Qonun loyihasi deputatlar bergan takliflar asosida pishiq-puxta holatga keltirildi
Qonun loyihasi deputatlar bergan takliflar asosida pishiq-puxta holatga keltirildi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, o‘z faoliyatini sharoiti “og‘ir” tumanlarda amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari, elektrotexnika tarmog‘i korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlari uchun bir qator soliqlar (masalan, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq) bo‘yicha imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.

— Yig‘ilishda qonun loyihasida belgilanayotgan normalarni atroflicha ko‘rib chiqdik, — deydi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi O‘rol O‘rozboyev. — E’tiborlisi, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olingani, loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilganini e’tirof etish kerak. Kiritilayotgan o‘zgartishlar, albatta, soliq tizimini takomillashtirishga, biznes muhitini yanada yaxshilashga, aholining farovon yashashiga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining muhimligi, ayniqsa, partiya elektorati manfaatlariga mos kelishi hamda aholining sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidlab, uni bir ovozdan ma’qulladilar.

Kun tartibidagi navbatdagi masala — “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda fraksiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish