Mahallaga ham vakolat, ham mas’uliyat berilmoqda
Mahallaga ham vakolat, ham mas’uliyat berilmoqda

 

So‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan tizimli islohotlarning zamirida inson, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining asosiy mazmun va mohiyatini tashkil etadi. Bu borada davlat organlarining faoliyati aynan shu siyosatni amalda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bo‘lib, davlatni tom ma’noda o‘z xalqiga xizmat ko‘rsatadigan institutga aylantirishdan iboratdir. Aynan shuning uchun xam bunday siyosatni shakllantirish maqsadida nafaqat davlat, balki jamiyat boshqaruv tizimini takomillashtirish, xususan mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va faoliyat samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi va bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Mahalla institutining maqomini O‘zbekiston Konstitutsiyasi darajasida mustahkamlanishining asosiy mazmun va mohiyati shundan iboratki, endilikda davlatning ijtimoiy siyosati tuman yoki shahardan emas, balki mahalladan boshlanadi. Chunki yangilangan Konstitutsiyaga binoan O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekan, uning bu boradagi siyosati aynan mahalladan boshlanishi mantiqan to‘g‘ridir. Oxirgi yetti yilda mahalla institutini takomillashtirish davlatning diqqat e’tiborida bo‘lib, bu borada o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Qarorlari 42 ta va Vazirlar Mahkamasining qarorlari esa 51 tani tashkil etadi.

Mahalla institutini jamiyat boshqaruv tizimida yanada mavqeini kuchaytirish, uning institutsional asoslarini takomillashtirish va shu orqali chinakam xalq manfaatini ko‘zlaydigan, aholini qiynab turgan muammolarini mustaqil ravishda o‘zi hal eta oladigan, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qurbi yetadigan yetakchi fuqarolik jamiyati institutiga aylantirish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor ham mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirishga qaratildi desak mubolag‘a emas. Yig‘ilishda “Mahalla beshligi” tizimi yaratilganligiga qisqa vaqt bo‘lsada, o‘z samarasini berayotganligi, lekin bu qilingan ishlarni yanada yaxshilash, bu bilan to‘xtalib qolmasligimiz, mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda tahlillar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda joylarda “beshlik” yagona jamoa sifatida ishlamayotganligi, har biri o‘z vazirligiga hisobdor ekanligi, ijtimoiy daftarlardagi mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashda “beshlik”ning hamkorligi, mahalla raisining o‘rni bilinmayotganligini ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, yig‘ilishda “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari mahalladagi mas’ullar tomonidan alohida-alohida yuritilayotganligi, ularning ishlarida takrorlanish bo‘layotganligi ko‘rsatib o‘tildi. “Beshlik” zimmasiga yuklatilgan vazifalar haddan tashqari ko‘p ekanligi, mutasaddi rahbarlar esa buni tahlil qilmayotganligini, aniq ish metodikasi ishlab chiqmayotganligini tanqid qilindi. Mahalla xodimlarining ko‘p vaqti “qog‘oz” to‘ldirish va majlislar bilan o‘tib ketayotganligi, bu esa ularning o‘zining vakolatli ishlarini bajarishda xalaqit berayotganligini alohida ta’kidlandi.

Mahallalardagi muammo va masalalarni hal etishda ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish uchun berilgan mablag‘larni ajratish qarori viloyat va tuman tashkilotlari, ayrimlarida respublika idorasiga bog‘lanib qolgani, ishlarimizning natijadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, endilikda “beshlikka” soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilishi qayd etildi. Mahallalarda ishlash yangicha yondoshuvlar asosida ishni tashkil etilishi, amaldagi “beshlikka” soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” bo‘lishi lozimligiga to‘xtaldi yurtboshimiz.

Mazkur yig‘ilishda har bir mahalla xodimlariga vazifalar aniq qilib belgilab berildi. Shuning bilan birgalikda, mahalla raislarining vakolatlari ham kengaytirilmoqda. Mahallada faoliyat yuritayotgan xodimlarning oylik ish haqi mahalla raisi tomonidan tasdiqlanishi, “ettilik”ni rag‘batlantirish yoki ularga intizomiy jazo choralarini tayinlash bo‘yicha ularning yuqori idorasiga taqdimnoma kiritish vakolati ham mahalla raislariga berilmoqda. Mahalla raisiga bu vakolatlarning berilishi ertaga mahallada yettilikning bir musht bo‘lib ishlashiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, joylarda mahalla xodimlarining raisga bo‘ysunmaslik kabi muammolarning yechimini topishga zamin yaratadi.

Yig‘ilishda mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etilishi, respublika kengashiga Bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qilishi belgilab berildi. Davlatimiz rahbari mahallalardagi muammoli masalalar yechim topishida ilmiy asoslangan yangi yondoshuvlar ishlab chiqish zarurligini, mutasaddilariga yangi tizimni yo‘lga qo‘yish, mahalladagi muammolarni hal qilishga ilmiy va nodavlat tashkilotlarni ham jalb qilishi, ularga alohida grantlar joriy etish, “mahalla yettiligi”ning amaldagi ishlaydigan aniq vazifalarini belgilash va boshqa tashkiliy-huquqiy masalalar yuzasidan qator topshiriqlar berildi.

Kelgusida bu yangicha tizimning joriy etilishi, mahallaning o‘zida turib muammolarni hal etishga, pirovardida xalqning ortiqcha vaqt sarflab sarsongarchiligining oldini olishga zamin yaratadi.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish