Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarning g‘oyaviy dasturlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi
Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarning g‘oyaviy dasturlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi mediya markazida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, partiya faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalarni boshlashdan avval Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmuni tushuntirib berildi. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Saylov kodeksiga kiritilayotgan eng muhim o‘zgartish Qonunchilik palatasi saylovini aralash, majoritar, proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazish taklif etilayotganidir. Bunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilib, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar hozirgidek 9 nafar deputatlik o‘rni emas, balki 5 nafar deputatlik o‘rni bilan ham o‘zlarining fraksiyasini tuzishiga imkon yaratiladi.

Yig‘ilishda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar birma-bir ko‘rib chiqilib, yig‘ilganlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Loyihaning qabul qilinishi fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatlarini oshirishi ta’kidlandi.

Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalar yetakchi o‘ringa chiqishi, fikrlar, hayotiy g‘oya va dasturlar o‘rtasida raqobat kuchayishiga xizmat qiladi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Yoshlar qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish