Yangi huquqiy makon
Yangi huquqiy makon

 

Hafta avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalarida bir Qonun loyihasi muhokamadan o‘tkazildi. O‘sha kunning o‘zida loyihaning ayrim tafsilotlari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi, har xil munosabatlar, ba’zi me’yorlar bo‘yicha turli talqinlar berildi. Jamoatchilikda parlament, siyosiy institutlar faoliyatiga qiziqish ortib borayotganiga quvonarli hol, o‘ziga xos yutuq, deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi.

Parlament faoliyatiga taalluqli bo‘lgan mazkur qonunni sharhlashga harakat qildik.

Loyiha 17 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan 13 ta qonunga va 1 ta Kodeksga (Saylov kodeksi) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi, «Prokuratura to‘g‘risida»gi kabi bir qator yirik qonunlar va O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Senatiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagilar:

  1. Senat a’zolari har bir ma’muriy­hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanmoqda. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qolishi;
  2. Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tugatish;
  3. Bosh prokurorning har yili hisobot taqdim etishi tartibini saqlab qolish.

Shuningdek, senatning bir qator vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda:

­— Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;

­— Prezidentning taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;

­— Bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda:

­— Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi;

­— fraksiya rahbari moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart­sharoitlariga ko‘ra Spiker o‘rinbosariga tenglashtirilishi kabi me’yorlar o‘rin olgan.

Jamoatchilik orasida Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati borasida bu qanday sharoitda va tartibda bo‘lishi masalasida tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Sababi, bu bizning qonunchilik amaliyotimizda yo‘q edi. Lekin xorij tajribasida bu me’yor amalda mavjud.

Vijdonli, o‘ziga tanqidiy nigoh bilan baho beradigan insonlar saylovchilar tomonidan yuklatilgan vazifani bajara olmagan taqdirda o‘z ixtiyori bilan iste’fo berishi sog‘lom muhit hukmron bo‘lgan jamiyatlar uchun normal hodisa.

Bu me’yor aslida o‘ziga xolis baho berish va zimmasidagi sharafli vazifani bajara olmagan taqdirda palatalar ham o‘z ixtiyori bilan faoliyatini to‘xtatishini nazarda tutadi. Alohida qayd etish kerakki, bu demokratik me’yor.

Agar shunday holat yuz bersa, Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy, Senatning yangi tarkibi esa 1 oy mobaynida shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qolaversa, Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonunchilik takliflarini ko‘rib chiqishning ham yangicha tartibi belgilanmoqda:

—­ 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi belgilanmoqda.

Qonunchilik taklifida muayyan qonunni qabul qilish, o‘zgartirish kiritish, bekor qilish zarurati asoslantirilishi hamda uning g‘oyasi va kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot bo‘lishi kerak.

Unga ko‘ra, fuqarolar tomonidan kiritilayotgan qonunchilik taklifi bo‘yicha 100 ming nafarlik imzo varaqalari taqdim etiladi, ular kamida 8 ta hududda (viloyatda), shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan fuqarolar o‘rtasida mutanosib taqsimlangan bo‘lishi talabi qo‘yilmoqda.

Zero, fuqarolar tomonidan kiritiladigan qonunchilik taklifining predmeti hududiy yaxlitlikni o‘zgartirish, amnistiya va afv etish, mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish kabi masalalar bo‘lmasligi ko‘zda tutilgan.

Xo‘jalik boshqaruvi organlariga palatalar tomonidan parlament so‘rovi hamda deputat va senator so‘rovlarini yuborish, shuningdek, ularning axborotini eshitish vakolatlari bekor qilinmoqda.

Xo‘jalik boshqaruvi organi deganda, tarkibiga kiruvchi korxonalarning xo‘jalik birlashmasiga tegishli bo‘lgan aksiya paketlari orqali ana shu korxonalarning xo‘jalik boshqaruvini amalga oshiruvchi aksiyadorlik kompaniyalari, shu jumladan, davlat­aksiyadorlik kompaniyalari, muassis­korxonalar tomonidan ular faoliyatiga ko‘maklashish uchun muassis­korxonalarning aksiyalari paketlarini boshqarish huquqisiz ayrim umumiy vazifalarni ularga topshirish yo‘li bilan ixtiyoriylik asosida tashkil qilinadigan uyushmalar tushuniladi.

Qonun bilan xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyatiga oid so‘rovlar bundan keyin Hukumatga yoki tegishli davlat organiga yuborilishi belgilanmoqda.

Loyihada nazarda tutilishicha, parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi o‘tkazadi.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga Hukumat a’zolarining hisobotlari va davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.

Endi Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilanadi. U umumiy rahbarlik, fraksiyaning kelishilgan pozitsiyasini bayon qilish, Qonunchilik palatasi bilan muzokaralar olib borish, hamkorlikni ta’minlash, fraksiya nomidan ish ko‘rish, hujjatlarni imzolash va boshqa vakolatlarga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, deputat va doimiy ishlaydigan senatorlarning o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan bir qatorda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini mustahkamlash ham loyihadan chetda qolmagan.

Deputat va doimiy ishlaydigan senatorlarning mehnat ta’tili davomiyligi 36 ish kunidan iborat ekanligi belgilanmoqda.

­— Hisob palatasi raisi Senat ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlanishi, palataning Prezident va Qonunchilik palatasiga hisobdorligi;

—­ Bosh prokuror Senat tomonidan nomzodi ma’qullanganidan so‘ng Prezident tomonidan lavozimga tayinlanishi, bir shaxs 2 muddatdan ortiq Bosh prokuror bo‘lishi mumkin emasligi;

­— Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod Senat bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan keyin Prezident tomonidan tayinlanishi kabi me’yorlar ham loyihadan o‘rin olgan.

Qonun ustuvorligi huquqiy­demokratik davlatlarning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan joriy yil referendum asosida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga amaldagi qonunlarimizni moslashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan tashabbuslar tom ma’noda davlatchiligimiz ildizini mustahkamlashga xizmat qilishi kunday ayon. Bir so‘z bilan aytganda, yangi Konstitutsiya bilan yangi huquqiy makonni yaratish ishlari shiddat bilan amalga oshirilmoqda.

 

Ahmad Qurbonov,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 27.09.2022, №38

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish