Kasb-hunarli yoshlar – mamlakat tayanchi
Kasb-hunarli yoshlar – mamlakat tayanchi

 

Keyingi yillarda insonga munosabat o‘zgargani haqida ko‘p aytiladi. Ayniqsa, yoshlarga nisbatan, ularning ilm olishi, hunarli bo‘lishi, umuman, jamiyatda munosib o‘rnini topishi bilan bog‘liq masalalarga munosabat ham tubdan o‘zgardi. Tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yildi. Buni yoshlarni kasbga yo‘naltirish misolida ko‘rib chiqsak, yanada aniq tasavvur va xulosaga ega bo‘lamiz.

Qadimdan ota-bobolarimiz farzand tarbiyasida xoh u o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, kasb-hunarli qilishga alohida e’tibor berganlar. Farzandlarining layoqati, qobiliyatiga qarab tarbiyalaganlar. Ta’kidlash lozimki, bolada mehnatga munosabat dastavval oiladan boshlanadi.

Insonning unib-o‘sishi, shaxs sifatida shakllanishi, umuman, hayotning ma’nosini faoliyatsiz, mehnatsiz tasavuur qilib bo‘lmaydi. Odamzod paydo bo‘lishidan boshlab mehnat bilan shug‘ullangan. Dastlab faqat kun kechirish uchun qilingan mehnat keyinchalik kattaroq maqsadni, manfaat ko‘rishni, jamiyat uchun xizmat qilishdek sharafli faoliyatga aylangan. Hozirgi kunda ham mazkur masala dolzarbligini yo‘qotmagan.

Yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada ulkan va amaliy natijalarni har bir o‘zidan o‘tkazib his qilib bormoqda.

Qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani, ularning ijrosiga mas’uliyat bilan yondashilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Xalqimiz qalbidagi ezgu g‘oya – Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun birinchi navbatda ta’limni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor kishini quvontirmay qolmaydi. O‘ylab ko‘raylik, bola umrining qariyb 10 yilini maktabda o‘tkazadi. Bu davr ichida uni har tomonlama ilmga, hunarga intiluvchan qilib tarbiyalash har birimizning vazifamizdir.

Yoshlarni kasb-hunar tanlashga tayyorlashda har bir o‘g‘il-qiz shaxsidagi individual xususiyatlarni inobatga olish, ularning tug‘ma iste’dodlari, ma’lum bir kasb-hunarga nisbatan bo‘lgan layoqat, moyillikka qarab kasb-hunar yo‘naltirish yoshlar orasida ishsizlikning oldini olish barobarida jamiyatga foydasi tegadigan mutaxassislar soni ko‘payishida muhim ahamiyatga ega.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2022 yilda maktablarni tamomlagan 385 839 nafar o‘quvchilarning 136 649 nafari (35,4 %) OTMlarga o‘qishga qabul qilingan, 113 979 nafari (29,5 %) o‘zini-o‘zi band qilgan, 33 116 nafari (8,6 %) ishga joylashgan, 18 187 nafari (4,7 %) tadbirkorlik faoliyatini boshlagan, 5 165 nafari (1,3 %) chet davlatlarga, 2 528 nafari (0,7 %) harbiy xizmatga ketgan.

Bugungi kunda maktab ta’limida yangicha yondashuvlar ko‘zga tashlanmoqda. Xalqaro ilg‘or tajribalar o‘rganilib, eng samarali deb topilganlari amaliyotga joriy etilmoqda. O‘smirlarni o‘qish, tillarni o‘zlashtirish, kasb-hunarga o‘rgatish va qiziqtirishda zamonaviy usullardan foydalanilmoqda.

O‘tgan yili 14 474 nafar 11-sinf bitiruvchilari kasb-hunar va tadbirkorlik kurslarida o‘qib, shundan 9 113 nafar bitiruvchi tegishli sertifikat olgan va 3 677 nafar bitiruvchiga imtiyozli kreditlar berilgan.

18 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha 1-11-sinflar uchun yaratilayotgan Milliy o‘quv dasturlariga 302 ta kasbga oid mavzular kiritildi. O‘quvchilarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va yo‘naltirish maqsadida “Milliy ta'lim resurslari”da 25 dan ortiq zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi IT-sohalaridagi 700 dan ortiq, “profnavigator.uz”da 450 dan ziyod video-darsliklar, video-kontentlar, taqdimotlar hamda professiogrammalar joylashtirildi. Bitiruvchi sinf o‘quvchilariga talab yuqori bo‘lgan 64 ta ishchi kasb (oshpaz, konditer, tikuvchi, duradgor, santexnik) va “kreativ sanoat” yo‘nalishidagi 10 ta kasb (dizayner, Ay-Ti dasturchi, 3 D-animator, media-montajchi kabi) o‘rgatilmoqda.

Yoshlarni munosib kasb va sohaga yo‘naltirish, yoshlar bandligi – bu davlat ahamiyatiga molik masala, chunki aynan yoshlar mamlakat kadrlar salohiyatini tashkil qiladi.

Yoshlar bandligini ta’minlash davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining dolzarb va uzoq muddatli vazifasi hisoblanadi. Bugungi kunda inson salohiyatining raqobatbardoshligini oshirish ko‘p jihatdan yoshlarga oid strategiyaga bog‘liqdir.

Bugungi yoshlar ko‘p jihatdan jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda, yoshlarni munosib kasbga yo‘naltirish, ishga joylashtirish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish muhim vazifa hisoblanadi.

Bu yangi hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish barobarida o‘ziga bo‘lgan ishonchi, hayotga bo‘lgan ishonchi ortishida, qolaversa, yurtimiz ravnaqi, taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘sha oladigan avlodlar bo‘lib tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yoshlarning ma’naviy, axloqiy, jismoniy, ruhiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ularni har tomonlama kasb-hunar tanlashga mustaqil tayyorlash dolzarb vazifa ekanligini anglagan holda, 2023 yil 1 fevraldan boshlab respublika bo‘yicha tajriba sinov tariqasida 42 ta tuman (shahar)da jami 126 ta maktabda 64 ta ishchi kasblar, 21 ta tadbirkorlik yo‘nalishlari hamda 10 ta IT va “kreativ industriya” yo‘nalishlari bo‘yicha 9,8 ming nafar o‘quvchilar kasbga o‘rgatildi.

Mehnatsevarlik xalqimizga xos xislatlardan biridir. Inson har bir narsaga o‘z mehnati, intilishlari yordamida erishadi. Mehnat tufayli farzandlarimiz mustaqil hayotga erkin inson bo‘lib qadam qo‘yadilar. Biz esa ularga ko‘makdosh, hayotda to‘g‘ri va o‘z yo‘llarini topishlarida yo‘lchi yo‘ldosh bo‘lishimiz zarurdir. Shu maqsadda hududlarimizda maktab bitiruvchilari uchun “Ta’lim va kasb-2023” xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etildi. Ko‘rgazmaga 50 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasa vakillari, 80 mingga yaqin maktab bitiruvchilari jalb etildi. Bundan tashqari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan “O‘zbekiston professional ta’lim tizimida islohotlar va zamonaviylashtirish jarayonlarini qo‘llab quvvatlash” loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolanib, 2 marotaba respublika seminari o‘tkazildi.

Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va agrotexnologiya yo‘nalishidagi korxona va tashkilotlarga 34 mingga yaqin ekskursiyalar tashkil etilib, 616 ming nafardan ortiq o‘quvchilar qamrab olindi. Bitiruvchi o‘quvchilarining kasbga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida “Kasb va yoshlar” ochiq muloqot oyligi o‘tkazilib, 562 989 nafar umumta’lim maktab o‘quvchilarining 716 ta professional ta’lim muassasalariga tashrifi tashkil etildi.

«Hunar – hunardan rizqing unar», deydi dono xalqimiz. O‘quvchi maktabni tugatgach, uni to‘g‘ri yo‘naltirish, so‘ng talab yuqori bo‘lgan kasb egasi bo‘lishga ko‘maklashish uning kelgusi hayotida juda muhim ahamiyatga ega. Raqamlardan, amalga oshirilayotgan ishlar salmog‘idan ko‘rinib turibdiki, Prezidentimiz boshchiligida yoshlarning har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib yetishishlari uchun otalarcha g‘amxo‘rlik qilinmoqda.

Maqsad ezgu va yagona – Yangi O‘zbekiston farzandlari hayot bilan hamnafas, shijoatli, bilimga chanqoq, halol va hayotga teran nigoh bilan boqa oladigan insonlar bo‘lib tarbiya topishiga erishishdir. Mehnatkash yoshlar to‘g‘ri fikr, ilg‘or dunyoqarash bilan mamlakatni faol rivojlantiruvchi drayverga aylanadi.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish