Samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvini Samarqand viloyatida davom ettirdi.

Muloqotda viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etishdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi raisi, ishonchli vakil Badriddin Nasriyev olib bordi. Muloqotga kirishishdan avval ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Prezidentlikka nomzod dasturidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, bo‘lajak saylov uchun elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, quyidan yuqoriga qarab yo‘naltirilgan takliflar asosida har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilgani, keng qamrovli dastur ishlab chiqilganini ta’kidladi. Dasturda to‘qqizta yo‘nalish orqali yuzga yaqin g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Xususan, dasturning barcha yo‘nalishlarida ijtimoiy himoyani kafolatlash, huquqlar imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligiga erishish, sud huquq sohasida qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etish, davlat va jamiyat boshqaruvini xalq hokimyatchiligi prinsiplari asosida yanada demokratlashtirish bilan bog‘liq yana ko‘plab g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Nomzod dasturida belgilangan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish bilan bog‘liq g‘oya va takliflar jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, ehtiyojmand qatlam vakillarining huquq va manfaatlari himoyasi kafolatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildilar, dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar ishtirokchilarni Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda o‘z fuqarolik pozitsiyasi bilan faol ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

 

 

Teglar

Faollarimiz davlat boshqaruvida Saylov
← Roʻyxatga qaytish