo‘yicha avtobus va metro bekatlarida, bozorlar va savdo markazlarida, avtoturargoh va katta yo‘l yoqalarida, jamoat tarnsportlarida partiyaning ko‘ngillilar guruhlari va faollari yordamida partiya ramzi, nomzodning fotosurati hamda partiyaning saylovdagi bosh shiori aks etgan materiallarni tarqatish masalasi ham e’tiborda bo‘ladi.

Partiyamiz saylovga tayyorgarlik jarayonlarida qonunga muvofiq ravishda barcha imkoniyatlardan samarali foydalanadi.

 

Firdavs Sharipov,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.

«O‘zbekiston ovozi», 24.05.2022, №19

 

 

 

 

Teglar

Deputat Saylov Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish