Saylovning aralash tizimini joriy etish taklif etilmoqda
Saylovning aralash tizimini joriy etish taklif etilmoqda

 

Yurtimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilish maqsadida parlament hamda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga parlament hamda mahalliy vakillik organlarining faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirish, vakillik organlariga saylangan deputatlar va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi mas’uliyati va faolligini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish va markazlashgan saylov organlari tizimini shakllantirish, ularning professional tayyorgarligini ta’minlash zaruriyati yuzaga kelmoqda. Zero, mamlakat hayotida siyosiy partiyalarning rolini hamda fuqarolarimizning siyosiy faolligini oshirish demokratik islohotlarning muhim bosqichi sanalar ekan, ularning davlat hokimiyatini shakllantirish jarayonida muayyan g‘oya va maqsadlarni ko‘zlab, ishtirok etishlarini ta’minlashda aralash saylov tizimiga o‘tish taklifi anchadan beri ilgari surib kelinmoqda. Boz ustiga, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinganligi ham amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini talab etmoqda. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni hozirgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proporsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi nazarda tutiladi. Bunday saylov tizimida partiyalar muhim o‘rin tutadi. Ular aholi bilan munosabatlarini ta’sirchan va natijador bo‘lishiga harakat qiladi. Partiya o‘z dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga erishadi. Bu esa jamiyatimizda siyosiy pluralizm bo‘lishini ta’minlaydi. Proporsional saylov tizimida deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan partiyaviy ro‘yxat asosida taqdim etiladi. Agar xalqaro amaliyotga e’tibor beradigan bo‘lsak, qator xorijiy davlatlar qonunchiligida, shuningdek, Venetsiya komissiyasining «Saylov masalalariga oid lozim darajadagi amaliyot to‘g‘risida»gi kodeksida «partiyaviy ro‘yxat» (party list) tushunchasi qo‘llanilgan.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksini — yangi 401- va 421- moddalari bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Ushbu yangi moddalarda siyosiy partiyalar tomonidan shakllantirilgan deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatini ro‘yxatga olish va partiya ro‘yxatidan deputatlikka nomzodni chiqarish tartiblari va aniq mexanizmlari belgilab berilmoqda. Xususan, 401-modda partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinishi, ro‘yxatga olish uchun tegishli hujjatlar ro‘yxatga olish muddati tugashiga kamida yetti kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi, partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanishi, ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinishi, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini olishi va ularga guvohnoma berilishi to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan. Aytish joizki, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatlarining keng jamoatchilik e’tiboriga e’lon qilish qoidasining belgilanishi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda keng joriy etilayotgan ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga to‘la mos keladi.

Shuningdek, ayrim holatlarni istisno etgan holda, ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish mumkin emasligi qoidasi ham taklif etilayotgan moddada mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu kiritilayotgan qoidaning muhim normalardan biri, deb aytish mumkin. Sababi, ushbu qoida partiya tomonidan shakllantirilgan nomzodlar ro‘yxatiga tashqaridan ta’sir ko‘rsatishning har qanday imkoniyatlarini va umuman inson omilini minimallashtirishga hamda korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan. Sir emaski, amaldagi qonunchiligimizda majoritar saylov tizimi asosidagi deputatlikka nomzodlarning nomzodlik maqomidan mahrum etish hamda uning nomzodlikdan voz kechishiga oid qoidalar belgilangan. Xuddi shunday, proporsional saylov tizimida partiyaviy ro‘yxat asosida berilgan deputatlikka nomzodlarni nomzodlik huquqidan mahrum etish va voz kechish instituti qonun loyihasida belgilab berilmoqda. Ya’ni ushbu munosabatlarni tartibga solish uchun loyiha bilan Saylov kodeksiga kiritilayotgan 421-moddada partiyaviy ro‘yxatga kiritilgan nomzodlarni ushbu ro‘yxatdan chiqarishning aniq 9 ta asoslari belgilanmoqda.

Mazkur moddada agar deputatlikka nomzod ixtiyoriy ariza berganda, partiya a’zoligidan chiqqanda, nomzodlik maqomidan mahrum etilganda, deputatlik vakolatiga muvofiq kelmaydigan lavozimga o‘tganda, uning boshqa partiya ro‘yxatida ham nomzodi ko‘rsatilganda, boshqa partiyaning a’zosi ekanligi aniqlanganda, vafot etganda, muomalaga layoqatsiz, deb topilganda, shuningdek, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lganda, uning bir mandatli saylov okrugidan ham nomzodi ko‘rsatilganda partiya ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

Shu o‘rinda agar yuqoridagi asoslarga ko‘ra, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan partiyaviy ro‘yxatdagi nomzodlar ushbu ro‘yxatdan chiqarilsa yoki proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa ularning o‘rni qanday to‘ldiriladi, degan haqli savol tug‘iladi. Bunday holatlarda loyiha bilan shunday qoida belgilanyaptiki, unga ko‘ra, bo‘shab qolgan nomzod yoki deputat o‘rni tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan ro‘yxat ketma-ketligi asosida to‘ldiriladi.

Umuman olganda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida referendum va saylov to‘g‘risidagi qonunchilik yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtiriladi, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirilib, Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratiladi. Qolaversa, siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

Muqaddas O‘razaliyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish