Aholi manfaatlariga mos tashabbuslar
Aholi manfaatlariga mos tashabbuslar

 

Mana, 32 yildirki mustaqillik — muqaddas tuyg‘u, buyuk ne’mat, eng oliy qadriyatimizga aylandi. Aytish mumkinki, istiqlolning har bir yili voqelarga juda boy, tarixiy burilishlar davri bo‘lgani bilan ham ahamiyatlidir.

Ayniqsa, 2022-2023 yillar davomida ulkan tarixiy burilishga mengzaydigan islohotlar amalga oshirildiki, bu O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Yangi O‘zbekiston oldiga qo‘yilgan maqsadu vazifalar ijrosi borasida o‘z sobitligimizni yaqqol namoyon qildi. Bir qator muhim siyosiy va iqtisodiy omillarga ko‘ra, yil davomida dunyo jamoatchiligi e’tiborida bo‘lganimizni alohida aytib o‘tish adolatdan bo‘ladi, nazarimda.

O‘tgan yilgi amaliy ishlar asosi uchun eng avvalo, 2022 yil 20 dekabrdagi Murojaatnomani eslab o‘tishimiz joiz, deb o‘ylayman. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi ham ichki, ham tashqi xabarlarning bosh mavzusiga aylangani bor gap. Zotan, Murojaatnoma mohiyatan Yangi O‘zbekistonning yaqin va uzoq istiqbolda oldiga qo‘yayotgan maqsad, vazifalari haqidagi eng ishonchli “qo‘llanma” bo‘lgan edi. Fikrimning isboti tariqasida ayrim jihatlarni sanab o‘taman.

Prezidentimiz Murojaatnomasida “Mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi. Buning uchun yangi yilda, 1 yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qoladi”, deb ta’kidlagan edi. Bu boradagi o‘zgarishlar esa o‘z natijasini ko‘p kutdirmadi.

"Mahalla budjeti” tizimi eksperiment tariqasida joriy etilgan 14 ta tumandagi 764 ta mahallaning o‘zida shu yilning I choragida 45 mlrd. 249 mln. so‘m miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari undirilishiga erishilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,8 baravarga ko‘p demakdir.

Darhaqiqat, joriy qilingan tizim mahallabay ishlashni yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarining bevosita mahalla darajasiga tushirilishini ta’minladi.

Pirovardida, mahallaning o‘zidayoq ko‘plab muammolarni hal qilish, jumladan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, moddiy yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kutubxonalar, sport maydonchalari qurish kabi masalalarni hal qilishga mustahkam zamin yaratildi.

Yoki yana bir misol, Murojaatnomada Toshkent shahri uchun qo‘shimcha ravishda 1 mingta zamonaviy avtobus sotib olinishi, 7 ta yer usti metro bekatining ishga tushirilishi, bularning hisobidan esa, har kuni 500 mingdan ziyod poytaxt aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi qayd etilgan edi.

Bugungi kunda poytaxtimizda yo‘lovchi tashishni mavjud talablar asosida takomillashtirish orqali atmosferaga zaharli gazlar chiqishini kamaytirish, qatnov payti intervallarni maqbullashtirish hamda jazirama kunlari jamoat transportlarida qulay harorat bo‘lishini ta’minlashga erishilganini hammamiz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz va avvalgi yilga nisbatan anchayin takomillashgan xizmatlardan foydalana boshladik.

Quvonarlisi, metroning yangi bekatlari foydalanishga topshirilib, ularni nomlashda keng jamoatchilik fikri inobatga olindi va o‘ziga xos nomlar qo‘yildi. "Toshkent metropoliteni" DUK matbuot xizmati ma’lumotlarga ko‘ra, tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida 1,5 daqiqalik, O‘zbekiston yo‘nalishida esa 3-3.5 daqiqalik hamda Yunusobod yo‘nalishida esa, 5 daqiqalik intervalda poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan, soxa mutasaddilari zarur choralar ko‘rayotgani ham avvalo xalq manfaatlariga to‘la mosligi bilan e’tiborga molik.

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqilligimizning o‘ttiz ikkinchi odimi yurtimiz uchun zalvorli va samarali bosib o‘tilayotir. Zero, islohotlar nafaqat siyosiy, ma’muriy balki barcha sohalarda yuqori su’ratlarda amalga oshirilmoqda. Rivojlanishning bunday yuqori shiddatini bugun hammamiz his etmoqdamiz.

 

Zulayxo AKROMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Mustaqillik Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish