Oila mehr-muhabbat maskani bo‘lishi kerak
Oila mehr-muhabbat maskani bo‘lishi kerak

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Olmazor tumanidagi “Cho‘lpon” nomli kutubxonada oilalarni mustahkamlash, notinch oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida “Sog‘lom oila-sog‘lom jamiyat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari, O‘zbekiston XDP Toshkent shahar hamda tuman kengashlari mas’ullari, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman kengashi deputatlari, nuroniy otaxon va onaxonlar, mahalladagi xotin-qizlar, yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Muloqotda oila institutini yanada rivojlantirish, oilalar mustahkamligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida oila va xotin-qizlar yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida atroflicha fikr yuritildi. Erta turmush va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh, oilaviy ajrimlar sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, oilani, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash hamda yuqoridagi kabi oila qurishda kuzatilayotgan illatlarning oldini olish maqsadida 2023 yil 31 oktabrda Prezident tomonidan imzolangan O‘RQ-874-sonli Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Ko‘p yillik hayotiy tajribaga ega nuroniy otaxon va onaxonlar yoshlarga oilaviy hayot, oilani muqaddas sanash, oiladagi o‘zaro munosabatlar, farzand tarbiyasi haqida maslahatlar berdi. O‘zlarining hayot yo‘llari, tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir qiziqarli, savol-javob va fikr mulohazalarga boy tarzda o‘tdi.

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish