Fraksiyamiz takliflarini o‘tkazdi
Fraksiyamiz takliflarini o‘tkazdi

 

ayrim savollarning javobi kechikadigan bo‘ldi

Davlat budjeti mablag‘lari millionlab soliq to‘lovchilar, umumxalq resurslari hisobidan shakllanadi. Uning maqsadli va albatta, to‘g‘ri sarflanishi barcha uchun manfaatlidir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2024 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Kecha Quyi palata majlisida ham ushbu masala ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Avvalroq O‘zbekiston XDP fraksiyasi majlisida deputatlar aholi manfaatlari hamda joylardagi murojaatlardan kelib chiqib, qator takliflarini ilgari surgan edi.

Xususan, birinchi o‘qishda 40 yoshdan oshgan fuqarolarni qandli diabet xastaligiga bepul tekshiruvdan o‘tkazish uchun mablag‘ ajratilishi bilan bog‘liq taklif bildirilgan edi. Mas’ullar buni inobatga olgan holda, ikkinchi o‘qishda mazkur amaliyot uchun 14 milliard so‘m yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Gepatit B va C xastaliklarini aniqlash uchun ham 12 milliardga yaqin mablag‘ ajratilishi qayd etildi.

Fraksiya a’zolari berilgan takliflar inobatga olingani uchun minnatdorlik bildirdi. Elektorat manfaati bilan bog‘liq takliflar, aniqlashtiruvchi savollar va fikrlar davom etdi.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Gepatit hamda qandli diabet bugungi kunda aholining salomatligiga xavf solib turgan ijtimoiy kasalliklar sirasiga kiradi. Ularni erta aniqlash va erta davolash bilan qamrab olish juda muhim. Bu masala Davlat budjeti loyihasidan joy olgani tahsinga loyiq. Lekin sog‘liqni saqlash sohasida yana boshqa yechimini kutayotgan masalalar ham bor.

Masalan, butun dunyoda aholi tibbiy sug‘urtasi aholi jon boshiga qarab moliyalashtirishga qaratiladi. Bizda aholi soni statistika bo‘limlaridan olinyapti. Ichki migratsiya hisobga olinmayapti. Birgina Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida ro‘yxatda turgan aholining soni boshqa, doimiy yashovchilar soni boshqa. Shu sababli davlatdan kafolatlangan xizmatlar, dori-darmonlar paketi doimiy yashaydigan fuqarolarga yetishmay qolish holatlari yuzaga kelyapti.

Toshkent viloyatida doimiy yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, tez tibbiy yordam va poliklinikalardagi shtatlar qisqarib ketdi. Natijada xizmat ko‘rsatishda ham kamchiliklar kuzatilyapti.

Statistik ma’lumotlar oldingi yili vafot etganlar ayirilib, tug‘ilganlar soni qo‘shilgan holda hosil bo‘ladi. Ammo poytaxtga va uning atrofiga aholi ko‘chib kelyapti, yashayapti, ishlayapti, o‘qiyapti. O‘z-o‘zidan odam ko‘payib boryapti.

Aholini hisoblash avvalgi tartibga ko‘ra, ya’ni tibbiyot muassasalarida ro‘yxatga olingan fuqarolar inobatga olinsa, real yashayotgan odamlar soni kelib chiqadi. Ana shunda ba’zi bir hududlarda doimiy yashovchilar ro‘yxatida turgan-u o‘zi yo‘q odamga mablag‘ ajratilishi va buning oqibatida boshqa joyda fond yetishmasligi holatlariga chek qo‘yiladi, deb o‘ylayman.

 

Anvar HASANOV,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:

— Biz ayni paytda statistikadan ma’lumot olishga majburmiz. Chunki elektron ro‘yxatni shakllantirish ishlari nihoyasiga yetmadi. Masalan, Sirdaryo viloyatida bu jarayon 95 foiz bajarildi va aniq raqamlar namoyon bo‘lmoqda. Aytaylik, Sirdaryo tumanida 2020 yilda 127 ming aholi bo‘lgani haqida ma’lumotlar taqdim etilgan. Vaholanki, joriy yilning fevral oyi holatiga ularning soni 127 ming nafarga yetgan. Elektron tizim yordamida real yashayotgan odamlar soni aniqlanmoqda. Agar elektronlashtirish tizimi tezroq yakuniga yetsa, bu masalaga oydinlik kiritiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Dilbar Mamadjanova Tashqi migratsiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalarini tashkil etish, jihozlash va saqlab turish uchun 35 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi bilan bog‘liq masalada savol bilan murojaat qildi. Vakolatxonalar qaysi davlatlarda va nechta ochilishini so‘radi. Deputatning savoliga kechga qadar yozma ravishda javob berilishi ma’lum qilindi.

Fraksiyamiz a’zosi Anvarxon Temirov ham ayni javobni oldi. Chunki 2024 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi masala ko‘rilayotgan bir paytda Transport vazirligidan vakil kelmagan edi.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Ikki hafta davomida savollarimizga javob bergan mas’ullarga minnatdorlik bildiraman. Ammo bir masala ochiq qolib ketmoqda. Birinchi o‘qishda ham Transport vaziri o‘rinbosariga avtombil yo‘llar qo‘mitasiga ajratilayotgan 5 trillion 400 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ va uning taqsimoti bilan bog‘liq masalada murojaat qilgan edim. Masalan, 2 trillion 400 milliard so‘m ijtimoiy ishlab chiqarish, infratuzilma, ko‘priklar uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu summa qancha ko‘prik qurish va ta’mirlashga yetadi?..

Respublika bo‘yicha ko‘priklarning yaroqliligi va yaroqsizligiga nisbatan olinganda ajratilayotgan mablag‘ kam. Ayni paytda foydalanilayotgan ko‘priklarning 70 foizi o‘tgan asrning 70 yillarida qurilgan. Og‘ir yuk tashiydigan transport vositasi o‘tsa yoki umuman, yuklamasi ortib ketsa, ularning birortasi qulab tushmasligiga kim kafolat bera oladi?.. O‘tgan yili shu kabi holatga hammamiz guvoh bo‘ldik. Yoxud Qamchiq dovonidagi ko‘prikning yarmi bitgan, qolgani turibdi. Buning sababi mablag‘mi yoki boshqa narsa – bilmadim. Lekin boshlangan ish nihoyasiga yetkazilishi kerak.

Shuningdek, shaharlar yoki tumanlarni bir-biriga bog‘lovchi 385 ta ko‘prik 2023 yilda yaroqsiz, deb topilgan. Mablag‘ taqsimotida ushbu jihatlar e’tiborga olinganmi? Qancha ko‘prik ta’mirlanadi yoki quriladi? Imkoni bo‘lsa, shuni oydinlashtirib berishingizni so‘rayman.

 

JAVOB:

Farrux HAKIMOV,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i:

— Vazirlar Mahkamasining sentabr oyidagi rayosati bilan obyektlar kesimida ro‘yxat tasdiqlangan. Birinchi navbatda joriy yilda yakuniga yetmaganlari inobatga olingan. 142 ta obyekt mavjud va buning uchun 2 trilliondan ortiqroq summa yo‘naltiriladi. Ro‘yxatini sizga keyinroq taqdim qilamiz.

Yig‘ilishda, shuningdek, QVPlarning holati, subsidiya bo‘yicha savollar bilan murojaat qilindi. Bu boradagi masalalarga aniqlik kiritilishi haqida takliflar bildirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ham ushbu masala ko‘rib chiqildi. Unda deputatlar partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, savollar berdi, takliflar bildirdi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Qonun loyihasiga ko‘ra, 2024 yildan boshlab har bir mahalla o‘z budjetiga ega bo‘lishi belgilanyapti. Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer va mol-mulk solig‘idan 10 foizi ularda qoldirilishi ham qayd etilmoqda. Bu har bir mahalla o‘rtacha o‘zining 100 million so‘m budjetiga ega bo‘lishini anglatadi va bu yildan yilga oshib boradi.

Mablag‘larning o‘z vaqtida va manzilli sarflanishi bo‘yicha mahallalardagi bugungi boshqaruv tizimi talabga javob beradimi?

 

JAVOB:

Abdulaziz HAYDAROV,

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari:

— Bugugi kunda mahalla tizimini takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi tayyorlangan. Unga ko‘ra, moliyalashtirish tizimi tubdan o‘zgaryapti. Bugungi kunda mahallaning faoliyati mahalliy budjetdan moliyalashtirilayotgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra esa bu jarayon Oliy Majlis huzuridagi NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur yo‘nalish ham ikkita qismga bo‘linadi. Birinchisi, mahalla faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish bo‘lsa, ikkinchisi, yuqorida aytgan manbalardan jamlangan mablag‘larni sarflash tartibi belgilanmoqda. Qaror loyihasida bu jarayon tizimli ravishda qanday amalga oshiriladi, mablag‘lar qayerda jamlanadi, kim taqsimlaydi kabi masalalar ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuni aytish kerakki, mahalla fuqarolar yig‘inlari mablag‘larni taqsimlash yoki moliyalashtirish bilan umuman shug‘ullanmaydi. Bu yerda mahalla uyushmasi degan boshqaruv tizimi yaratilyapti. Bu yangi tuzilma bo‘lib, vertikal usulda ishlaydi. Ya’ni, respublika, viloyat hamda tuman (shahar) boshqaruviga ega bo‘ladi. Jamoat fondi mablag‘lari uyushmaga yetkaziladi. Uyushma esa elektron platforma orqali shakllanadigan to‘lov tizimi orqali mablag‘larni moliyalashtirib beradi. Nazorat tizimi ham tartibga solinadi. Shu sababli, bu borada biror muammo yuzaga kelmaydi, deb o‘ylaymiz.

 

Jamshid QO‘CHQOROV,

Iqtisodiyot va moliya vaziri:

– To‘g‘ri tushungan bo‘lsam, mahalla budjetiga ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri ishlatiladimi, xatoliklarga yo‘l qo‘yilmaydimi, degan savol berildi. Birinchidan, mahalla budjetining hisob raqami g‘aznachilikda bo‘ladi. Har bir ishlatilgan pul nazorat shaklida yuritiladi. Masalan, mahalla o‘z budjetidan biror bir xarajat qilmoqchi bo‘lsa, hamma tashkilotlarga o‘xshab, to‘lov shartnomasini ko‘tarib yurmaydi-da, faqatgina o‘z “ettiligi”ning qarorini olib, berib yuboradi. Ana shu qarorga asosan, g‘aznachilik qolgan masalalar bilan o‘zi shug‘ullanadi. Hech kimni ayblamagan holda, aytmoqchimanki, agar biror bir xatolik yoki boshqa bir shubhali holatlar bo‘lsa, g‘aznachilikdan o‘tmaydi u.

Ikkinchisi esa mahallalar budjeti pulini nimalarga ishlatish bo‘yicha nizom ishlab chiqilyapti. Unda hamma yo‘nalishlar aniq ko‘rsatib qo‘yiladi. 2024 yilda bu katta pul bo‘lmaydi. Aynan siz bergan savoldagi xavotir sabab oz-ozdan boshlashni qaror qilganmiz. Mablag‘ni yildan yilga ko‘paytirib borish bilan mahalladagi odamlarning ham ularni sarflash bilan bog‘liq malakasi ortib borishiga umid qilamiz.

Xalq demokratik partiyasi Davlat budjetida ko‘zda tutilgan ijtimoiy xarajatlarning aniq maqsadli bo‘lishi ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish, mazkur yo‘nalishda ijro hokimiyati bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qizg‘in muhokamalardan keyin kelgusi yil uchun Davlat budjeti loyihasini qo‘llab-quvvatladi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 22.11.2023, №46

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish