Ta’lim va yoshlar mavzulari doimiy e’tiborda
 Ta’lim va yoshlar mavzulari doimiy e’tiborda

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining sessiyalari u yoki davlatning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surishda muhim maydon hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi ham bundan holi emas. Davlatimiz rahbari har doimgidek, xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda ilg‘or, dolzarb takliflarni o‘rtaga tashladi. Mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida erishayotgan yutuqlarga to‘xtaldi.

Darhaqiqat, dunyoda geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelayotgan bir paytda O‘zbekistonimizda huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati qat’iy davom ettirilmoqda. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab bormoqda. Xususan, mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. Qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish rejalashtirilmoqda. Aholini ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirish belgilangan.

Najot bilimda. Dunyoni ilm qutqaradi. Shu ma’noda davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ortga qaytmas islohotlar doirasida inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi. Bu bejizga emas. Chunki ochiq va sifatli ta’lim kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omilidir. E’tirof etish kerakki, mamlakatimiz oxirgi yillarda bu borada katta tajriba to‘pladi. Ta’lim tizimi tubdan o‘zgardi. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.

E’tiborlisi, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqida aytib o‘tganlaridek, O‘zbekistonda inson huquqlarini, ayniqsa, yosh avlodni himoya qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq natijalarga erishildi. Mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Vaholanki, bugungi kunda sayyoramizda yiliga o‘rtacha 120 milliondan ziyod bolalar majburiy mehnat, qullik, qurolli mojarolar girdobiga tortilmoqda. Ko‘pchiligimizga yaxshi ma’lum, bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Aynan Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo‘yildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Endi davlatimiz rahbari majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarurligiga e’tiborni qaratdi. Bu borada O‘zbekiston tajribasidan bemalol foydalanish mumkin. Zero, O‘zbekiston tajribasi bunga chek qo‘yish imkoni borligini ko‘rsatdi.

Davlatimiz rahbari oliy minbarlardagi har bir chiqishida yoshlar masalasini ilgari suradi. Bu safar ham aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi dolzarb ahamiyatga egaligi tilga olindi. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida o‘tgan hafta Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatilsa, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlari o‘rganilsa, bundan barcha yutadi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni, uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz va global miqyosdagi muammolarni yechishda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

 

Muqaddas O‘razaliyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish