Imtiyoz bor, imkoniyat kam
Imtiyoz bor, imkoniyat kam

 

Uy-joy insonning eng muhim ehtiyojlari qatorida yuqori o‘rinlarda turadi. Uy nafaqat bir kishining, balki bitta oilaning xotirjamligi, bolalarning unib-o‘sishi uchun qulay sharoit degani.

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida uy-joylar qurilmoqda. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar, onalarni eng qulay tartibda uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha tizim yaratildi, nogironligi bo‘lgan, yillar davomida uy-joysiz qolib ketgan yurtdoshlarimiz vatanli bo‘lmoqda, doimiy daromadga ega ehtiyojmand fuqarolarga ipoteka hisobiga uy xarid qilish uchun subsidiya ham ajratilmoqda.

Yaqinda Prezidentimizning yangi hujjati – «2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinib, unga asosan muhim yangiliklar, yengilliklar joriy etilishi belgilandi. Xususan, ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish haqidagi farmonga muvofiq, ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish, keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha muhim vazifalar nazarda tutilgan.

Joriy yil 1 maydan kuchga kirgan yana bir yangilikka ko‘ra, uy-joy sotib olish istagini bildirgan, biroq rasmiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan mijozlarning to‘lov qobiliyatini baholashda ularning bank kartalaridagi pul aylanmalari, ijara va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar hamda boshqa xarajatlar inobatga olinadigan bo‘ldi.

Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj, kam daromadli fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlariga davlat budjetidan subsidiyalar ajratilmoqda. Subsidiyalar ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lov yoki foizlarning bir qismini qoplash uchun beriladi.

Ishlaydigan, daromadi barqaror, lekin uy-joyga birdaniga to‘lov qilishga imkoniyati yo‘q yurtdoshlarimiz uchun subsidiya ayni muddao bo‘lmoqda. Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz imkoniyatdan, foydalanib, uy-joyli, vatanli bo‘lmoqda.

 

Uy-joy uchun subsidiya nima?

Bu davlat budjetidan beriladigan moliyaviy ko‘mak hisoblanadi.

Subsidiya olish uchun fuqaro doimiy ish joyiga ega bo‘lgan, ya’ni davlat ishimi, xususiy sektorda ishlaydimi, farqi yo‘q. Eng muhimi, olinadigan ipoteka kreditini oylik to‘lovlarini to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Bunda boshlang‘ich badalni to‘lash uchun 32 million, keyinchalik foizlari birinchi besh yil davomida 10 punktdan oshgan qismiga to‘lab beriladi.

Fuqarolar subsidiya olish uchun my.gov.uz portali orqali elektron shaklda murojaat qilishlari mumkin. Ariza ijobiy ko‘rib chiqilgandan so‘ng, arizachi qurilish (pudratchi) tashkiloti bilan ipoteka kreditidan foydalangan holda uy-joy sotib olish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.

Ipoteka krediti rasmiylashtirish jarayonida boshlang‘ich badal to‘lash uchun fuqaroga bankda hisob-raqam ochiladi. Ana shu hisob-raqamiga fuqaro uy-joyning o‘ziga tegishli qismining badal summasini to‘ldiradi va Moliya vazirligi tomonidan davlat budjeti hisobidan 32 million o‘sha hisob-raqamiga o‘tkaziladi. Keyin unga ipoteka krediti ajratiladi. Kredit berilgandan so‘ng qolgan 60 oy davomida har oy subsidiya fuqaro nomidan davlat hisobidan to‘lab boriladi. Bu fuqaroga plastika kartasiga yoki naqd pul ko‘rinishida berilmaydi, balki ipoteka kreditining foiz to‘lovlarini amalga oshirish uchun unga ochilgan hisob-raqamiga o‘tkaziladi. Fuqaro berilayotgan subsidiyani boshqa hech qanday maqsadga ishlata olmaydi.

 

Ipoteka bozoridagi bugungi vaziyat

2022 yilda yakka tartibdagi uy-joylarni qurish yoki sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan 37,6 mingta oilaga 8,2 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan, daromadi yuqori bo‘lmagan 16,7 mingta oilaga 767,4 milliard so‘m miqdorida subsidiya berilgan.

2023 yilda ipoteka subsidiyalari uchun 1,6 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan edi. Joriy yilda jami ajratiladigan subsidiyalar 30 000 tani tashkil etishi kutilmoqda. Shu yilning may-sentabr oylarida subsidiya bo‘yicha 29 ming nafardan ortiq fuqaroga ijobiy xulosa taqdim etilgan. Hozirgacha jami 10 ming 537 nafar fuqaroga 337 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘i to‘lab berilgan.

2024 yilda ham bu yo‘nalishga alohida e’tibor berish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, kelgusi yilda aholi tomonidan uy-joylar sotib olishga 1,5 trln so‘m subsidiyalar ajratilishi belgilanmoqda.

 

Imtiyoz bor, muammo ham...

Albatta, islohotlar haqida uzoq gapirish mumkin, ularning samarasi xususida ham ko‘pdan-ko‘p misollar keltirsa bo‘ladi. Bugun sharoit, imkoniyat katta. Imtiyozlar ko‘lami keng. Ishlayman, uy-joy qilaman, yaxshi yashayman, turmushim obod bo‘ladi, degan kishi uchun barcha qulayliklar bor. Hammamiz buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz, atrofimizdagilar, qo‘ni-qo‘shnimiz yoki qarindoshimiz, tanigan, bilganlarimiz misolida ham guvohi bo‘lyapmiz.

Kechagina uy-joy qayg‘usida o‘ylanib yurgan qadrdonimiz, do‘stimiz yoki tanishimiz bugun shinamgina, obod va ozoda bo‘lgan o‘z uyiga mehmonga chaqiryapti. Necha yillar davomida ijarama-ijara yurib qiynalgan yurtdoshimiz imtiyoz orqali endi o‘z uyiga, makoniga ega bo‘ldi. Lekin tizimda yechimini kutayotgan muammolardan ham ko‘z yuma olmaymiz.

Deputatlarimizning aytishicha, saylovchilar bilan uchrashuvlarda uy-joy masalasida ko‘p murojaatlar bo‘ladi. Ayniqsa, kam daromadli, ko‘p bolali oilalar bu masalada qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Imtiyozlar bor, xususan, subsidiya asosida uy olish mumkin. Ammo aksariyat qurilish tashkiloti uy-joylarni subsidiyaga sotishni xohlamaydi. Yoki subsidiyaga beriladigan uylarning narxi juda qimmat baholanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda subsidiya olish bo‘yicha 29 ming nafardan ortiq fuqaroga ijobiy xulosa taqdim etilgan. Hozirgacha 10 ming nafardan ko‘proq fuqaroga 337 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘i to‘lab berilgan. 20 mingga yaqin fuqaroning qo‘lida subsidiyaga ruxsat bor, lekin uy topolmagan. Ya’ni, shuncha odam subsidiyadan foydalana olmayapti. Uy topilib, pul to‘lanmaguncha, fuqaroni subsidiya oldi, deya olamizmi?

Deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ham aynan ushbu masalalarda muammolar borligi ayon bo‘lyapti. Masala bevosita elektoratimiz manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun Xalq demokratik partiyasi faollari va deputatlari joylarda nazorat-tahlil ishlarini olib borishdi.

 

Boymurod YUSUPOV,

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Hozirgi kunda subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Davlat budjetidan subsidiya ajratish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lardan samarali foydalanish va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun bu muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Negaki, fuqarolar tomonidan subsidiyaga ariza topshirilganda ko‘p hollarda uy hali bitmagan bo‘lar edi yoki pudrat tashkiloti bilan bir kelishuvga kelinmasdi. Natijada subsidiyaning muddati o‘tib ketar edi. Bu cheklangan resurs hisobiga, boshqa uy-joyi bitgan, shartnoma qilgan fuqarolarning subsidiya olish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgan edi.

Hozir vaziyat boshqacha. To‘g‘ri, subsidiya xabarnomasini olgan fuqaroning pudratchi bilan tuzgan shartnoma muddati kechiksa, subsidiya xabarnomasi 4 oyda kuyadi. Muhim yangilik shundaki, fuqarolar bir necha bor ariza topshirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu cheklanmagan miqdorga o‘zgartirildi. Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsak, bundan keyin fuqarolarning xabarnomasi kuyib ketadigan bo‘lsa, qaytadan xabarnomani ko‘lga kiritish imkoniyati mavjud.

Ushbu masala bevosita partiyamiz elektorati manfaatiga aloqador bo‘lgani uchun biz bu borada o‘rganish olib bordik. Nazorat-tahlil davomida subsidiya olish masalasida hamma joyda muammo borligi oydinlashdi. To‘g‘ri, birlamchi bozordan subsidiyaga sotilishi ko‘rsatilgan uylar bor. Lekin atigi to‘rt yoki beshta pudratchi qurilish tashkiloti o‘z uylarini subsidiyaga ham sotishga rozi bo‘lmoqda. Kvartiralar soni esa juda cheklangan. Yana bir masala, quruvchi kompaniyalar subsidiyaga ega fuqarolar uchun shartnoma tuzmaslikka urinayotigan hollar ham uchrab turibdi.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratsak, bugungi kunda har bir kvadrat metr uchun eng arzon uy Qoraqalpog‘istonda (390 dollar), eng qimmati esa Toshkent shahrida (1251 dollar) qayd etilgan.

Toshkent shahri bo‘yicha uy-joy narxlari yangi uylar uchun o‘rtacha 1374 dollarni va ikkilamchi bozordagi uylar uchun o‘rtacha 1143 dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning iyun oyida yangi uylar uchun 953 dollarni, ikkilamchi bozordagi uylar uchun 861 dollarni tashkil etgandi. Bir yil ichida yangi uylarning narxi o‘rtacha 40 foizdan ko‘proq, ikkilamchi bozordagi uylar narxi esa o‘rtacha 33 foizdan ko‘proq qimmatlashgan.

Endi o‘ylab qaraylik, uy-joyga muhtoj fuqaro bir amallab subsidiya oldi ham deylik, keyin ikkinchi bosqich boshlanadi, ya’ni ajratilgan subsidiyaga mos uy topish mashaqqati. Chunki, Toshkent shahrida subsidiya hisobiga olinadigan kvartiraning narxi 416 million so‘mdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. Lekin shu va undan past narxga poytaxtdan yangi uy topishning qiyinchiligi katta. Bu muammo boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda.

 

Abror QURBONOV,

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Nazorat-tahlil davomida o‘rganilgan ushbu masala yuzasidan partiya faollari va deputatlardan iborat ishchi guruhi o‘z takliflarini tayyorladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Qurilish tashkilotlariga imkoniyat berildimi, albatta, uning natijasi bo‘lishi kerak.

Biz shunday xulosaga kelyapmizki, bu masalani parlamentda, partiyamiz fraksiyasida farmon ijrosiga mas’ul vazirlik va tashkilotlar bilan birga, muammolarni o‘rtaga qo‘yib, yechim topishimiz kerak. Chunki, fuqarolarda hukumat siyosatiga ishonchsizlik paydo bo‘lmasligi lozim. Hozirgi ko‘tarilayotgan muammolar fuqarolarda ishonchsizlik kayfiyatini paydo qilishi mumkin. Sababi, subsidiya xabarnomasini olgan fuqaro narxlarning sun’iy oshirilishi yoki bo‘lmasa boshqa ma’lum sabablar bilan subsidiyaga uy topolmayapti. Ijroda yuzaga kelayotgan muammolar uchun fuqarolar jabr ko‘rmasligini ta’minlash zarur. Bu masalani mutasaddi vazirlik-idoralar bilan birga muhokama qilib, me’yoriy hujjatlarga muammoni hal etishga xizmat qiladigan aniq o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashimiz talab etiladi.

Birinchi taklifimiz shuki, uy-joy quruvchi qurilish kompaniyalariga ma’lum miqdordagi xonadonlarni subsidiyaga ega fuqarolarga sotish ijtimoiy majburiyatini yuklash, bu borada ma’lumotlar ochiqligi va shaffofligini oshirish kerak.

Keyingi taklifimiz qurilganiga 5 yildan oshmagan ikkilamchi bozordagi uylarni ham subsidiya asosida xarid qilish imkoniyatini yaratish, bu borada me’yoriy hujjatlarga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish lozim. Albatta, bunda subsidiya mablag‘lari maqsadli ishlatilishi masalasini qat’iy belgilab qo‘yish zarur bo‘ladi. Bu subsidiya olishga ruxsatnomasi bo‘la turib, uy topolmayotgan fuqarolarga real imkoniyat yaratib berish uchun muhim.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 15.11.2023, №45

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish