Imkoniyati cheklanganlar manfaatlari — doimiy e’tiborda
Imkoniyati cheklanganlar manfaatlari — doimiy e’tiborda

 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu ko‘rsatkich kurrai zamin aholisining 15 foizini tashkil etadi.

O‘zbekistonda ham bunday insonlar soni kam emas. Bu esa shuni anglatadiki, ularga ta’lim berish, munosib va qulay sharoit hamda ish o‘rinlari yaratish masalasi nihoyatda dolzarbdir. Sir emas, ta’lim olish, ish topishda ko‘p hollarda ular qiyinchilik, to‘siqlarga duch keladi.

Shularni inobatga olgan holda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to‘siqsiz muhit yaratish, ularni jamiyatning to‘laqonli a’zosi qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aytish joizki, ushbu qatlam bandligini ta’minlash borasida bir qator ishlar olib borildi. Nogironligi bor insonlarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda.

Fikrimizni raqamlar bilan dalillaydigan bo‘lsak, 2022 yilda mingga yaqin ish beruvchiga 1 805 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilgani uchun subsidiya ajratilgan. Joriy yilning 1 sentyabr holatiga esa 659 ta ish beruvchiga 1 412 nafar nogironligi bor shaxsni ishga qabul qilgani uchun 6 oygacha BHMning 1,5 baravari miqdorida subsidiya berildi.

Ushbu toifalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, nogironlik pensiya va nafaqalarning eng kami miqdori 747 ming so‘mga yetkazildi. Bu, nafaqa miqdori 2017 yil boshiga nisbatan 5,1 baravarga o‘sganini anglatadi. Chunki qayd etilgan davrda eng kam nogironlik pensiya miqdori 146,5 ming so‘m edi.

Islohotlarning bardavomligi va izchilligi o‘laroq 2022 yilning 1 aprelidan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga ham har oyda yangi turdagi parvarishlash nafaqasi joriy etildi. Bugungi kunda ushbu ijtimoiy himoya miqdori 568 ming so‘mni tashkil etmoqda. Uning joriy etilishi natijasida 64 mingga yaqin oilaga ana shunday nafaqa to‘lab beriladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yillik ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda ish staji va ish haqilarini inobatga olgan holda har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Natijada, joriy yilda 75 mingdan ziyod nogironligi bor fuqarolarning pensiyasi qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha 300 ming so‘mgacha oshadi.

Shuningdek, kelgusida nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin mehnat faoliyatini olib borgan 43 mingdan ziyod bunday shaxslarning pensiyalari har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yil boshidan e’tiboran Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yiliga qo‘shimcha ravishda o‘rtacha 275 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxslar masalalari doimiy diqqat-e’tiborda. Qolaversa, O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida ijtimoiy adolat tamoyili muhrlab qo‘yildi. Demak, endilikda ijtimoiy adolatni ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Bu esa, o‘z navbatida, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirish imkoniyatini beradi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish