Soliq imtiyozlari tufayli zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari 12 foizga arzonga tushadi
Soliq imtiyozlari tufayli zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari 12 foizga arzonga tushadi

 

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, qiyin ahvolga tushib qolgan oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, ushbu turdagi oilalarga zaruriy oziq ovqat mahsulotlarini xarid qilishlari uchun ayrim soliq imtiyozlari joriy qilindi. Misol uchun, Prezidentimizning 2023 yil 5 apreldagi tegishli qaroriga ko‘ra, shu yil 1 maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlaridan qo‘y, parranda va mol go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i sotib olganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov (keshbek) o‘rniga 12 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Xo‘sh, QQSni qanday qilib qaytarib olish mumkin?

Uni qaytarib olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi iste’molchi Soliq mobil ilovasini yuklab olib, FACE IDorqali ro‘yxatdan o‘tish hamda ilovada xarid chekining QR-kodini skaner qilishi lozim. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda sotib olingan mahsulot QQS qaytariladigan mahsulotlar ro‘yxatiga kirganligi, xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” da ekanligi hamda tadbirkor qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi inobatga olinadi.

Agar reyestrdagi iste’molchi QQS qaytariladigan mahsulotlar bilan birga boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib, chekni ro‘yxatdan o‘tkazganda QQS qaytariladigan mahsulotlar uchun 12 foiz, boshqa turdagi mahsulotlar uchun 1 foiz keshbekka ega bo‘ladi. QQS to‘lovchisi bo‘lmagan tadbirkorlik subyektidan qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladigan mahsulotlar sotib olganda 1 foiz keshbek qaytariladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan oydan keyingi oyning 25 sanasidan so‘ng Soliq mobil ilovasi orqali to‘lab beriladi. Hozirgi kunga qadar 84 714 nafar iste’molchiga 3 mlrd 652 mln so‘mdan ortiq ijtimoiy to‘lov to‘lab berildi.

Ammo aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan bunday shart-sharoitlardan noto‘g‘ri foydalanish, birovning haqi evaziga daromad olish istagida bo‘lgan fuqarolar ham uchrab turishi kishini o‘ylantiradi, mushohadaga chorlaydi.

Masalan, bir fuqaro qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish maqsadida xarid summasi 650 mln so‘mlik, boshqa bir fuqaro esa 481 mln so‘mlik chekni Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu esa kam ta’minlangan aholiga ijtimoiy to‘lov berish mohiyatiga ziddir. Chunki, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar kiritiladi hamda bunday e’tirof etish mezoni sifatida minimal iste’mol xarajatlari asos qilib olingan.

Qayd etish joizki, ijtimoiy nafaqalar va to‘lovlarning tayinlanish mexanizmlarini takomillashtirishdan asosiy maqsad — ushbu turdagi davlat yordamini maqsadli sarflanishi ya’ni nafaqaga haqiqatdan ham muhtojlarga berilishini ta’minlashdir. Ehtiyojmand oilalarga qo‘shimcha yordam sifatida joriy qilingan keshbek mexanizmidan hozirgacha qariyb 100 ming bor foydalanilgan va sezilarli darajada moliyaviy chegirma olingan.

Shu nuqtai nazardan aytganda, yordamga muhtoj bo‘lmagan shaxslar tomonidan ushbu xizmatdan foydalanish ko‘plab oilalar uchun imkoniyatlarni pasaytiradi. Axir ijtimoiy to‘lov ko‘pgina oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbai ekanini unutmasligimiz kerak.

 

Sherbek BO‘RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish