Fraksiyamizning pozitsiyasi qat’iy
Fraksiyamizning pozitsiyasi qat’iy

 

2024 yil uchun Davlat budjeti loyihasi muhokama qilinmoqda

Mamlakat hayotiga daxldor masalalarda Parlamentning ishtiroki kuchayib, qonunlarni qabul qilish jarayoniga fuqarolar faol munosabat bildirib, befarq bo‘lmayaptimi, demak, o‘sha joyda haqiqiy fuqarolik jamiyati shakllanyapti. Parlamentda savol berilib, fikr aytilib, takliflar muhokama qilinayotgani jamiyatda demokratik xarakter uyg‘onayotganiga real ishora. Bundan faqat xursand bo‘lishimiz kerak.

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yig‘ilishi ham ancha qizg‘in muhokamalar bilan o‘tdi.

 

QAYERGA QANCHA?

Fraksiyamiz a’zolari 2024 yil uchun Davlat budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishdi.

Davlat budjeti – xalqning rizqi hisoblanadi. Uning ortida har bir fuqaroning manfaati, ulushi bor. Mamlakat rivoji nafaqat davlat budjetiga tushayotgan mablag‘larning ko‘payishi, balki ularning to‘g‘ri va samarali sarflanishiga, taqsimlanishiga ham bog‘liq.

Shuning uchun deputatlar bir nechta savollar bilan hukumat vakillariga murojaat qilishdi.

Dastlab iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtalib o‘tdi. Qayd etildiki, loyiha 17 modda va 11 ilovadan iborat bo‘lib, kelgusi yil uchun Davlat budjetining asosiy parametrlari belgilangan.

Budjet loyihasida prognoz ko‘rsatkichlaridan tashqari, vazirlik va idoralarga ajratilayotgan mablag‘lar ham aks etgan. Qayd etilishicha, kelgusi yil uchun Davlat budjeti daromadlari 270,3 trln so‘m, xarajatlari esa (budjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 279,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,6?5,8 foiz, 2025?2026 yillarda esa mos ravishda 6,2 va 6,4 foiz bo‘lishi, o‘sish sur’atlari sanoatda 6 foiz, xizmat ko‘rsatish sohasida 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdorini yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilash taklif qilinmoqda. Budjet taqchilligining yuqori chegarasi 52,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdorida belgilanmoqda.

Ta’kidlandiki, asosiy soliq stavkalari o‘rta muddatli istiqbolda o‘zgarishsiz qoladi. Shuning uchun ham daromadlarni oshirish uchun budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini ularning samaradorligi va natijadorligidan kelib chiqqan holda, qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish ko‘zda tutilgan.

 

YARMI IJTIMOIY SOHAGA YO‘NALTIRILADI

Budjet mablag‘larining eng katta qismi ta’lim sohasiga yo‘naltiriladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 46,6 trln so‘m, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga esa 6,1 trln so‘m ajratilgan.

Kelgusi yilda Davlat budjetining ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga jami 142 trln. 628 mlrd. so‘m, 2023 yilga nisbatan 12 trln. so‘m ko‘p mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Pensiya jamg‘armasining budjetdan tashqari tushumlari 46,8 trln so‘m, xarajatlari 63,1 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, Davlat budjetida ijtimoiy sohaga yana bir qator muhim xarajatlar rejalashtirilgan. Xususan, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash uchun 10 trln. so‘mdan ortiq, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalarga nafaqalar to‘lash uchun 3,6 trln. so‘mdan ortiq, mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga nafaqalar uchun esa 2,5 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Davlat budjeti loyihasida aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining o‘sishini ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida aks etmoqda.

Budjet loyihasiga ko‘ra, bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash, Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligining (Mehribonlik va Muruvvat uylari, Voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari va Oilaviy mehribonlik uylari) tashkilotlari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

 

Savollar ko‘p, javoblarchi?

Fraksiya a’zolari Davlat budjetining taqsimoti bilan bog‘liq masalalarda mas’ullarga savollar bilan murojaat qildi:

 

Oybarchin Abdullayeva,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

Savol: 2023 yilgi Davlat dasturida boshlang‘ich sinflarni bepul ovqatlantirish masalasi mavjud bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Mazkur masala 2024 yilgi budjet loyihasida ko‘zda tutilganmi?

 

Farrux ZOKIROV,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i:

Javob: Boshlang‘ich sinflarni bepul ovqatlantirish masalasi 2024 yildagi budjet loyihasiga kiritilmagan, buning qator sabablari bor. Bu masala bosqichma-bosqich, zarur infratuzilmani yaratgandan keyin, albatta, amalga oshiriladi.

 

O‘ral O‘rozboyev,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

Savol: Hisobotda 2023 yildan boshlab har bir hokim o‘z tumaniga 40-50 million dollar xususiy investitsiya olib kelishini tashkil etish vazifasi belgilangan. Mazkur masala bajarildi, deb yozilmoqda. Amaliyotda bu masala qanday holatda?

 

Sherzod RABIYEV,

Adliya vaziri o‘rinbosari:

Javob: Hududlarda loyiha guruhlari tomonidan qiymati 8,1 mlrd dollarlik 4 962 ta loyihaning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi yig‘ilishining bayoni bilan manzilli ro‘yxat tasdiqlandi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 apreldagi farmoyishi qabul qilinib, ijroga qaratildi.

 

Maqsuda Vorisova,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

Savol: Budjet loyihasida dori-darmon mahsulotlarini olib kirish uchun imtiyozlar olib tashlanmoqda. Bu dorilarning narxi oshib ketishiga olib kelmaydimi? Yana bir masala, Prezident qarorida aholini qandli diabet bo‘yicha bepul tekshiruvdan o‘o‘tkazish belgilangan edi. Budjet loyihasida bu maqsadga mablag‘ ko‘zda tutilmagan. Nimaga?

 

Umid HAMROYEV,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i:

Javob: To‘g‘ri, 2024 yil uchun Davlat budjeti loyihasida dori vositalari va tibbiy buyumlar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda. Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, 76 turdagi dori vositalariga QQS to‘lanadi. Lekin bizda dori vositalari ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod bo‘lgani uchun bularni hisobga olish imkoniyati yo‘q. Ya’ni, bu borada mexanizm yo‘qligi uchun mahsulotlarning tannarxi oshishi ham mumkin. Shuning uchun ham qolgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar dori-darmonlarga QQS to‘lasa, ularni nazorat qilish imkoni yaratiladi. Shunda sun’iy ravishda narxlarni oshirish holatlari kuzatilmaydi. Oddiy tilda aytganda, QQS to‘lanmasligi dorilarning narxini kamaytirishga ta’sir qilmaydi.

Keyingi savolga javoban Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova fraksiya taklifiga asosan 40 yoshdan oshgan fuqarolarda bepul tekshiruv o‘tkazish uchun budjetda 14 milliard so‘m ko‘zda tutilishini bildirdi.

Fraksiya a’zolari Zuhra Shadiyeva va Sherbek Bo‘ronov avval respublika budjetidan moliyalashtirib kelingan bir qator xarajatlar 2024 yildan mahalliy budjetlarga o‘tkazilayotgani iqtisodiy muvozanatga, ijtimoiy vazifalarning bajarilishiga salbiy ta’sir qilish-qilmasligi haqida savol berdi.

 

G.Rahimova:

Javob: Ushbu choralar mahalliy davlat organlarining mustaqilligini oshirish va mahalliy budjetlar balansini ta’minlash uchun amalga oshirilmoqda. Bu amaliyotda muammolar keltirmaydi va hisob-kitob qilinib, doimiy balans yuritib boriladi.

 

Anvarxon Temirov, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

Savol: Qishloq xo‘jaligida har yili 7 trln. dan ortiq mablag‘ suv xo‘jaligi tizimidagi nasos stansiyalarining elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilmoqda. O‘tgan yili ham shunday bo‘ldi? Vazirlik o‘zgarish qilmaydimi? Tizimga bunday xarajatlarni kamaytirish choralari ko‘rilmaydimi?

 

G.Rahimova:

Javob: To‘g‘ri masalani ko‘tardingiz. Bugungi kunda suv masalasi nihoyatda dolzarb. Hozir 5 mingdan ortiq suv nasoslari paxta dalalarini suv bilan ta’minlab kelmoqda. Agar biz davlat tomonidan subsidiya bermasak, nasoslarning elektr xarajatlari yuqori bo‘lganligi boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. Chunki hududlarda faqat fermerlar emas, aholining suv ta’minoti bilan bog‘liq katta masala ham bor. Shu munosabat bilan mablag‘ ajratilishi to‘g‘ri, deb o‘ylaymiz.

 

Fraksiya a’zosi A.Temirov yana savol bilan murojaat qildi:

Savol: Qonun loyihasining 14-moddasida qonunni buzganlarni jazolash nazarda tutilmoqda. Amaliyotda ko‘rayapmiz, qonunbuzarga nisbatan asosan ma’muriy jazo qo‘llanilmoqda. Nima uchun jazoni qat’iylashtirmasligimiz, qonunchilik hujjatlarini o‘zgartirmasligimiz kerak?

Savolga Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova javob berdi. Bu yil davomida 8 mingdan ortiq budjet mablag‘larini noqonuniy sarflagan mansabdorlar jazoga tortilgani ta’kidlab o‘tildi. Ammo jinoiy javobgarlikka tortilganlar soni kamligini ham alohida qayd etdi. Bu masala, albatta, ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

 

 

DEPUTATLARIMIZ O‘RINLI TAKLIFLAR HAM AYTISHDI

Deputatlar fraksiya yig‘ilishi kun tartibiga qo‘yilgan masalalarda takliflarini ham bayon qilishdi. Deputat Maqsuda Vorisova 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining joriy yil to‘qqiz oylik ijrosi bo‘yicha taqdim etilgan hisobotda keltirilgan ayrim bandlar tahlil qilinganda, oxirigacha bajarilmagani yoki resurslar yetib bormaganini qayd etdi. Yil yakuniga qadar ularning ijrosini to‘liq ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov «2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida muhim bir masalaga to‘xtalib o‘tdi:

— Yana bir masala. Kelgusi yil uchun budjet loyihasida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga mablag‘ ajratilmoqda. Ammo uy-joy olish uchun bankka borishsa, ish joyi va plastik karta so‘ralyapti. Ularning ko‘pchiligi ishsiz yoki mehnatga layoqatsiz hisoblanadi. Shuning uchun me’yoriy hujjatlar to‘liq emasligi sababli ajratilgan mablag‘lar samarasiz qolib ketmoqda. Ushbu masalani ko‘rib chiqqan holda, amaldagi tartibni yengillashtirish kerak, deb hisoblayman.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Davlat budjeti loyihasida aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining o‘sishini ta’minlash, ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilanganini ta’kidladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Budjet loyihasida sohaga qariyb 20 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilayotgani insonparvar siyosat namunasi bo‘layotgani, Davlat budjetini rejalashtirishga doir strategik yondashuv Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlariga har tomonlama mos kelishi bildirildi.

Shuning bilan birga, qator masalalarda takliflar ham ilgari surildi. Avvalo, budjet sohasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida kamomad va moliyaviy xatoliklar yildan-yilga ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu Davlat dasturidagi vazifalar ijrosi kechikishiga sabab bo‘lmoqda.

Davlat budjeti loyihasidagi aksariyat mablag‘lar bevosita fuqarolarning turmush darajasini oshirish uchun yo‘naltirish rejalashtirilgan. Mazkur mablag‘lar maqsadli va samarali ishlatilishi ijtimoiy kayfiyatga, mamlakatimizning ijtimoiy barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, Davlat budjeti loyihasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Qonunchilik palatasining qarorida budjeti ijrosi bo‘yicha ijro hokimiyati va deputatlik korpusining oldiga aniq vazifalar belgilab berish lozim.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari uzoq muhokama va qator savol-javoblardan keyin Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladi.

 

DAVLAT DASTURI IJROSI:

443 ta bandda nazarda tutilgan topshiriqlar bajarildimi?

Fraksiyamiz a’zolari shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023 yil to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqishdi.

Hisobotda qayd etilishicha, Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 250 tasining ijro muddati 2023 yilning 9 oyi etib belgilangan. Shundan 187 ta band (kichik band)lar to‘liq bajarilgan, 42 tasining ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ishlab chiqilgan, 14 tasining ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.

9 oyda yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat 5,7 foizni, xizmatlar 6,5 foizni tashkil qilgan. Davlat budjeti daromadlari 98,8 trln so‘mga ijro etilgan. Shundan 76,3 trln so‘m soliq hamda 24,3 trln so‘m bojxona tushumlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

914 mln dollarlik 2009 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 24 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.

Deputatlar budjet mablag‘larining katta qismi ijtimoiy sohaga ajratilganini hisobga olib, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz va kam daromadli oilalarga yordam qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi kabi muhim vazifalarga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli va manzilliligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida 7,7 mln nafar 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning 1 mln 680 nafari «Ayollar daftari»ga kiritilgan, 929 813 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Xususan, 425 760 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 414 849 nafari yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirilgan. Tadbirkorlik qilish istagidagi ehtiyojmand xotin-qizlarning 44 956 nafariga imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, yoshlarga «yoshlardaftari.uz» elektron platformasi, «1093» qisqa raqamli koll-markazi yoki mahalla yetakchisi orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. Hisobot davrida yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam ko‘rsatish 40 kundan 16 kunga qisqartirilishiga erishilgan, yetakchilar tavsiyasi asosida ko‘rsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetkazilgan.

Hisobotni tinglar ekan, deputatlar partiya elektorati bilan bog‘liq masalalarda mutasaddilarga savollar orqali murojaat qildi. Ijtimoiy sohadagi mas’ullarning javobgarligini kuchaytirish, budjet mablag‘larining manzilliligini ta’minlashga oid o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Muhokamalardan so‘ng Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Bu yil Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qat’iy ko‘rib chiqilmoqda, ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Parlament vakillari deyarli har kuni vazirlik, idoralar va hukumat vakillarini savolga tutyapti, taklif-mulohazalarini bildiryapti.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 8.11.2023, №44

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish