Maqsadlar ijtimoiy sohalarga qaratilgan
Maqsadlar ijtimoiy sohalarga qaratilgan

 

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi muhim tarixiy hujjat bo‘lib, kelgusi 7 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar strategiyasini qamrab olgan. Bu siyosiy hujjat Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun, insonlar taqdiri uchun juda muhimdir. Beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad belgilab olingan. Har bir maqsadda ko‘zlangan marralarimiz bor, har bir maqsad xalqimizning yaxshi yashashi va farovon turmush kechirishiga qaratilgan. Maqsadlar aniq, vazifalar aniq, ijrochilar, mas’ullar aniq belgilab berilgan.

Strategiya bilan tanishar ekansiz ijtimoiy sohaga ko‘proq maqsadlar qo‘yilganligiga guvoh bo‘lasiz. Masalan, 22-29-maqsadlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar o‘rin olgan. Bu maqsadlarda ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasini to‘liq qamrab olinishiga erishish belgilanmoqda. Bu mamlakatimizda barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarimiz ijtimoiy himoya qilinishini anglatadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir inson bugun davlat himoyasida, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan insonlar yagona reyestri tashkil etiladi. Xatlovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni majmuaviy amalga oshirish uchun respublikamizning barcha tuman va shaharlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati tashkil etilishi belgilanmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining manzilli va tizimli himoyasi ta’minlanadi. Bizning partiyamiz elektoratining ijtimoiy himoyasi saylovoldi dasturimizda ilgari surilgan g‘oya va maqsadlarimizga to‘liq mos keladi.

Bundan tashqari, strategiyada mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish ham o‘rin olgan bo‘lib, 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish hamda kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 million aholi daromadini oshirish kabi muhim vazifalar belgilab olinmoqda. Buning uchun albatta tizimli ishlar xonadonbay, fuqarobay ishlar tashkil etiladi. Kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Pirovardida partiyamizning elektorati bo‘lgan fuqarolarning yashash sharoit o‘zgaradi. Hayotda o‘z o‘rni va kelajagini belgilab beruvchi muhim islohotlardan rozi bo‘ladi. Muhimi inson qadri degan shior amalda o‘z isbotini topadi.

Shuningdek, keksa avlod vakillariga ham g‘amxo‘rlik qilish borasidagi islohotlarimiz izchil davom etadi. 26-maqsadda nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda har yili bir milliondan ortiq nuroniylar uchun respublika bo‘ylab diqqatga sazovor joylar, xususan tarixiy shaharlar, qadimiy obidalar, ziyoratgohlar va yurtimizning so‘lim go‘shalariga sayohatlar tashkil etish, nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni kamida 30 foizga oshirish belgilab berilmoqda. Mamlakatimizda qariyalar, nuroniy otaxonu-onaxonlarimiz doimiy davlatimiz e’tiborida. Uch avlod uchrashuvlari, har o‘n yoshga bir faxriyning biriktirilishi ularning qadrini va qaddini ko‘tarishi shubhasiz. Biz xalq vakillari ham ushbu yetti yilga mo‘ljallangan strategiyamizning maqsadlarini aniq va puxta bajarilishida faol bo‘lishimiz zarur deb hisoblayman. Buning uchun o‘z saylovchilarimizga ushbu muhim tarixiy hujjatning mazmun-mohiyati tushuntirib borishimiz, belgilangan vazifalar ijrosida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz muhim. Har bir fuqaroning hayotida muhim bo‘lgan islohotlar ijrochisiga aylanish, har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Shunday ekan islohotlar tashabbuskori bo‘lish, Vatan taqdiri, kelajagiga befarq bo‘lmasak o‘zimiz orzu qilgan Yangi O‘zbekistonni barpo eta olamiz.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish