Arzon yoki qimmat emas, o‘z narxida
Arzon yoki qimmat emas, o‘z narxida

 

Yaqinda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov aholiga yetkazib berilayotgan 1 kwh elektr energiyasining tannarxi 800 so‘mdan oshiqqa tushayotganini ta’kidlagan edi. Bunga importdan keltiriladigan texnologik uskunalar hamda boshqa mahsulotlarning narxi oshib borayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, aholiga 295 so‘m, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan narx belgilangan. Demak, tadbirkorlarga ham Davlat budjetidan subsidiyalangan elektr energiyasi yetkazilyapti.

Keltirilgan asoslardan narxlarni oshirishga zarurat nafaqat borligi, balki yuqoriligini anglash qiyin emas. Ya’ni, elektr energiya uchun haq to‘lash bo‘yicha rejalashtirilayotgan o‘zgarishni narxning oshishi emas, uzoq yildan beri kechiktirib kelinayotgan vazifaning bajarilishi, deb tushunish to‘g‘riroq bo‘lardi.

 

Anvar TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Keyingi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish dinamikasi barqarorlashdi. Ushbu tendensiya aholi turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Boshqa tomondan bu ikki omil elektr energiyasi iste’molining muttasil ravishda ortishiga sabab bo‘lyapti.

Narx shakllanishining bozor mexanizmlari yo‘qligi tufayli davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur bo‘lyapti. Bir kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi – 970 so‘m. Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

Xuddi shunday, 1 kubometr gaz tannarxi 1890 so‘m bo‘lsa, isitish mavsumida 750 kubometr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi.

Bugun aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun o‘rtacha 14 trillion so‘mdan ortiq subsidiya ajratilmoqda. Bu bir yilda o‘rtacha 1,15 milliard AQSH dollari energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti, degani.

Sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni Davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti. Natijada tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan tafovutni qoplashga sarflanmoqda. Mamlakatimiz dunyo miqyosida energetikaga eng ko‘p subsidiya ajratadigan davlatlar qatorida turadi.

Biroq sun’iy ushlab turilgan past narxlar sohaga xususiy investitsiyalarning kirib kelishiga to‘sqinlik qiladi. Demak, narxlarni to‘liq subsidiyalash o‘rniga sohaga bozor tamoyillarini joriy etish, iste’mol qilingan energiya uchun bozor talablaridan kelib chiqib, haq to‘lanishi muhimdir.

Agar sohaga bozor qonunlari joriy qilinsa, tizim to‘g‘ri ishlashni boshlaydi. Budjet mablag‘ini noto‘g‘ri tizimga emas, yangi maktablar, tibbiyot muassasalari qurilishi kabi odamlarga aniq foydasi tegadigan ishlarga, energetika tizimini chuqur modernizatsiya qilishga sarflash mumkin.

 

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

— Ma’lumki, yurtimizda subsidiyalangan tizim amal qiladi. Ya’ni, kim qancha elektr energiyasi ishlatsa ham, uning o‘rtacha 40 foizi budjetdan qoplanadi. Masalan, kimdir oyiga 1 million so‘mlik elektr energiya iste’mol qilsa, buning 40 foizi yoki 400 ming, 100 ming so‘mlik elektr sarflaganga 40 ming so‘m davlat hisobidan qoplanadi. Kim qancha ko‘p elektr energiyasidan foydalansa, shuncha ko‘p pul olyapti.

Tahlillarga ko‘ra, aholi tomonidan elektr hamda gaz iste’moli bir xil emas va nomutanosiblik yuzaga kelgan. Xususan, oyiga 200 kVt. soatgacha sarflaydigan xonadonlar iste’molchilarning 80 foizini va umumiy iste’molning yarmini, 20 foizi qolgan yarmini tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu, soddaroq aytsak, 5 kishi uchun mo‘ljallangan ovqatning yarmini 4 kishi, qolganini esa bir kishi yegani bilan barobar. Xuddi shunday holat tabiiy gaz ta’minotida ham kuzatiladi.

Dunyoda allaqachon mavjud tizimni O‘zbekistonda ham joriy qilish vaqti keldi. Chunki energiya manbalarini tejash, ulardan samarali foydalanish, tizimdagi muammolarni bartaraf etish uchun islohotlarga ehtiyoj bor.

Bir necha yildan buyon elektr energiyasining narxi oshirilmay kelayapti. Vaholanki, uni ishlab chiqarish, sotib olish va yetkazib berishdagi narxlar ancha qimmatlashgan. Pandemiya va uning ketidan kelgan turli muammolar sabab narxlar ko‘tarilmadi. Agar har yili kam-kamdan oshirilganda ham bugungi narxdan 1,5-2 barobar qimmatroq ko‘rsatkichga kelgan bo‘lar edi.

Menimcha, har qanday o‘zgarish vaziyatni ochiq aytish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash orqali bo‘lishi kerak. Narx va tariflarda o‘zgarish qilinadigan bo‘lsa, mutasaddi tashkilotlar ta’minotda kutilmagan va uzoq muddatli uzilishlar bo‘lmasligiga kafolat berib, qat’iy majburiyat olishi zarur.

Energiya manbalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi narxlarning ochiq-oydin ma’lum qilinishi shubhalarga chek qo‘yadi. Inson iste’mol qilayotgan mahsuloti yoki foydalanayotgan xizmatining asl narxini bilsa, undan kam pul to‘lash uchun oyoq tirab olmasligi aniq. Shuning uchun ham, har bir masala ochiqlanishi, raqamlar ko‘rsatilishi tarafdoriman.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 20.09.2022, №37

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish