Taklif va tashabbuslarga boy nutq
Taklif va tashabbuslarga boy nutq

 

Davlatimiz rahbarining dunyoning oliy minbari – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi, unda bildirilgan fikr-mulohazalar, ilgari surilgan taklif-tashabbuslar keng jamoatchilik, xalqaro hamjamiyat, ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Alohida ta’kidlash kerak, davlat tilida yangragan nutq zamonamizning eng o‘tkir masalalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratdi. Shu bilan birga, nutqda mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan izchil va davomli islohotlar raqamlar, faktlar bilan bayon etildi. Avvalo, har birimiz nutqni tinglab, o‘qib, tahlil qilishimiz, xulosalar chiqarishimiz zarur.

O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan eng ustuvor 15 dan ortiq maqsadlar dunyo hamjamiyatiga bildirildi. Jumladan, yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha bugungi ko‘rsatkichni 2030 yilga qadar yana 2 barobarga oshirish, iqtisodiyotimizni liberallashtirish yo‘lida Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish, kambag‘allikni 2030 yilgacha 7 foizga tushirish, aholini ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash, mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirish, Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish, oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlash kabi ezgu maqsadlar.

Prezidentimiz tomonidan 20 dan ortiq taklif va tashabbuslar bayon etildiki, ularning barchasi bugungi geosiyosiy qarama-qarshiliklar, global xavfsizlik hamda insoniyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalar hisoblanadi. Xususan, 2024 yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazish, majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi, ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish, O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish, dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashish, kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida o‘ylash kabi tashabbuslar barchani birdek mushohadaga chorlagani shubhasiz.

Nutqda e’tiborimni eng ko‘p tortgan jihat kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili hamma uchun ochiq va sifatli ta’lim ekanligi bildirilganligi bo‘ldi. Bu borada ham O‘zbekistonning aniq rejalari borligi aytilib, 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratilishi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, tarix ham, bugungi hayot ham isbotlamoqdaki, ilm taraqqiyotning asosidir. Zero, bobomiz Imom Buxoriyning o‘n ikki asr avval “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, degan fikrlari buning yorqin dalili bo‘la oladi.

Mazkur nutqda bildirilgan takliflar, tashabbuslar va g‘oyalarning amalga oshishida biz deputatlar ham faol ishtirok etishimiz, ularning huquqiy zaminini yaratishimiz lozim bo‘ladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish